avatar
Куч
573.04
Рейтинг
+238.83

Jumayev Zafar Zarifovich

Сараланган

Tibbiy xizmat namunali yo‘lga qo‘yiladi

Umid nihollari-2015
Спорт
Xorazmda bo‘lib o‘tadigan «Umid nihollari-2015» sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha viloyatda 16ta ishchi guruhi shakllantirilgan bo‘lib, ularning har birida ishlar qizg‘in olib borilmoqda.

Musobaqa ishtirokchilarining yashashi, ovqatlanishi va bellashuvlar o‘tadigan inshootlarda tibbiy va sanitariya xizmatini tashkil etish kabi yumushlarga javobgar ishchi guruhi faoliyati bilan tanishish maqsadida «Umid nihollari-2015» bosh shtabiga bordik. U yerda bizni 1-oilaviy poliklinika bosh shifokori o‘rinbosari Allanazar Allanazarov qarshi oldi.

— Ishtirokchilarning shodon kayfiyatini bir maromda ushlab, jismoniy salomatligini yaxshilash vazifasi bizning guruh zimmasiga tushgan, — dedi suhbatdoshimiz. — Tibbiyot xodimlariga zaruriy tibbiy anjomlar bilan jihozlangan «Hunday» rusumli avtomobillar berildi.

Ishimiz mehmonlarni Amudaryoning Cholish ko‘prigi, Urganch xalqaro aeroporti va Urganch temiryo‘l vokzalida kutib olishdan boshlanadi. Musobaqalar o‘tkazilib, mehmonlar o‘z uyiga kuzatilgunga qadar ishimiz davom etadi.

Ishtirokchilar turadigan har bir yotoqxonaga bittadan «Tez tibbiy yordam» mashinasi biriktirildi. Ular belgilangan joyda kechayu kunduz xizmatga shay turadi. Har bir mashinada bir nafar shifokor, hamshira va haydovchidan iborat kichik guruh ikki smenada ishlaydi.

Suhbatga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari G‘ayratjon G‘oipovni ham tortdik.
— Musobaqalar davomida ushbu guruhga jalb etiladigan tibbiyot xodimlariga belgilangan yo‘riqnoma taqdim etilgan, vazifasi aniq-tiniq qilib tushuntirilgan, — dedi u. — Sportchilar joylashadigan binolarda tibbiyot xonasi mavjud. 32 turdagi tibbiyot anjomlari, 34 turdagi dori-darmon vositasi keltirildi. Barcha yotoqxonalarda shifokorlarning tungi navbatchiligi yo‘lga qo‘yiladi.

Qolaversa, musobaqalarning tantanali ochilish va yopilish marosimlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan «Olimpiya» o‘yingohi to‘rt tomonida 4ta reanimobil tibbiy xizmatga tayyor turadi. O‘yingoh ichkarisida ham tibbiy post tashkil etiladi.