Axborotlashgan jamiyat

Mamlakatimizda  axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish  jarayoni izchil davom ettirib kelinmoqda. Eng avvalo, O‘zbekistonda mazkur sohani tartibga soluvchi mukammal qonunchilik bazasi yaratilganini alohida ta'kidlash joiz.


 


Shu bilan birga, bugun dunyoda shiddat bilan kechayotgan globallashuv sharoitida AKT sohasining keskin taraqqiy etib borishi kuzatilayotganligi, ilg‘or davlatlarning ushbu soha rivojiga alohida e'tibor qaratayotgani bejiz emas.


 


Darhaqiqat, hozirgi davrda AKT orqali uzatiladigan axborot jamiyat rivojining eng muhim shartlaridan biri bo‘lib qoldi. U ishlab chiqarish resursi, insonlar orasidagi aloqani ta'minlovchi qudratli vositaga aylandi. Shu bois, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, umuman, jamiyatning axborot uzatish tezligi hamda sifatiga bo‘lgan talablari kun sayin ortib bormoqda.


 


AKT sohasini jadal sur'atlar bilan taraqqiy ettirish O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar hamda iqtisodiy islohotlarning bosh yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki bu yo‘nalish nafaqat respublikani axborotlashgan jamiyatga aylantirish uchun xizmat qiladi, balki mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal sur'atlar bilan rivojlantirishda o‘ziga xos yetakchi tarmoq — «lokomotiv» rolini o‘ynaydi.


 


Dasturiy vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimizda komputer va axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va ma'lumot uzatish tarmoqlarini, internet xizmatlarini rivojlantirish va zamonaviylashtirish, ularni dunyo standartlari darajasiga yetkazish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.


 


Albatta, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida bo‘lgani kabi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, o‘z navbatida, ushbu sohaning huquqiy asosini shakllantirish va takomillashtirib borishni taqozo etadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda mazkur sohada samarali huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.


 


O‘tgan davr mobaynida sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan 11ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3ta farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining 40dan ortiq qarorlari va 300dan ortiq idoraviy qonunosti hujjatlari qabul qilindi.


 


Mustaqillik yillarida yaratilgan  keng huquqiy maydon mamlakatimizda siyosiy modernizatsiya jarayonlarida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal sur'atlarda rivojlanishi yo‘lida qulay imkoniyatlar yaratmoqda.


 


Jamiyatni axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish maqsadida 2003-2004 yillarda «elektron» qonunlar bloki qabul qilindi. Bular «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi, «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi va «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlaridir. Mazkur qonun hujjatlarini ishlab chiqishda ushbu sohadagi xalqaro huquqiy me'yorlar hamda bir qator rivojlangan davlatlarning tajribalari ham atroflicha o‘rganilib, milliy qonunchiligimizga maqbul jihatlari uyg‘unlashtirildi.


 


Ushbu qonunlarning qabul qilinishi va joylarda ularning ijrosi ta'minlanishi, o‘z navbatida, ish yuritish madaniyatining elektron ko‘rinishi shakllanishiga, masofa qisqarishiga, vaqt tejalishiga hamda iqtisodiy samaradorlikning oshishida muhim omil bo‘ldi. Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal sur'atlarda rivojlanishi elektron hujjat aylanishi, elektron raqamli imzo, elektron tijorat, elektron to‘lovlar kabi yana bir qancha yangi xizmat turlarining shakllanishiga, jumladan, tadbirkorlarimizga masofadan turib dunyoning xohlagan mamlakatidan o‘ziga hamkor topish va tijorat ishlarini yuritishiga keng yo‘l ochdi.


 


Mamlakatimiz milliy iqtisodiyotida yangi yo‘nalish hisoblangan mazkur tizimlarning tez sur'atlarda taraqqiy etishining yana bir omili — bu axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini raqamlashtirish darajasining ortishi, xususan, xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanishning umumiy tezligi o‘tgan yilga nisbatan 61 foizga oshib, bugungi kunda 7780 Mbit/s.ni tashkil etayotgani va ulardan foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganligidadir. Shuningdek, joriy yil boshida ma'lumotlar uzatish, jumladan, internetga ulanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik subyektlarining soni 930taga yetgan bo‘lsa, jamoaviy foydalanish maskanlari 1063tani tashkil etdi.


