топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Navoiy va boburning mangu meroslari

Поддержка акций ZiyoNET
Илм-фан
Bu yil fevral oyida buyuk ajdodimiz, she’riyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 576 hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligi mamlakatimiz bo`ylab har bir tashkilotda keng nishonlandi. 

Qator adabiyotlarda, darsliklarda bayon etilganidek, Nizomiddin Mir Alisher 1441 yilning 9 fevralida Hirotda tug`ilganini yaxshi bilamiz. Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli o`g`li bilan ko`kaldosh (emikdosh) bo`lib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruhning xizmatida bo`lgan. Otasi G`iyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi Qobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi. Alisher Navoiyning bolaligi Shohrux hukmronligining so`nggi yillariga to`g`ri kelgan. U temuriyzodalar, xususan bo`lajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi she’rlarni o`qib, yod ola boshlagan. O`zbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallagan. 1447 yil 12 martda mamlakat podshohi Shohrux vafot etgach, taxtga da’vogarlar orasida o`zaro kurash boshlanadi. Navoiylar oilasi o`z tinchligini ko`zlab, Iroqqa ko`chishadi. Taf shahrida Alisher mashhur «Zafarnoma» tarixiy asari muallifi, shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Bu uchrashuv bolada yorqin iz qoldiradi. G`iyosiddin Bahodir oilasi Hirotga, qariyb ikki yil muddat o`tgach, qaytadi. Abulqosim Bobur G`iyosiddin Bahodirni Sabzavor shahriga hokim qilib tayinladi. Alisher Navoiy Hirotda qolib o`qishni davom ettirdi. U she’riyatga g`oyat qiziqdi, Sharq adabiyotini qunt bilan o`rgandi. Oila muhiti bolaligidayoq unda adabiyotga zo`r havas tug`dirgan edi. Tog`alari Mirsaid – Kobuliy, Muhammad Ali G`aribiy yetuk shoir edilar. Alisher Navoiylar uyida shoirlar tez-tez to`planishib, mushoira qilishar, adabiyot va san’at haqida suhbatlashar edilar.
Alisher 10-12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Navoiyning iste’dodidan mamnun bo`lgan mavlono Lutfiy, uning:
 
Orazin yopqoch, ko`zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo`ylakim, paydo bo`lur yulduz, nihon bo`lg`ach quyosh
 
matla’li g`azalini tinglab: «Agar muyassar bo`lsa edi, o`zimning o`n-o`n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g`azalga almashtirardim...» degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiyda Navoiy, forsiyda Foniy taxalluslari bilan yozgan.
Alisher Navoiy 13-14 yoshlarida otasi hayotdan ko`z yumadi. Uni Abulqosim Bobur o`z tarbiyasiga oladi, katta badiiy iste’dodi uchun g`oyat e’zozlaydi. 1457 yilning bahorida to`satdan Abulqosim Bobur ham vafot etdi. Xurosonni Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said egallaydi va poytaxtni Samarqanddan Hirotga ko`chiradi. Husayn Boyqaroning taxtni egallash yo`lidagi birinchi raqibi – Abu Said edi. Alisher Navoiy oilasining xohish-rag`bati Husayn tomonda bo`lib, bu avvalo ularning oilaviy yaqinliklari bilan izohlanardi, bundan yangi hukmdor ham yaxshi xabardor edi. Bu vaqtda mamlakatda taniqli shoir bo`lib qolgan Navoiyni Abu Said ta’qib qilib, Hirotdan chiqarib yuboradi. 1469 yil boshlarida Sulton Abu Said Qorabog`da o`z askarlari tomonidan o`ldiriladi. Ko`pdan buyon shunday vaziyatni kutib yurgan Husayn Boyqaro zudlik bilan kelib, Hirot taxtini egallaydi. Alisher Navoiy ham Hirotga keladi.
