топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Biz kutgan uchrashuv

O`zbekiston Davlat San'at va Madaniyat instituti blogi
Илм-фан
Bugungi kunda kino san’atining inson ma’naviy olami shakllanishi va boyishida, yoshlar tarbiyasida tutgan о‘rni va ahamiyati katta ekanligi inobatga olinib, mamlakatimizda mazkur soha rivojiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi Qarori sohada amalga oshirilishi kerak bо‘lgan ishlar kо‘lamini belgilab berdi. О‘z о‘rnida kino sohasi bо‘yicha mutaxassis-kadrlar tayyorlovchi respublikadagi yagona oliygoh – О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bir qancha amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Mana shu ishlar qatorida institutda jahon kino san’atining yetuk vakillari bilan uchrashuvlar, mahorat darslari о‘tkazish, yoshlarni sohaga bо‘lgan qiziqishini orttirishi bilan birga xalqaro tajribalarni о‘zlashtirishga keng imkon bermoqda. О‘tgan davr mobaynida Dmitriy Dyujev, Svetlana Toma, Stiven Sigal singari bir qancha jahon kino san’ati yulduzlari tashrif buyurgan edi.

Mazkur tadbirlar an’ana tusini olib, kuni kecha 28 may kuni institutimizga Rossiyada xizmat kо‘rsatgan artist, kо‘plab kino va spektakllarda о‘zining ajoyib obrazlari bilan tanilgan, “Brigada”, “Zastava”, “Baron” kabi filmlari bilan katta e’tibor qozongan iste’dodli aktyor Farhod Mahmudov va “Shuhrat” medali sohibi, о‘zining dolzarb mavzudagi “Baron” filmi bilan minglab muxlislar qalbidan joy olgan, qolaversa, mazkur filmi uchun “E’tirof – 2017” mukofotiga sazovor bо‘lgan taniqli о‘zbek rejissyori Rustam Sa’diyevlar tashrif buyurishdi.
Tadbirni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, “Kino, televideniye va radio san’ati” fakulteti dekani Rustamov Vahobjon Kiyamovich о‘zining kirish sо‘zi bilan ochib, navbatni kо‘pdan buyon kutilgan aziz va muhtaram mehmonlar Farhod Maxmudov va Rustam Sa’diyevlarga berdi.

Rejissyor Rustam Sa’diyev о‘z chiqishida avvalo, yaqindagina vafot etgan kino san’atining darg‘alaridan bо‘lmish yetuk ustoz rejissyor Shuhrat Abbosovning yorqin xotirasini yodga oldi va ushbu kechada qatnashayotganidan mamnun ekanligini e’tirof etdi. Shundan sо‘ng talabalar mehmonlarimizga sohaga oid turli savollarni berib, о‘zlariga kerakli javoblarni oldilar. Ayniqsa, Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari faoliyati va hayoti bilan bog‘liq bо‘lgan dunyo kinematografiyasi standartlariga tо‘la javob bera oladigan “Baron” filmi haqida film ijodkorlari haqida uzoq suhbatlashishdi, fikr-mulohazalar, takliflar bildirishib, bundan keyin ham xuddi shu film kabi xalqning e’tiboriga molik bо‘lgan tarixiy filmlar suratga olish taklifini ham bildirdilar.

Taniqli aktyor Farhod Maxmudov barcha qobiliyatlarni о‘zida mujassam etishga qodir bо‘lgan kadrlardan “maxsus aktyorlik mahorati maktabi”ni tashkil etish tо‘g‘risidagi taklifi talaba yoshlarning kо‘nglidagi gaplaridan biri ekanligini alohida e’tirof etish joiz. “Men bu men”, “Oshiqlar”, “Sotqin”, “Sevginator” va “О‘gay ona” kabi kо‘plab kinolari bilan tanilgan rejissyor Rustam Sa’diyev institutda oyida bir marotaba bо‘lsada, kasting о‘tkazib, shu jarayonga rejissyorlarni ham taklif etish istagini bildirdi. U о‘z chiqishida talabalarning chaqnoq kо‘zlariga qarab, “Sizlarda ham о‘z mahoratini tо‘laqonli ijro qila oladigan aktyor va aktrisalar borligini his etyapman, shu sabab siz institut professor-о‘qituvchilaridan iltimosim, hamkorlikda ishlashimiz kerak” deya fikr bildirdilar. Aktyor Farhod Maxmudov о‘z sо‘zi yakunida san’at sohasi yelkasida juda kо‘p mas’uliyat borligi va buni oqlash uchun astoydil chin dildan mehnat qilish kerakligi, yо‘qsa voz kechish lozimligi mazmunidagi fikr-mulohazalarini ochiq aytib о‘tdilar.

Suhbat chog‘ida tadbir ishtirokchilari ayni kunda Rossiyada ijod qilayotgan hamyurtimiz Farhod Maxmudovni juda kamtar, ochiqkо‘ngil, quvnoq samimiy inson sifatida kashf etdilar.
Qizg‘in bahs va munozaralarga boy bо‘lgan ijodiy uchrashuv barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
 
Muharram BOZOROVA О‘zDSMI, Muxbirlar klubi sardori

0 изоҳ

Мақола муаллифи изоҳ қолдиришни маън этган.