топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Yozuvchining qalb iztirobi

Maqolalar
Илм-фан
Умида Машарипова, ҚМУ студенти
Sodiq qoldim tabatimga,
yashamadim yuz xil turlanib –
ko‘rgan edim bir paytlari
himoyasiz atirgullarni.
Garchi gullar ko‘rkini to‘kib,
qovjiratib to‘zg‘itsa-da kuz,
atirgullar ichiga o‘tkir pichoqlarni
joylayman hanuz.
Shavkat RAHMON
     Epigraf tarzida millatimizning buyuk shoiri Shavkat Rahmonning «San’at» she’rini shunchaki keltirmadik. Uning mohiyatida buyuk shoirning jarangdor ovozi, beg‘ubor tabiati, jo‘mardligi, e’tiqodiga sadoqati, halollik va pokligi-yu, chin insoniy fazilatlari manaman deb ko‘zga tashlanib turibdi. Shundayki, yaxshi yozilgan to‘rt misra she’ru, ikki qator iborada ham tafakkur bo‘ladi. Tafakkursiz asar, o‘ylab aytilmagan gap, vaqtida aytilmagan izhor yil o‘tishi bilan kech yoki foydasiz bo‘lishi mumkin. Chinakam san’at asarlarini odamzodga ma’naviy, ham moddiy, ham ruhoniy ozuqa beradigan yorliq deb atab ko‘raylik-da, buni tan olaylik-da, keyin og‘iz to‘ldirib gapirsak yarashadi. Romaniy tafakkur o‘z-o‘zidan bino bo‘lmaydi. Bir imorat tiklash uchun uning ildizi – erga qadalgan beton tirgaklari bo‘lgani kabi badiiy asarni yashab turgan zaminga qadab turgan o‘ziga xos tirgaklari bo‘ladi. Bular ajdodlarimiz vaqtida tiklab bergan – ma’naviy dunyo mezonlari bilan o‘lchanadi. Yozuvchi ana shu QADRIYATlardan o‘rganadi, o‘zi muhim sanagan mezonlar, tafakkur qirralaridan oziqlanadi. Ruhiyatini oliy mezonlar bilan obdon toblaydi, boyitadi. Natijada o‘zi yashab turgan zamin hayotini aniq-tiniq bilib olishga erishadi. «O‘zligida yangi narsa topgan odam, aqllidir, kulliydir», — deya o‘qtirmoqda Mavlono Jaloliddin Rumiy.
     Gapni cho‘zib nima qildik, yana «Muvozanat»ga qaytamiz. Romanning uchinchi nashrining ekspozitsiyasida shunday detal ko‘zga tashlanadi. Bu birinchi yoki ikkinchi o‘qiganda sezilmaslik mumkin, ammo uchinchi, to‘rtinchi mutolaada siz hazm qilib ulgurgan voqelikka borib tutashadi:
     «-So-oo-d-i-i-q!.
.      Ko‘cha tomonga qaragan derazadan Turg‘un xola mo‘raladi.
      — Nima deysan? Azonlab nima bor? Sodiqjon uxlayapti…
     Yusufning hafsalasi pir bo‘lgandek bir zum kalovlanib turdi-da, so‘ng yana qor kechishda davom etdi. U bir chaqirim odim bosar, so‘ng orqasiga – ochilgan yo‘lga qarab: «Endi odamlar mening izimdan yuradi», — der va xayolan o‘zini ko‘pchilikka foydasi tegayotgan hisoblab zavqlanardi…
     Bir payt Yusufning quloqlariga qorning g‘arch-g‘urchlari orasida motor tovushi ham kirdi. O‘girilib uzoqdan chiroqlarini yoqqancha sekin g‘ildirab kelayotgan bahaybat avtobusni ko‘rdi. Unga bir dam tikilib turarkan, avtobusning o‘zi solgan yo‘ldan yurayotganini ko‘rib quvonchdan sargak tortib yubordi. Lekin bu hol uzoqqa cho‘zilmadi: avtobus yaqinlashib signal berdi. Yusuf hushiga kelib, o‘zini chetga oldi va sarosima ichida qoldi. Haydovchi ko‘rsatkich barmog‘ini havoda o‘ynatib, «Ha, senimi!» — degandek engil po‘pisa ham qilib qo‘ydi. Bularning hammasi birpasda – xuddi ko‘z ochib-yumguncha fursat ichida yuz berdi. Yusuf avtobusning orqasidan qorning tilimlab tashlangan bag‘riga mo‘ltirabgina qararkan, endi nima qilarini bilmasdi. Oldinga yuray desa, qizig‘iyu zavqi qolmagandi: hammasini avtobus barbod qilgan, bir emas, ikkita yo‘l solgan, yaslanib yotgan, bitta ham iz tushmagan, soflik va go‘zallik timsoli bo‘lgan qorning bag‘rini chavaqlab tashlagandi…».
