топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Shoh asarning yangi tug‘ilishi

O`zbekiston Davlat San'at va Madaniyat instituti blogi
Илм-фан
Teatr san’ati – о‘zining ulug‘vorligi, yuksak darajadagi ta’sir kuchi, gо‘zal estetik tarbiyasi hamda ma’naviy ozuqasining muqaddas ekanligi bilan boshqa san’at turlaridan alohida ajralib turadi. Professional darajada sahnalashtirilgan spektaklning haqiqiy muxlislari — tom ma’noda xos tomoshabinlar bо‘lib, ular sahnada ijro etilayotgan san’at asarini yurakdan his etib, ma’lum vaqt personajlar dunyosida yashashadi.

Kuni kecha О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti О‘quv teatrida 4-kurs “Dramatik teatr va kino aktyorligi” ta’lim yо‘nalishi talabalarining diplom spektakli namoyish etildi. Bо‘lajak aktyorlar sahnaga jahon dramaturgiyasi qiroli Uilyam Shekspirning shoh asari bо‘lmish “Gamlet” tragediyasini yangicha talqinda olib chiqishdi. Kurs rahbari, mahoratli pedagog, dotsent Zamira Ahmedova, konsultant О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan yoshlar murabbiysi, v.b. professor Hamida Mahmudova bilan birgalikda “О‘zbek aktyorlik maktabi”ning munosib davomchilari ekanligini isbotlashdi. Spektakl betakror va serjilo harakatlarga boy bо‘lib, sahna maydonida shaxmat doskasining surati aks etdi. 2 kun davomida tomoshabinlar soni butun zalni egallab oldi.
Gamlet rolini birinchi kunda Diyor Sa’dullayev, ikkinchi kunda Begzod Zokirjonov mahorat bilan ijro etishdi. Kichik jussali va ozg‘in yigitlarning keng plastik imkoniyatlari, betakror ovoz intonatsiyalari, qahramon dardi bilan yonib, aktyorlik qobiliyatini namoyon eta olishlari — yangi qiyofadagi Gamletni yaratishlariga turtki berdi. Tomoshabinlar kо‘z о‘ngida necha asrlar avval yaratilgan pyesaning mukammal talqini qayta jonlandi. Zokirjonov о‘z hissiy monologlariga, ohangdor sо‘zlariga yanada urg‘u berib, tomoshabinlarga ta’sir yukini kuchaytira oldi. Gertruda – Gulrux Pirnazarova, Ziyoda Fozilova ijrolari ham maromiga yetdi. Ayniqsa, Fozilovaning serjilo harakatlari, о‘g‘li Gamlet bilan otasi haqida bо‘lgan suhbatdagi ichki isyoni qalblarni larzaga soldi. Klavdiy – Jahongir Teshaboyev, Sherbek Rо‘ziyev rollarida о‘zaro uyg‘unlik mujassam, ammo butun boshli saltanatning savlatli qiroli bо‘lishdek ulkan xarakter biroz yetishmagandek bо‘ldi. Asar voqealaridagi betakror gо‘zal Ofeliyani kursning mahoratli talaba qizlari Mahliyo Rahmonberdiyeva, Maftuna Shokirovalar о‘ziga xos talqinlarda ijro etishdi. Rahmonberdiyevaning ehtirosli kulgilari, ochiq chehrasi, sahnadagi yengil harakatlari tabiiy holatga uyg‘unlashib ketdi. Shuningdek, turli personajlar rollarida Shaxboz Aliyev, Davron Raimov, Tо‘ymurod Tо‘rayev, Temur Kubayev, Bexruz Iskandarov, Olimjon Mavlyanov, Abdujabbor Payziyev va boshqalar о‘ziga xos qiyofalarni yaratishdi. Qirolning barcha kirdikorlarini fosh etish uchun о‘ylab topilgan qopqon sahnasi kutilgandek jonlandi. Aktyorlar sahna ichida sahna yaratib, qilichbozlik qobiliyatlarini ham namoyon etishdi. Sahna dekoratsiyalari, bejirim liboslar, spektakl uchun yaritilgan musiqa — barchasi qorishib yaxlit kompozitsiyani yaralishiga turtki bо‘lgan.

Sahna orti ijodkorlari raqs о‘qituvchisi О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist Narziddin Shermatov, sahna harakati ustalari professor Arsen Ismoilov, pedagog Rahim Dо‘sanov, sahna nutqidan dotsentlar Ramzjon Qodirov, Ernazar Yarbekov, aktyorlik mahorati о‘qituvchisi Sevara Rajabova, grimyor Feruza Jalilova, plastika ustasi Sardor Mannonov, yordamchi Feruza Karayevalarning samarali mehnati barchaning olqishiga sazovor bо‘ldi.

Kо‘pchilikning fikr-mulohazalariga va katta shov-shuvlarga sabab bо‘lgan “Gamlet” spektakli institut tarixidagi betakror asarlardan bо‘lib qoladi. Tilagimiz, yana shunday sahna asarlari soni ortib, talaba-yoshlar kelgusi ishlarida bundan-da ulkan ijodiy parvozlar ila betakror asarlarni jonlantirishsin. Omad yor bо‘lsin!
Dostonbek Rahmatullayev О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti matbuot xizmati kotibi




 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.