Chingiz Ahmarov
Toshkent shahrining qoq markazida qad rostlab turgan Alisher Navoiy nomidagi Katta akademik opera va balet teatrining salobatli binosi, uning zal devorlariga ishlangan bezaklar va rasmlarda o‘zbek milliy san’atidagi yorqin va o‘ziga xos tasviriy vositalar jahon tasviriy san’atida o‘zining hayotiyligi, badiiy talqini, mujassamoti, yaratilgan obrazlarining haqqoniyligi, go‘zal va barkamolligi bilan ajralib turadi. Bu bino devorlariga ishlangan tasvirlar uning muallifi – o‘zbek zamonaviy mahobatli rangtasvirining asoschisi Chingiz Ahmarovni dunyoga tanitdi.
O‘zbek milliy tasviriy san’atini yuksak pog‘onalarga ko‘tarishdagi ulkan xizmatlari uchun rassom O‘zbekiston xalq rassomi unvoniga, Hamza nomidagi Davlat mukofotiga muyassar bo‘lgan mo‘yqalam sohibidir…
Chingiz Ahmarov Ural tog‘i yaqinidagi Troitsk shahrida dunyoga keldi (1912 – 1995). Uning rasm chizishiga, xususan Yaqin Sharq va O‘rta Osiyo xalqlarining hayoti va ijodiga bo‘lgan qiziqishiga otasi Abdurahmon hoji sababchi bo‘lgan. 1927-yili Ahmarovlar oilasi Qarshi shahriga ko‘chib keldi, 1930-yilda esa Samarqandga ko‘chib o‘tdi. Yosh Chingizga Pavel Benkov va Zinaida Kovalevskaya singari taniqli mo‘yqalam sohiblari ustozlik qildi.
Rassom avval Permtasviriy san’at bilim yurtida, keyinroq Moskvadagi Surikov nomidagi Moskva Oliy badiiy institutida ta’lim oldi. Ayniqsa Moskvadagi talabalik yillari rassom sifatida shakllanishida muhim o‘rin tutdi. Bunda ustozi rassom I.Grabar ham o‘z mehnatini ayamadi. Ahmarovning ijodiy faoliyati urush yillariga to‘g‘ri keldi. 1942-yilda «O‘zbekiston qilichi» uch qismli triptixini yaratdi. Unda ulug‘vorlik, vatanparvarlik, ko‘tarinki kayfiyat badiiy ifodasini topdi, qahramonlar keng ko‘lamda ulkan tarzda tasvirlangani rassomning muvaffaqiyatini ta’minladi. Navoiy teatri bunyod etilgach, undagi mahobatli bezak ishlari Chingiz Ahmarovga topshirildi. 1944–47-yillarda rassom devoriy rasmlarni ishlab nihoyasiga yetkazdi. Teatr binosining birinchi qavatidagi markaziy foyeda 4 go‘zalning siymosini aks ettirgan rassom ularda san’atlar timsolini mujassam etgan. Go‘zallarning biri raqs tushmoqda, ikkinchisi soz chalmoqda, boshqasi musavvirlik bilan mashg‘ul...
Ikkinchi qavatdagi devorlarga ishlangan eng yorqin va jozibali lavhalarga Alisher Navoiyning «Xamsa» dostonlaridan muhim voqealar asos qilib olingan. Badiiy merosimiz an’analarining uzviy davomi sifatida namoyon bo‘lgan o‘ziga xos milliyligi, xalqchilligi, tasvirlarda aks etgan qahramonlarning tana tuzilishi va qiyofasi, holati, ichki va tashqi jihatdan go‘zalligi haqida tasavvur beradigan xususiyatlar qadimgi qo‘lyozmalar, xalq dostonlarida ko‘rsatilgan, aytilgan, orzu qilingan tasavvurga yaqin. Lekin rassom teatrdagi devoriy rasmlarni ishlash jarayonida miniatyura san’atidan ta’sirlangan, unga badiiy meros sifatida ijodiy yondoshib, undan ilhomlangan. Bu asarlari uchun rassom Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Mahobatli rangtasvir ustasi sifatida tanilgan rassom bir qator ishlarni bajardi. Samarqanddagi Ulug‘bek memorial muzeyi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi va metro bekati, Amaliy san’at muzeyi devorlarini namoyon va rasmlar bilan bezadi.
Chingiz Ahmarov mahobatli devoriy rasmlardan tashqari portretlar, nozik qalamsuratlar, kitoblarga bezaklar chizishda ham katta mahorat egasi ekanligini namoyish etdi. Uning «Xalq artisti Mukarrama Turg‘unboyeva», «Shoira Zulfiya» kabi asarlari ko‘rgazmalarda namoyish etilgan, oliy mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Portretlardagi ranglar, chiziqlar nafis va tiniq. «Shoira Zulfiya» portreti tempera bilan ishlangan (moybo‘yoq kabi tovlanmaydi, balki jilosiz, mayin), to‘q kulrang, sarg‘ish tuslarga boy oq rang rassomning niyatini amalga oshirishga yordam bergan.
Rassom Chingiz Ahmarov ko‘pgina asarlari bilan ko‘rgazmalarda ishtirok etib el olqishiga sazovor bo‘lgan. Rassom asarlarini jahon muzeylarida ko‘rish mumkin. Rassomning shogirdlari ko‘p. Ular hozirgi kunda ustozlarining ishini davom ettirmoqdalar, uning o‘ziga xos tasviriy usulini rivojlantirmoqdalar.
Изоҳлар (0)
RSS ўгириш / айлантиришРўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.