     Ayonki, romanda bir-biriga mantiqan bog‘langan ekspozitsiya va xotima orasidagi shunga monand ikkita detaldan bilish mumkin: Yusuf bolalikdan muvozanatga bo‘lgan ichki bir ehtiyoj bilan yashaganligini sezamiz. Bular bola Yusuf bilan oradan o‘ttiz yil o‘tgan Yusuf qarashlari bilan jiddiy tafovutlanadi. Ya’ni bola Yusufning zavqi bolalikning oydin orzulari, shaffof beg‘uborlik, shijoat bag‘rida qolib ketmaydi. Uni yanada hayotga boshqacha nigoh bilan qarashga, hayot jumbog‘ini yanada teranroq tushunib etishga doim undab turadi. Psixoanalitik fani bolaning istak-xohishlari uning kelajagini ma’lum ma’noda belgilab beradi deyishadi. Bu tabiiy sharoitda olib qaraganimizda Yusuf hali qishloq tasavvuri bilan yashayotgan bola edi. Ammo uning hayotga bo‘lgan qiziqishi, jamiyat turmushini anglashga ishtiyoqi tog‘asi tomonidan tarbiyalab borilmoqda edi. Muhammadjon akaning uzundan-uzun suhbatlarini erinmasdan, qaytamga berilib tinglash uning ma’naviyatini yuksaltirib borar, insoniyat tarixida ayanchli kunlarni avjodlar qismatiga muhrlab ketgan sobiq imperiyaning aslida yolg‘on asosiga barpo etilganligi xususidagi mulohazalarni hali yosh boshiga ancha-muncha tushunib ulgurgan edi. Bitta asos: Yusuf va Sodiq. Ikkala do‘stning oralaridagi farqni ajratib ko‘raylikchi? Yoshi o‘ttizga qarab ketgan Sodiq hali ham o‘z fikrlari bilan chalkashib yuribdi. Yusuf bilan birga katta bo‘lgan Sodiq xuddi boshqa bir hududdan kelib qo‘shilgandek. Lekin ikkalasi ham bitta partada, bitta maktabda tahsil olishadi. Yusufning hayot jumboqlarini anglashga bo‘lgan ishtiyoqi – bolalikdan boshlangan edi. Bu intilishning boshida tog‘asi Muhammadjon akaning xizmatlari benihoya katta deyish o‘rinli.
     Yozuvchi keltirilgan parchada Yusufning xarakterini birgina «qor» timsolida umumlashtiradi. Uning bola tasavvurida zavqlanib aytgan: «Endi odamlar mening izimdan yuradi» gapida muayyan hikmat yashirin. Bu shunchaki detal emas, roman voqealari ayni shu detal zimnida yanada yorqinroq, asosli tahlillanib boradi.
     Romanda – uchta do‘st obrazi voqelikni, syujetni harakatga keltirib turadi. Unda har bir voqelik mohiyatan asar bosh qahramoni YUsufga kelib tutashadi. Yozuvchi shiddatli tasvir negizida shunday mahorat bilan yondashganki, unda lirik chekinish yoki ortiqcha detal kiritish, xarakter individualligini ta’minlashda ta’rifu tafsilotga berilish, vaqt va zamondan uzoqlashish hollari kuzatilmaydi. Har bir faslda mantiqiy bog‘lam mavjud. Asarda avtobiografik ruh etakchilik qilishi romaniy tafakkurga rahna solmaydi. Aksincha, haqqoniy tasvir qa’tida inson maslak-intilishlari, irodasi, tutumlari, orzulari qabarib ko‘rinadi. Bu esa o‘quvchiga syujetni hazm qilishda yanada qulaylik tug‘diradi.