      Husayn Boyqaro 1472 yilning fevral oyida uni o`z saroyining bosh vaziri qilib tayinlaydi va unga «Amiri kabir» unvonini beradi. Alisher Navoiy yangi lavozimda avvalo butun kuchini mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o`rnatishga qaratdi. Vaqf ishlarini tartibga solishga kirishdi. Shaharlarda savdo-sotiq, hunarmandchilikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Alisher Navoiy sa’yi harakati bilan qishloqlarda dehqonchilik madaniyati o`sib boradi. Shaharlar, xususan Hirot kun sayin obod bo`la boshlaydi. 
Bu davrlarda Hirotda adabiy hayot jo`sh urgan. 1470 yillarning oxirlarida Alisher Navoiy o`zining o`zbek tilida yozgan she’rlaridan iborat ilk devoni – «Badoye’ ul-bidoya»  («Badiiylik ibtidosi»)ni tuzdi.
Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodi faqat o`zbek adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o`ringa ega. Navoiy lirik, epik va falsafiy asarlari bilan XV asr adabiyotida chuqur iz qoldirdi. Ulug` shoirning asarlari hayotlik davridayoq Xitoydan tortib Kichik Osiyogacha yetib bordi va hozirda butun dunyo xalqlari ham sevib o`qishmoqda.
«Xamsa» dostoni Navoiy ijodining durdonasi sanaladi. O`zbek tilida «Xamsa» – besh doston yaratish maqsadi yoshligidan bo`lgan. Bu maqsadini 1483-85 yillarda amalga oshirdi. Asar o`zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahon adabiyotining durdonalaridan biriga aylandi. Yana uning «Tarixi muluki Ajam», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Risolai muammo», «Majolis un-nafois», «Munshaot», «Mezon ul-avzon», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Nasoim ul-muhabbat», «Devoni Foniy», «Lison ut-tayr», «Muhokamat ul-lug`atayn», «Mahbub ul-qulub», «Nazm ul-javohir», «Tarixi anbiyo va hukamo», «Siroj ul-muslimin», «Arbain» kabi bebaho asarlarini ham asrlar osha ajdodlarimiz katta qiziqish, zo`r ehtirom bilan o`qib-o`rganib kelganlar. Bu shoh asarlardan bugungi va kelgusi avlodlar ham bahramand bo`laveradilar.
O`zbekiston istiqlolga erishish arafasidayoq mamlakatimizda 1991 yil – “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilinishi zamirida olamcha ma’no mujassam. Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek, ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg`usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Bu bebaho merosni o`rganish, undan xalqimizni yanada keng bahramand etish, yosh avlod ongu shuuriga buyuk ajdodimiz adabiy-ma’naviy merosini jo etish ham farz, ham qarzdir.
Atoqli adib Oybekning “Navoiy” va Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” (“Bobur”) romanlarini teran nigoh bilan o`qisandiz, bu buyuk ajdodlar ko` o`ngizda ruhan namoyon bo`ladi. 
Ma’lumki, Jahon tamadduni rivojiga o`z hissasini qo`shgan Zahiriddin Muhammad Bobur 1482 yil Farg`ona vodiysining Andijon viloyatida tavallud topgan. Uning otasi Umar Shayx Mirzo temuriylar sulolasiga mansub bo`lib, Abu Said Mirzoning o`g`illaridan biri, Farg`ona hukmdori edi. Bolalik davri temuriylar davridagi ichki siyosiy nizolar avj olgan davrga to`g`ri kelgan bo`lsa-da, u o`zida vatanparvarlik, insonparvarlik, adolatlilik kabi bir qancha ijobiy hislatlarni namoyon eta oldi.
Sohibqiron Amir Temur avlodlari ichida Farg`ona vodiysi ahlining juda ko`p fazilatlarini o`zida mujassam etgan shaxs buyuk, ajdodlarimizdan biri Zahiridin Muhammad Bobur hayoti va ijodi qariyb 5 asrdan buyon katta qiziqish bilan o`rganilib kelinmoqda. Bu esa, uning asarlari jamiyat hayotida naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini bildiradi.
