топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Mamlakatimiz tinchligi va barqarorligining huquqiy asosi

Миллий армиямиз-ғуруримиз

1992-yil 14-yanvar kuni davlatimiz rahbarining mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va muassasalarni O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga o‘tkazishga oid qarori qabul qilindi. Shu kuni milliy armiyamizga asos solindi. 1993-yildan buyon bu kun mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlanmoqda.


       – Mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashda barcha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir, zamonaviy, harakatchan, har tomonlama yaxshi qurollangan armiyani tashkil etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarbiyaviy ishlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Alisher Qilichev. – Bu jarayonda ofitser kadrlarni tayyorlash, harbiylarning jangovar mahorati, bilim va malakasini oshirish, ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


     Istiqlol yillarida Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik va Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlari ko‘p tarmoqli ta’lim maskanlariga aylantirildi. Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tashkil etildi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida aloqachi-ofitserlar tayyorlaydigan maxsus fakultet ochildi. 1995-yilda Markaziy Osiyodagi dastlabki Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi. Axborot texnologiyalari, modellashtirish va simulyatsiya uslublaridan foydalangan holda o‘qitishning yangi shakllari joriy etildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan serjantlar tayyorlash maktablarida sohaning barcha bo‘g‘inlari uchun yuksak ma’naviy-axloqiy va yetakchilik fazilatlariga ega, intellektual salohiyati yuqori kichik komandirlar tayyorlanmoqda.


        Qo‘shinlarning tibbiy ta’minoti shaxsiy tarkibning sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash, tibbiy yordam ko‘rsatish, harbiylarni davolash, tezlik bilan mehnat va jangovar qobiliyatini tiklashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, avvalo, yetuk va professional darajada tayyorlangan harbiy shifokorlar va ularning bilim malakasi hamda amaliy ko‘nikmasiga bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-iyuldagi qarori asosida Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida harbiy-tibbiyot fakulteti tashkil etildi. Bu yuqori intellektual salohiyatga ega, o‘z Vataniga sadoqatli, tibbiy xizmatning yuqori malakali ofitserlarini, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tarkibini tayyorlash, Qurolli Kuchlar tibbiy xodimlarining harbiy va kasb tayyorgarligi darajasini muntazam oshirish, ularni qayta tayyorlash, maxsus bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish, harbiy tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.


         2012-yilning 11-sentabrida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan imzolangan “Mardlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni Vatan himoyachilariga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaldagi yana bir ifodasi bo‘ldi. Mayor Uchqunjon Norov birinchilardan bo‘lib mazkur orden bilan taqdirlandi.


       – Bunday ezgu ishlar yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida fuqarolarimizni yanada fidoyilik ko‘rsatishga, yuksak daxldorlik hissi bilan yashashga undaydi, – deydi U.Norov. – Ko‘rsatilgan ushbu yuksak ishonchni har tomonlama oqlashga harakat qilaman.


     Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, armiyamiz hozirgi kunda nafaqat Vatanimiz chegaralarini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilmoqda, ayni vaqtda mustahkam iroda va xarakter, mustaqil fikrlash qobiliyati shakllanadigan, jismoniy chiniqish va yuksak insoniy fazilatlar kamol topadigan haqiqiy professional malaka oshirish maktabiga aylanmoqda.


        Konstitutsiyamizda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilishi, shu bilan birga, Vatanimizni himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Bugun har bir yigit uchun Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish nafaqat konstitutsiyaviy burch, ayni vaqtda nufuzli va sharafli ishga aylandi. Muddatli harbiy xizmatga olishda chaqiriluvchilarning sog‘lig‘i, bilim va ko‘nikmasi, dunyoqarashini sinovdan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgani Qurolli Kuchlarimiz safida jismonan baquvvat, yuksak intellektual salohiyatga ega yigitlarning xizmat qilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.


      Buning samarasida askarlar jangovar tayyorgarlik dasturlarini, harbiy ixtisoslikni sifatli o‘zlashtirmoqda. Axborot-kommmunikatsiya texnologiyalariga asoslangan ta’limning zamonaviy shakl va usullari bo‘yicha bilimini oshirmoqda. Zamonaviy qurol-yarog‘larni ishlatishni, harbiy taktikani puxta egallab, tom ma’noda harbiy san’atni egallamoqda.


           Davlatimiz rahbarining 2008-yil 20-noyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida muddatli harbiy xizmatga chaqiruv yiliga bir marta – fevral-mart oylarida o‘tkazilmoqda.


     Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2012-yilning 24-oktabrida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qurolli Kuchlar ustidan samarali fuqarolik nazorati mexanizmini shakllantirish, Mudofaa vazirligi faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta’minlash, shuningdek, davlatning mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi siyosatini amalga oshirish va rivojlantirishga fuqarolar va jamoat birlashmalarini jalb qilish, harbiy kasb nufuzini yanada yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlarda ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish singari maqsadlarga xizmat qilmoqda.


      Prezidentimiz rahnamoligida harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uy-joy bilan ta’minlash va maishiy sharoitini yaxshilash borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.Vatanimiz mustaqilligining yigirma ikki yilligi arafasida yurtimizning turli hududlarida harbiylar uchun yangi uy-joylar foydalanishga topshirildi. Ko‘plab harbiylar bayramni oilasi bilan yangi uyda kutib oldi.


manbaa

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.