     Ko‘p hollarda romaniy tafakkur o‘rtamiyona asarlarda kitobxonni ichiga olib ketadigan pafos bo‘lmaydi. Bu yozuvchining mahorati haminqadar ekanligidan bir shahodatdir. «Muvozanat»da esa shiddatli pafos o‘quvchini bir dam e’tiborsiz qoldirmaydi. Qaytamga roman voqeligiga kirib ketadi. Uni o‘qib tugatish uchun ikki-uch kunning o‘tishi hech gap bo‘lmay qoladi. Roman o‘quvchilarini savol-javob qilib ko‘rganimda hamma javoblar bir nuqtada jamlangandek, ya’ni «o‘zini hayot qiynoqlariga chidamli bo‘lishga tayyorlagan Yusuf nega bu yo‘lni tanladi? Axir, oldida shuncha yo‘llar bo‘la turib, nega bir dam o‘z maqsadini o‘zgartirishga qaror qilamdi?». Ko‘rinadiki, adib kitobxonni shunday adog‘siz mushohada qilishga psixologik tayyorlaydi. Voqelik bayoniga birdaniga o‘tmaydi. Kuzatish va tahllilar bunga qulay zamin hozirlaydi. Bular Yusufning keyingi hayot yo‘llarida ibrat va saboq bo‘lishi uchun atayin qilingan to‘qima emas, hayotning o‘zi shunday bo‘lishi haqida hukm chiqargan. Psixologik tarang vaziyatlar qahramonning iroda yo‘nalishini belgilaydi. Yusuf aynan shunday jarayonni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Uning faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi. Adib qahramon Yusufni shunday tarang psixologik vaziyatlar og‘ushiga etaklaydiki, natijada Yusuf o‘zining nima ish qilish muhimligini yanada teranroq his etadi.
     Romanda Yusufning taqdiri bilamchi o‘rinda turadi. Uning kasb-kori ham nihoyatda to‘g‘ri tanlangan. Yangi tarixni yozish niyatida ulg‘ayib, kamol topgan Yusuf tog‘asining asriy orzusini amalga oshirish uchun tinimsiz kurashadi. Hamma qatori tirikchilik qilib, bola-chaqa orttirib yashasa bo‘ladi-ku? Deysiz ichingizda. Ammo Yusuf bunday «tayyor»ga ilhaqlar xilidan emas-da! Yusuf ichidagi azim evrilishlar pirovard Yangi tarixni yaratish edi. Uning bu yo‘ldagi bergan behisob qurbonliklari – oila tinchligining yo‘qolishi, farzandining bevaqt vafoti, akasining dinga chuqur kirib ketishi, ishidan judo bo‘lishi natijasida namoyon bo‘ladi. Romandagi har bir o‘lim tasviri kitobxonni chuqur qayg‘uga botiradi. Unda ilk bor tog‘asi Muhammadjon aka, yangasi Gulshodning vafoti, o‘g‘li Abdulloning o‘limi uning hayotini izdan chiqarib yuboradi. Lekin u o‘zining hamon e’tiqodida sobit. Qorin qayg‘usida suvarak bosgan bo‘lka nonni eyishdan ham o‘zini to‘xtatolmaydi. Roman aynan shu jihatlari bilan e’tiborga tushdi. Bular shunchaki mayda-maishiy dardlar emas, u hammamizning ichimizda, yaqin atrofimizda sodir bo‘lgan turfa voqealardir.