Mustaqillik yillarida ota bobolarimizning ma’naviy merosini o`rganish uchun barcha shart-sharoit yaratildi. 
2014 yil aprel oyi Samarqand shahrida o`tkazilan “O`rta asrlar sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizasiyasi rivojidagi ag`amiyati va roli” mavzuiga bag`ishlangan xalqaro konferensiyada Yurtboshimiz Islom Karimov Boburning “Boburnoma” asarini arab tiliga tiliga tarjima qilgan Qohira universiteti o`qituvchisi Magida Maxluf xonimga o`z tashakkurini bildirdi. Shu o`rinda tan olish kerakki har qanday yurtning fozil insonlari, olimlari-yu adolatparvar shohlari bo`lar ekan, bu diyor barchaning e’tirofiga sazovor bo`ladi. Xususan, Eduard Xolden Boburning ijodini o`rganar ekan: «Bobur fe’li sajiyasiga ko`ra, Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir», degan xulosaga keladi.
Bog` yaratish an’anasi buyuk ajdodlarimizdan meros. Amir Temur bobomizning Samarqanddagi serfayz bog`lari dovrug`i yetti iqlimga mashhur bo`lgan. Bu ezgu an’ana ilg`or fikrli temuriyzodalar, xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan ham davom ettirilgan. Falak gardishi ila ul mo`tabar zotning “Bog`i Shahroro”, “Bog`i Jahonoro”, “O`rtabog`”, “Bog`i vafo”, “Bog`i Bobur” kabi bog`lari o`zga yurtlarda qolib ketdi… Bugun o`sha bog`lar o`rnida biror tup daraxt qoldimi-yo`qmi, bilmayman. Biroq, buyuk mutafakkir shoir va davlat arbobi bo`lgan bobomizdan qolgan beqiyos ma’naviy bog`lardan nafaqat biz, balki, butun jahon ahli asrlar osha bahramandirlar. Ma’naviyat osmonida quyosh yanglig` porlagan bu xazinaning esa umri boqiydir. Shu mavzuda ancha yillar muqaddam rahmatli adibimiz Pirimqul Qodirov shunday degan edi:
– Bog` yaratganning nomi boqiy bo`lar ekan. Yurtimiz istiqloli bergan yana bir benazir ne’mat – shahrimiz ko`rkiga ko`rk qo`shib turgan eng go`zal bog`lardan biriga Bobur nomi berilgani bo`ldi. Ko`z o`ngimizda Bobur bog`i yangidan barpo etilgandek quvongan edik. Bu istirohat bog`iga qachon bormay buyuk ajdodimiz ruhi kezib yurganini his etaman...
Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan 1993 yilda Yurtboshimiz farmoniga binoan mazkur istirohat bog`iga va unga tutash ko`chaga Bobur nomi berilgani chindan ham yurtimizda ulkan voqyea bo`lgan. Buyuk bobomiz nomi Andijondan tortib Qoraqalpog`istongacha barcha viloyatlarda, shaharlarda abadiylashtirilgani betakror ajdodimiz ruhini shod etgan! 
Mirzo Bobur tengsiz ijodi ila har bir inson qalbida ezgulik daraxtini undirib ketgan. Bu daraxtlar kurtagi yangi-yangi avlodlar qalbida ham mudom barq urayotir. Illo, Bobur bobodek buyuk ajdodimiz bilan faxrlanmagan, qalbida g`urur hissini tuymagan yurtdoshimizni tasavvur qilolmayman. Qaysiki qalbda Bobur bog`lari barq urib turgan ekan, demak u yuksak ma’naviyatga erishibdi, hayotning ma’nosini, mazmun-mohiyatini anglab yetibdi, degim keladi.
