топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Xirurgiyаning dolzarb muammolari mutaxassislar nigohida

Поддержка акций ZiyoNET
Илм-фан
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti, Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida tashkil etilgan “Xirurgiyaning dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyaning tantanali ochilish marosimi Andijon shahridagi Z.M. Bobur nomli viloyat musiqali drama  va komediya teatrida bo‘lib o‘tdi.
 
  
    Tadbirni  Andijon davlat tibbiyot instituti rektori vazifasini bajaruvchi, professor Madaminjon Madazimov ochib berdi. Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Serobiddin Ismoilov anjuman qatnashchilarini samimiy tabriklab, mamlakatimizda, xususan, Andijon davlat tibbiyot instituti  klinikasining moddiy texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, malakali kadrlar  masalasiga qaratilayotgan e’tibor to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi. Aholi salomatligini saqlash va mustahkamlashda tibbiyot xodimlarining o‘rni muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Saydmurod Saydaliev so‘zga chiqib, nufuzli darajada o‘tkazilayotgan mazkur konferensiya doirasida to‘xtalib, Sog‘liqni saqlash vazirining tabrigini o‘qib eshittirdi va anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.
  
     Kun tartibidan o‘rin olgan dolzarb mavzular bo‘yicha xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan sohaning yetakchi mutaxassislari hamda mamlakatimiz nufuzli klinikalarining olim va professorlari ma’ruza qildilar. Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi direktori, professor Feruz Nazirov “ Zamonaviy texnologiyalar yordamida jigarning anatomik rezeksiyasi CUSA Excel” va “Forse Triad” mavzusida chuqur to‘xtalib, slaydlar asosida operatsiya jarayonlarini namoyish etib berdi. Chet ellik soha mutaxassislaridan germaniyalik professor Gunnar Shtrote “O‘zbekistonda tibbiy asbob-uskunalarini boshqarish tajribasi”, rossiyalik professor Vitaliy Bejenar “Ginekologik patologiyalarda yuqori texnologik tashrixlar”, Vizbaden universiteti professori Salmay Turial “Bolalar kam invaziv jarrohlik amaliyotlari: imkoniyat va chegaralar”, Moskvadan kelgan professor Mirab Mgaloblishvili “Endoginekologiya uchun Karl Shtors firmasining uskuna va anjomlari”, Sankt-Peterburglik professor Igor Bakulin  “Jigarning xolestatik kasalliklari: diagnostika va davolash algoritmi”,   Xarkov milliy universiteti professori Valeriy Vyun “Xarkov milliy tibbiyot universitetida diplomdan keyingi ta’lim shakllanishining tarixiy jihatlari” mavzularida taqdimot ma’ruzasini qildilar. Shuningdek, akademik  V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining malakali mutaxassislari A.Devyatov hamda Sh. Akbarovlar ham  ish faoliyatida qo‘llab kelayotgan xirurgik kasalliklar, ularni to‘g‘ri tashxislash va  samarali  davolash masalalariga qaratilgan ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
         
     Plenar kengash davomida olib borilgan ma’ruzalar o‘zining dolzarbligi va aholi salomatligini saqlashda muhim omil ekanligi, shu bilan birga xirurgik operatsiyalarni, ayniqsa, laporoskop tibbiy asboblarida  amalga oshirilayotgan murakkab amaliyot jarayonlarini muvaffaqiyatli o‘tkazilayotganligi ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi.
  
      Kunning ikkinchi yarmida tadbir qatnashchilari Andijon davlat tibbiyot institutining ilmiy kengashlar zali va ma’ruzalar zallarida guruhlarga bo‘linib, xirurgik yo‘nalishdagi dolzarb mavzular bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar. Barcha guruhlarda sohaga oid, ya’ni, torakal va yurak qon-tomir jarrohligi, abdominal jarrohlik, xirurgiyada yangi progressiv texnologiyalar mavzusida ma’ruzalar qilindi. Unda xorijiy hamda mahalliy  mutaxassislarning  ma’ruzalari tinglandi.
 
     Salmay Turial, germaniyalik professor:- O‘zbekistondagi bunday nufuzli anjumanlarda ko‘p  marotaba ishtirok etganman. Bugungi konferensiya ham yuqori saviyada o‘tyapti. O‘zbekistonda tajribali va malakali mutaxassislar juda ko‘p.  Tibbiyot sohasida yutuqlar bilan bir qatorda ayrim viloyatlarda muammolar ham yo‘q emas… Shuning uchun kelgusida  o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarimiz juda ko‘p. O‘ylaymanki, o‘zaro hamkorliklarimiz o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsataveradi.
Feruz Nazirov, akademik V.Vohidov nomidagi  respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi direktori, professor:- Andijon viloyatiga, xususan, ADTI klinikasiga   keltirilayotgan zamonaviy asbob-uskunalar, bu yerda amalga oshirilayotgan murakkab operatsiya jarayonlariga o‘zim ishtirok etganman. ADTI klinikasida olib borilayotgan bunday tashrixlar, mahorat darslari, uchrashuvlar soha mutaxassislari uchun katta maktab bo‘lmoqda.  Biz akademik V.Vohidov ishini davom ettirayotganimizdan, mamlakatimizda uning ko‘plab izdoshlari yetishib chiqayotganligidan faxrlanishimiz kerak. Jarrohlar uchun “Vohidov o‘qishlari”, mahorat darslari o‘tkazilmoqda. Murakkab xirurgik operatsiyalar eng zamonaviy asbob-uskunalar yordamida amalga oshirilmoqda. Bunday operatsiya jarayonlari respublikamiz viloyatlarining chekka hududlariga yetkazish, u yerdagi mutaxassislar malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa soha mutaxassislari uchun katta maktab vazifasini o‘taydi.
 
         Xirurgiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan mazkur anjuman yuksak ilmiy ruhda savol-javoblar va muhokamalarga boy tarzda bo‘lib, katta amaliy ahamiyat kasb etdi. Mutaxassislar, ordinator va magistrlar bu  tadbirdan katta taassurot, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.