топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Innovatsion g‘oyаlar, texnologiyаlar va loyihalar  X  respublika  hududiy  taqdimoti istiqbolli  loyihalar  namoyishi bo’lib o’tdi  

Поддержка акций ZiyoNET
Илм-фан
 
      2017- yil 17- mart kuni Andijon davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, hududiy innovatsiya  faoliyati  va  texnologiyalar  transferi  markazi X- Respublika “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” yarmarkasining hududiy bosqichi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirni ADU rektori, professor Akramjon Yuldashev ochib, barcha ishtirokchilarni samimiy qutladi.

Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi ijro apparati rahbari Odilxo‘ja Parpiev yarmarka ochilishida ramziy lentani qirqdi. Unda Farg‘ona vodiysidagi bir  necha oliy ta’lim muassasalari hamda kasb-hunar kollejlaridan yangilikka intilgan professor-o‘qituvchilar, kashfiyot va ixtirolar yaratishga qodir talabalar, magistr va yosh olimlar o‘z  ixtirolari, loyihalari, ratsionalizatorlik takliflari bilan qatnashdilar. Shuningdek, tadbirda Andijon viloyatida endigina ishlab chiqarilishi  boshlangan innovatsion mahsulotlar va texnologiyalar namoyish etildi. Yarmarka doirasida yosh tadqiqotchilar uchun seminar-trening, davra suhbatlari ham tashkil qilindi.

 
       Tadbirda viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov ishtirok etib, yarmarka ishini katta qiziqish bilan kuzatdi.   
      Mazkur yarmarka ishida Andijon davlat tibbiyot institutidan 16 ta loyiha taqdim etildi. Bu taqdimotlar yarmarka institut bosqichida g‘olib bo‘lib, keyingi bosqichga yo‘l olgan, eng sara va istiqbolli  loyihalar hisoblanib, hududiy bosqichda hay’at a’zolari va ishtirokchilarning e’tiborini qozondi. Shulardan gospital pediatriya kafedrasi assistenti Hurmatoy Xonkeldievaning “Bronxial astmani vegetativ va qalqonsimon bez sistemasiga bog‘liq holda davolash”,  biologik fizika, informatika, tibbiy texnika va yangi texnologiyalar kafedrasi dotsenti Shuhrat G‘ulomov va shogirdi  kafedra laboranti  Dilmurod Jo‘raevlarning “Intensiv issiqxonalarni biogaz va issiqlik nasoslari yordamida isitish va lazer nuri bilan faollashtirilgan urug‘lar yordamida hosildorlikni oshirish” haqidagi, shuningdek, davolash fakulteti 4-bosqich  talabasi Abdurashid Rustamjonovning “Deformatsiyalashgan osteoartroz va uni davolashni yangicha usuli” mavzusidagi loyihalari dolzarbligi, qiziqarligi, aholi salomatligi yo‘lida muhim ahamiyatga ega ekanligi bilan barchaning e’tiborini tortdi. 
 X-Respublika “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” yarmarkasining hududiy bosqichi  bahs-munozaraga boy  va  g‘oyatda qiziqarli o‘tdi. Taqdimot yakunida g‘oliblar diplom va sovg‘alar, sertifikatlar bilan taqdirlanib, yarmarkaning respublika bosqichiga  yo‘llanmalar oldilar. Ular qatorida institutimizdan ham bir guruh ilmiy tadqiqotchilar borligi quvonarlidir. Ulardan Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti  xirurgiya kafedrasi, endoskopik xirurgiya va oftalmologiya kursi assistenti Azizbek Mamadiev viloyat hokimi tashakkurnomasi va sovg‘asini olishga erishdi. Yarmarka ishtirokchilaridan jami 10 nafari  sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.