Buyuk ajdodimiz hayoti va ijodi haqida biz tenggilar o`tgan asrning 79-yiligacha faqat adabiyot darslarida qisqacha ma’lumotga ega bo`lgandik. O`sha yili respublikamiz ma’naviy hayotida porlagan yashindek voqyea – Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani bo`ldi. Adabiyot ixlosmandlarini o`shanda kuzatgandim; gavjum shaharlardan sokin qishloqlargacha uyda, ko`cha-ko`yda, ishxonalarda hamma-hammaning qo`lida bejirim muqovali “Yulduzli tunlar” kitobi edi! 
Romanni ishtiyoq bilan mutolaa qilar ekanman, har kecha tushimda Bobur bobomizni ko`rardim. Zarbof to`niga monand chiroyli sallasi va peshonasiga qadalgan ko`hi-nuri bilan ot ustida kelayotgan bobomiz siymosini ko`rib hayratga tushardim...
Ulkan iste’dod sohibi bo`lgan adib Pirimqul Qodirovning o`z iborasi bilan aytganda “tarixni teleskop bilan kuzatib”, Bobur zamonasini ko`zi bilan ko`rgandek tasvirlagandi. Romanni mutolaa qilgan o`quvchi ko`z oldida buyuk ajdodimiz Mirzo Bobur va zamondoshlari siymosi yaqqol namoyon bo`ladi. Yozuvchi mazkur romani orqali Boburni butun bo`yi-basti bilan qayta gavdalantirib bergan.
Yurtimizda hali mustabid tuzum hukm surayotganiga qaramay Prezidentimiz Islom Karimov tarixiy haqiqatlarni tiklashga kirishgani juda ulug`vor ishlarning boshlanishi edi. 1989 yilda “Boburnoma” kitobi 200000 nusxada chop etilgan bo`lsa, 1990 yil oktyabr oyida bu shoh asar yaratilganligining 460 yilligi nishonlanishi bizga ruhiy quvvat baxsh etdi. “Avvalo, ulug` vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburning shoh asari bo`lmish “Boburnoma” yozilganligining 460 yilligini keng nishonlayotganimizdan xursandmiz,– degan edilar Yurtboshimiz.– Bu bayram ayni paytda Sharq xalqlari tarixi va adabiyotiga beqiyos hurmat va muhabbatni ifoda etadi”. O`sha kuni kechqurun Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik opera va balet katta teatrida “Boburnoma”ning 460 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan tantanali kecha tarixiy haqiqatning tom ma’noda tiklanayotgani ifodasi edi. “Boburnoma”dagi tabiat tasvirlari, Markaziy Osiyo, Afg`oniston va Hindiston xalqlarining tarixiga oid nodir kuzatishlar, tilga, dinga, huquqshunoslikka, san’at va adabiyotga oid tadqiqotlar Bobur Mirzoning qomusiy bilimlar egasi bo`lganini ko`rsatadi. Demoqchimanki, bugungi va kelgusi avlodlar ham bu buyuk ma’naviy merosni teran o`rganib borishlari ularni albatta ma’nan yuksaklikka olib chiqaverdi.
Ma’ruzachi, o`zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy va Bobur Mirzo asarlarida har bir so`z mazmun-mohiyatiga qanchalik katta e’tibor qaratilgani haqida ham so`z yuritar ekan, ona tilimizni hamisha asrab-avaylash lozimligini alohida ta’kidladi. Illo, bugungi kunda biror so`zimizni noto`g`ri qo`llashga bee’tibor bo`lmasligimiz zarurligini (vaholanki, ayrim so`zlar xato va noto`g`ri qo`llanilayotganini) qator misollar bilan izohlab berdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbir badiiy qismida mazkur bank iste’dodli yoshlari tomonidan sahnalashtirilgan Alisher Navoiy va Guli siymolari hamda ular ijro etishgan ash’orlar barchada katta taassurot qoldirdi.
Ulug`bek USMONOV, 
Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti tadqiqotchisi 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.