топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

“XXI asr – intellektual avlod asri” shiori ostidagi ilmiy-amaliy konferensiya

ОЎМТВ ҳузуридаги "Маънавият ва маърифат" маркази
Илм-фан
Joriy yilning 12-13 yanvar kunlari Toshkent shahrida “XXI asr – intellektual avlod asri” shiori ostida yosh olim va talabalarning respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – fan va texnologiyalar modernizatsiyasi borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samaradorligini oshirish, zamonaviy fan, ta’lim, texnika va texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan bilimli, yetuk yosh olimlarni tarbiyalashga ko‘maklashish, ular o‘rtasida hamkorlik muhitini rivojlantirish, ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, innovatsion g‘oya va ishlanmalarini amaliyotga tatbiq qilishdan iborat.


Tashkilotchilar – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati.
Konferensiya “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Vasiylik Kengashining 2015 yil 10 dekabrdagi 65-sonli majlisi bayoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ga muvofiq o‘tkazilmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab, ilm-fan rivojiga, ta’lim va tarbiya tizimini zamonaviy asosda takomillashtirishga katta e’tibor berib kelinmoqda.
Bu borada Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbuslari bilan qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi hamda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va boshqa qonun osti hujjatlari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ammo bugunga kelib, ushbu hujjatlarni zamon talabidan kelib chiqqan holda qaytadan ko‘rib chiqish hamda tegishli o‘zgartishlar kiritish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2017-2021 yillar davomida respublika oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish Dasturini ishlab chiqish to‘g‘risidagi Farmoyishi bu borada muhim qadam bo‘ldi. 
Davlatimiz rahbari 2016 yil 30 dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashib, muloqot chog‘ida ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyasini takomillashtirish ilmning barcha sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan olim va tadqiqotchilar oldidagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biri ekaniga alohida to‘xtaldilar.
Konferensiya dastlab respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalarida “Ijtimoiy-gumanitar fanlar”, “Tabiiy fanlar”, “Aniq fanlar”, “Texnika fanlari” sho‘’balari asosida olib borildi. Ularda 1576 nafar yosh iqtidorli olim va talabalar o‘zlarining ilmiy maqolalari bilan qatnashdilar. Hududiy konferensiyalar yakunida 11 ta to‘plamdan iborat materiallar chop etildi hamda ta’lim muassasalariga tarqatildi.
Konferensiyaning respublika bosqichini joriy yilning 12-13 yanvar kunlari Toshkent shahridagi Toshkent moliya institutida o‘tkazish belgilangan bo‘lib, unda hududlarda g‘olib deb topilgan yosh olim va talabalarning ilmiy ma’ruzalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
Konferensiya yakunida eng yaxshi ilmiy maqolalar mualliflari tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.