     Evropada Aqllar hukmdori deya tan olingan mashhur yozuvchi Alber Kamyu «Isyon va san’at» risolasida shunday yozadi: «Pirovardida roman o‘zi nima? U inson faoliyati ma’lum bir shaklga kirgan, dunyo istak-xohishiga mos tasvir etilgan, odamlar bir-birlariga izhori dil qilgan va har bir taqdir o‘z yo‘rig‘i hamda yozug‘iga ega bo‘lgan qandaydir o‘zga dunyo ifodasimi?.. Romanda gavdalangan dunyo ko‘z o‘ngimizdagi olamning inson siyratiga mos xohish-istaklar asosida qayta yaratilishidan boshqa narsa emas. Zero, u dunyo ham azobu-uqubat, yolg‘onu-muhabbatga qorishib yashayotgan o‘z dunyomizning aynan o‘zi. Unda bizning tilimiz, ojiz va kuchli jihatlarimiz ifodalangan. Uning o‘zgaligi ham ko‘z oldimizdagi dunyoning go‘zalligi va ibratidan ayro narsa emas. Biroq u dunyoda odamlar ko‘z oldimizdagi dunyodan farqli o‘laroq, so‘nggi daqiqalargacha o‘z taqdirlarining egalaridir». Keltirilgan lavhada Kamyuning nazdida yozuvchi o‘z oldiga ulug‘vor maqsadlar qo‘yib, badiiy dunyo ochadi. Ya’ni o‘sha dunyo odamlari bilan muloqotga kirishadi. Makru hiyladan sira to‘ymagan odamzod yozuvchi dunyosida darbadarlarcha kezadi. Unda orzu-umidlar, maqsad-intilishlar nafs botqog‘ida qoladi. Shunday ekan, Kamyu XX asrda – roman janri deb atalgan adabiy merosni tubdan yangiladi. U adabiyotga isyon bilan kirib keldi. Bu isyon hayotni pok va rohatbaxsh, azob-uqubatlardan xoli ko‘rish istagi edi. Ammo uning istaklari faqat kitob atalmish mo‘‘jaz dunyodagina qoldi. Uning falsafiy-estetik olami umrboqiyligi bilan boshqa yozuvchilar ijodidan ajralib turadi. Ulug‘bek Hamdamning yangi ifoda yo‘sinda yozilgan falsafiy-estetik romani ham o‘z davrining dardlari bilan og‘rigan odamzod hayotini turfa ziddiyatlari, quvonchu tashvishlari bilan yaxlitlashtirgan asar sanaladi. Chunki unda taqdirlararo o‘xshashlik: isyon va itoat, o‘zini topishga urinish, nafs tufayli o‘zligidan ajralgan taqdirlar, bir hisga qattiq berilib muvozanatini yo‘qotgan qahramon tiynati haqqoniy ochib beriladi. Darhaqiqat, muvozanat sari talpingan qahramonlar – tabiatan sodda va ishonuvchan. Mirazim va Saidlar tabiatidagi shuhrattalablik kasali – ularning hayotini izdan chiqaradi. Said – amaldorlik pog‘onasiga xotini Manzura tufayli erishadi. Mirazim esa Zahro tufayli. YUsuf oddiy qishloq qiziga uylanadi. SHuning uchun ham u universitetda o‘qituvchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ikki kursdosh o‘rtog‘idan dunyoqarashiyu ilmu tafakkurida tamomila ajralib turgan Yusuf botinida oliy MUVOZANAT tomon borish va unga erishish maqsadi turadi. U ayni shu jihatlari bilan chin insoniy fazilatlarini namoyon qiladi. Ma’lumki, «san’at bir paytning o‘zida ham e’tirof, ham inkor etuvchi hodisalar sirasiga kiradi». Badiiyat durdonalari epik turning yirik janri romanda bu hol o‘ziga xos tarzda kechadi. Chunki roman olam va odam xususidagi eng teran tushunchalar, borliq, falsafa, etika, estetika, milliy qadriyatlar, urf-odatlar yig‘indisidan iborat mantiqiy bog‘lam hosil qilgan yuksak san’at asaridir. SHu bois, istiqlol romannavisligi o‘nlab davrimizning og‘riqlarini vaqtida qalamga olgan, unda milliy istiqlol tuyg‘usini shakllantirishga bo‘lgan umidlar bilan ijod qilgan fidoyi adiblarimiz zamondosh insonning maishiy-oilaviy muammolari fonida umuminsoniy qarashlarni ilgari surgan asarlar yaratdi desak, haq gapni aytgan bo‘lamiz. YUqoridagi ta’kidlanganidek, «INKOR VA TASDIQ» tushunchasi bir paytning o‘zida butun jamiyat hayotini ko‘zguda aks ettirishdek g‘oyat mas’uliyatli vazifani ado qilayotgandek nazarimizda. Bular Yusufning kasbiy faoliyatidan to, tirikchilik tavshishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan yillaridagi xatti-harakatlarida yanada ko‘zga tashlanadi. U jamiyat hayotidagi nafs qutqusiga chalingan, qalb ko‘zi basir ba’zi kimsalarning holidan qayg‘uradi. Ularning qilib yurgan ishlari aslida maqsadsizlik ekanligi, istiqlol tufayli serdaromad bo‘lgan Mirazim va Said kabi shon-shuhratga o‘ch yoki shifokorlar hayotidagi ko‘ngilga nima kelsa shuni qilishga odatlanib borayotganini o‘z ko‘zlari bilan taqdir yo‘llarida doim duch kelib yashaydi.