 


Xorijiy mamlakatlar tajribasidan ma'lumki, elektron tijoratning shiddat bilan rivojlanishiga internetdan foydalanuvchilar soni aholining 20-25 foizini tashkil etgandagina erishish mumkin. Bugungi kunda mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni 10 millionga yetgani elektron tijoratning kelgusidagi yorqin istiqbolidan darak berib turibdi.


 


O‘zbekistonda elektron hujjatlarga huquqiy mavqe beruvchi «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi, shubhasiz, elektron hujjat aylanishi tizimini rivojlantirishga ko‘maklashib, davlat hokimiyatining turli idoralari o‘rtasidagi hujjat aylanishini avtomatlashtirishga qulay imkoniyat yaratmoqda. Elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish o‘zaro axborot almashinuvi darajasi va sifatini oshirishga, axborot izlash samaradorligi o‘sishiga, katta hajmdagi ma'lumotlar bilan ishlash va ulardan foydalanishga ko‘maklashib, qog‘ozli hujjat aylanishi ulushining kamayishiga yordam bermoqda. Ushbu qonun elektron hujjatning huquqiy maqomini va uning rekvizitlarini aniqlagan bo‘lib, elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarini, elektron hujjatni olish, jo‘natish, ularni saqlash va muhofaza etish tartibini belgilab berdi.


 


«Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo va qog‘ozdagi shaxsiy imzo teng kuchga ega ekanligini ta'minlab berdi. Natijada yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan internet tarmog‘idan foydalangan holda kerak bo‘lgan barcha hisobot formalari va boshqa ma'lumotlarni elektron ravishda interaktiv holda olish hamda soliq va statistika hisobotlarini topshirish imkoniyatini yaratdi. Bu tizim kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining vaqtini tejash, davlat xizmatchilari bilan bevosita muloqot uchun navbat kutish yoki soliq hisobotlarini to‘ldirishdagi xato va kamchiliklarni tuzatishga emas, balki o‘z tadbirkorlik ishlarini rivojlantirishga sarf etishlariga imkon bermoqda.


 


Shuningdek, mazkur qonunning qabul qilinishi va ijrosining ta'minlanishi natijasida respublikamizda 9ta elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazlari tashkil etildi. Agar elektron raqamli imzo kalitlari soni 2006 yilda 93tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib 300 mingtadan ortib ketdi.


 


Shu bilan bir qatorda, mijozlarga yangi xizmat turlarini ko‘rsatishning huquqiy asoslari kafolatlab qo‘yildi. Bu bilan iqtisodiyotimizga «Paynet» kabi elektron to‘lovlar xizmatini ko‘rsatuvchi muassasalar kirib keldi, «SMS-banking»,«Internet-banking» kabi yangi elektron to‘lov xizmatlari joriy etildi. Endilikda ushbu xizmatlar sharofati bilan mijozlar kommunal, mobil aloqa va internet xizmatlarini hisob-kitob qilib, uy-ro‘zg‘or mollarini internet orqali sotib olishmoqda.


 


2005 yildan boshlab O‘zbekistonda davlat organlarining internetdagi rasmiy veb-saytlari ochilishi tatbiq etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Axborotlashtirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish to‘g‘risida»gi 256-qarori bilan ushbu saytlarga asosiy talablar belgilangan bo‘lib, unda saytlarni to‘laqonli rasmiylashtirish, undan foydalanish va yangilash maqsadida veb-saytda joylashtiriladigan zaruriy axborotlar ro‘yxati, mazmuni va boshqa kerakli shartlarga nisbatan xalqaro standartlar aniq shakllantirildi.


 


Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish vositasida jismoniy va yuridik shaxslar bilan o‘zaro tezkor hamkorligini ta'minlash, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan keng foydalanilishni ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2007 yil 23 avgustda «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro hamkorligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilinib, u bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.


 


Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, davlat va jamiyat qurilishi sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2012 yil 21 martda «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy qilish va rivojlantirish choralari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Unda davlat organlari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning axborot tizimlarini bosqichma-bosqich integratsiya qilish asosida Milliy axborot tizimi shakllanishini ta'minlash, interaktiv davlat xizmatlari sifatini yaxshilash va ularning ro‘yxatini kengaytirish, milliy axborot tizimida axborot xavfsizligini ta'minlash va boshqa qator vazifalarni ko‘zlab, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy qilish va rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilab berildi.


 


Shuhrat Dehqonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati,


Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a'zosi

Изоҳлар (0)

RSS ўгириш / айлантириш

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.