     «Muvozanat»da tog‘asi Muhammadjon akaning mislsiz og‘riqlar tufayli o‘limi oldidan vasiyat qilgan so‘zlarni eslashning o‘ziyoq, roman syujet chiziqlarini ravshanroq anglab etishni kafolatlaydi:
    «Ular bir piyola choy ichgulik fursat jim qolishdi. So‘ng ancha o‘zini bosib olgan Muhammadjon aka bosiq ovozda dona-dona qilib so‘zlay ketdi:
    — O‘zim bilan olib ketmay deyapman, jiyan. Mening umrim yolg‘on bilan kechdi. Yolgonga bosh egib, yolg‘onni yozganlarning, shuni istagan kimsalarning xizmatini qilib kechdi. Senniki shunday o‘tmasin deyapman. Hech bo‘lmasa. Haqiqatni bilib yur sen. CHunki… chunki hademay hammasi o‘zgarib ketadi. SHunda asqotadi men aytgan gaplar… Bo‘ldi, bor endi uyingga. Men charchadim, judayam charchadim, jiyanim, — Muhammadjon aka qo‘llarini ko‘ksiga ustam-ust qo‘ygancha ko‘zlarini yumdi…»
    Lavhada Muhammadjon akaning umri davomida o‘z haqiqatlarini aytolmay, barcha rejalari ichida qolib ketganini alam va armon bilan jiyani YUsufga tushuntirib berishi juda ta’sirli ifodalangan. Sobiq imperiyaning parchalanish pallasida turgani, YUsufning bola tasavvurida haybatli ko‘rinadi. Tog‘asi Muhammadjon aka bu dunyodan chin dinyoga safar qilayotgani – oliy qadriyat Mustaqillikni ko‘rolmay ketishi g‘oyat achinarli hol. Yusuf tog‘asining haqiqatlarini talabalik davrlarida yanada teranroq anglab etadi. Yangi tarixni yozish Yusuf uchun murakkab ekanligi unga tinchlik bermaydi. U shu jarayonda o‘zini juda yolg‘iz his qiladi. Bir tomondan qo‘lining qisqaligi, ikkinchi tomondan yosh oilaning kam-ko‘stlari Yusufni ruhan toliqtirib qo‘yadi. U ayni o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlarida juda qiynalib yashaydi. Adib har bir faslda voqelikni tahlillash emas, uni kuzatishni maqsad qiladi. Persanajlar munosabatiga unchalik aralashib ketilmaydi. Ba’zan muallif nutqi qahramon nutqini tasdiqlasa-da, unga munosabat bildirmaydi. Muallif barcha yukni qahramonning o‘ziga topshiradi. Bular Yusufning ichki monologlarida yanada yorqinroq akslanadi. Yusuf har safar qishlog‘iga borganida unga hayot haqidagi eng maqbul yo‘lni tanlash juda murakkab bo‘lib tuyuladi. Unda muvozanat masalasi har bir suhbatdan yana qalqib chiqaveradi.
     «Yusuf allamahalgacha uxlayolmadi. Chunki shu bir kunda ko‘rganu eshitganlari uni tinch qo‘ymayotgandi: «Ajabo, zamon, odamlar qanchalik o‘zgarib boryapti. Hamma go‘yo ko‘zi ojiz kimsa: tutganini qo‘ymaydi… O‘zim-chi? Holim ularnikidan ham battar-ku, hamon arosatdaman-ku men! Bozorga kirib adashib qolgan bolaga o‘xshayman, na zarur narsani xarid qilishni bilaman, na uyimning qaerda ekanligini. Akamning ham, otamning ham holi bunchalik emas. Akam o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb qanchalik ishonsa, otam ham o‘z e’tiqodida shunchalik sobit. Ular o‘rtasida ko‘z o‘ngimda bo‘lib o‘tgan tortishuv-jang mening ichimda necha yillardan beri borayotir-ku. Bu ne ko‘rgilikka, qarama-qarshi taraflarning har ikkisi ham mening o‘zim: «otam» ham men, «akam» ham men. Aynan shuning uchun vaqtida yurak yutib munozaraga aralasholmadim. Uning bunaqangi xafagarchilikka aylanib ketishiga to‘sqinlik qilolmadim…»
     Ko‘rinadiki, muallif bayonida qahramonning ichki monologi ifoda qilinadi. Ushbu monologik nutq roman voqeligini yanada ta’sirli chiqishida muhim ahamiyat kasb etadi. YUsuf ona qishlog‘iga borib, Toshkentda kechayotgan yupun hayoti xususida muayyan to‘xtamga keladi. Andijonga har gal borganida u o‘z hayotiga yangi mazmun, yangidan tahrir kiritadi. Ayni shu jihatlar qahramon iroda yo‘nalishini belgilab beradi. Alamzadalik va isyon iskanjasida qolgan Yusuf botinini ikki tomondan turmush ajdahosi ta’qib etayotgandek tuyuladi. Yusuf butun borlig‘ini parokanda qilgan narsaga xos ism axtarishda sobit. Lekin har gal omad o‘rniga uni mag‘lubiyat kutib turadi. Adib shu kabi bir necha psixologik lavhalarda kitobxon e’tiboriga havola qiladiki, zukko o‘qiguvchi undan olam-olam mazmun oladi.
    Yusuf qishlog‘iga keyingi safar kelganida tamomila boshqacha holatni ko‘radi. Unda shaharga qaytishga pul so‘rab qarindoshlariga yuzlanishi, lekin ularda ham pul yo‘qligi Yusufni yanada hayotini o‘zgartirishga qaror qilishga undaydi. Eratalab otasi yolg‘iz sigirni bozorga olib ketish lavhasida va uni eshitib orqasidan chopib borgan YUsufning ayanchil ahvolga tushgan holatini kuzataylik:
     « — Ota, sotmang, men pul topdim, molnii qaytaring, uyga olib ketamiz!.. To‘planganlar bir muddat hech nimani tushunmay hang-mang bo‘lib qolishdi. Ammo Odil aka birpas jim turib, nihoyat, boshini ko‘tardi. Ro‘parasidagi ozg‘in, qoramag‘iz yigitga qarab:
      — Men «sotdim» dedim. Gap tamom, mol sizniki. Qani, pulni sanang, — dedi. Halloslab etib kelgan YUsuf tomog‘iga tiqilib qolgan «tosh»ni qult etib yutib yubordi…» Ko‘rinadiki, Yusuf botinini timdalayotgan – yo‘qsillik uni ruhan juda toliqtirib qo‘ymoqda. Bu o‘rinda otasining ham oldida xijolat chekishi bunga yana musibat va alamzadalikni battar oshirmoqda. U ichida isyon qiladi. Hamma qatori yashasam, tirikchilik qilsam bo‘lmaydimi deb, adog‘siz mushohada yuritadi. Ammo uning buyuk maqsadi bum ayda-maishiy, o‘tkinchi narsalardan juda balandda turishga chorlab turaveradi. Shu boisdan ham Yusuf o‘zligini anglashda – qoniqmaslik orqasidagi ulkan saodat yashirinligini anglab ulgurgan edi. Lekin vaziyat har doim unga kulfat keltirishi tufayli bu ishonchdan hadiksirab ham turardi. Yusuf o‘z tabiatini qo‘riy olishi bilan ham qadrlidir. Do‘stlariga o‘xshab o‘zini bozorga yoki boshqa sohaga urmadi. Keyinchalik turmush tashvishlari uni ta’qib etishda davom etgan so‘ng, chorasizlikdan firmada poyafzal sotuvchi bo‘lib ishga joylashdi. Buning orqasida yana o‘sha muvozanat, asriy orzular, istaklar turardi…
     Umuman, romanda xilma-xil personajlar harakat qiladi. Har birining o‘z tabiati, o‘z xarakter qirralari mavjud. Shunday ekan, romanni polifonik tafakkur sarhadlari bilan kengayib borayotgan borliqqa qiyoslash mumkin. Binobarin, Yusuf ana shu yo‘lda mardlarcha kurashayotgan zamondosh insondir. Bundan boshqa romanda ko‘plab psixologik tasvirlar mavjud. Ularni o‘rni-o‘rnida tushunish va tahlil qilish fanimiz kelajagiga qo‘shilgan hissa bo‘ladi desak, haq gapni aytgan bo‘lamiz.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.