топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Tunyuquq bitigi. (Urxun bitiglari)

Maqolalar
Илм-фан
1889 yil, kimsasiz Mo‘g‘ul cho‘li, Bepoyon kengliklarda ahyon-ahyonda odam yashaydigan kulbalar uchraydi. Oziq-ovqatni yetarlicha g‘amlamay, uzoq yo‘lga yengnl-yelpi otlangan kishi bu joylarda juda qiynaladi. Daryo sohilidan sovuq shamol esadi. Garchi iyun oyi bo‘lsa ham sovuq shamol suyak-suyakkacha o‘tib ketadi. Otda bukchayib olgan bir necha chavandoz Urxun daryosining chap sohili bo‘ylab ketyapti. Ular ketidan ikki ot aravalarni arang tortib bormoqda.
Aravalarning birida og‘ir kasal N. Yadrinsev yotibdi. U boshchilik qilayotgan kichkina ekspeditsiya necha-necha kunlardan buyon Mo‘g‘ulistonning kam o‘rganilgan rayonlari ichkarisiga tobora ko‘proq kirib bormoqda. Ko‘p narsa planlashtirilgan, hammasiga ulgurish kerak. Shuning uchun ham N. Yadrinsev shunday og‘ir yo‘llardan bormoqda...

Ekspeditsiya a’zolari qadimgi turk davlati markazi bo‘lgan Qoraqurum shahri xarobalaridan qadimgi turk davriga oid juda ko‘p materiallar — balballar (boshi kesik haykalchalar), turli hayvonlar tasvirini topdilar. Ularni juda qiziqtirgan narsa yozuv bitilgan toshlar bo‘ldi.

Dastlabki topilgan bitigtoshlarning orqa tomonida xitoycha tekst ham bor edi. Bu xitoycha tekstlardan ma’lum bo‘ldiki, bitigtoshlar turk xoqoni Bilga xoqon va uning ukasi, turk davlatining lashkarboshisi Qul tigin sharafiga bitilgan edi. Ammo bitiglarni hech kim o‘qiy olmadi. Uzoq izlanishlardan so‘ng daniyalik olim V. Tomsen 1893 yilda bu yozuvlarni o‘qishga muvaffaq bo‘ldi.

Yodnomalardagi voqealar va shaxslar tarixiy bo‘lib, o‘z davrining barcha tomonlari—turkiy xalqlarning moddiy, ijtimoiy-siyosiy hayotini qamrab oladi, shuningdek, o‘sha davrdagi qabilalar hayotida yuz bergan jiddiy o‘zgarishlar, boshqa xalqlar bilan munosabatlari o‘z aksini topgan. Faqat shugina emas. Bitigtoshlar eng avvalo turkiy xalqlarning yozma adabiyoti namunalaridir. Bitiglarda tasvirlangan voqealarning real tarixiy asoslari xalq og‘zaki ijodi motivlari zaminida birikib, yozma adabiyotning alohida bir turini yuzaga chiqargan. Ayniqsa qahramonlik, vatanparvarlik, gumanistik g‘oyalarning bosh o‘ringa chiqishi alohida diqqatga sazovardir.

Tunyuquq bitigi

Bu bitigtosh ikkinchi turk xoqonligiga asos solgan Eltarish xoqonning maslahatchisi va sarkardasi To‘kyuquqqa bag‘ishlab 712-716 yillarda yozilgan. To‘nyuquq Qopog‘on va Bilga xoqonlarning ham maslahatchisi bo‘lgan. To‘nyuquq bitigini o‘zi tirikligida yozdirgan. Bitigtosh Mongoliyaning Bain-Sokto manzilidan topilgan va hozir ham o‘sha yerda saqlanadi.

Bitigda turkiylarning bir qancha dushman qabilalarga qarshi kurashi, To‘nyuquqning xalq oldidagi xizmatlari hikoya qilinadi. Bitigda To‘nyuquqning xizmatlari yuksak baholanadi. To‘nyuquq butun kuch-g‘ayratiii xalqni dushmandan himoya qilishga, uning g‘alabasi uchun sarflaydi. To‘nyuquqning donoligi, tadbirkorligi, jasurligi ko‘p g‘alabalarning garovi sifatida ta’kidlanadi. Satrlarda bayon etilgan voqealar To‘nyuquqniig faoliyatini va uning turk xalqiga sodiqligini ko‘rsatadi.

To‘nyuquq bitigi ham yuksak saviyada yozilganligi uchun va gumanizmi, ayniqsa qahramonlik motivining asosiy o‘rin tutganligi bilan ahamiyatlidir. Mazkur bitigda xalq maqol va matallarining ko‘p qo‘llanishi uning badiiy ifoda imkoniyatlarini kengaytirgan.

TO‘NYuQUQ BITIGI

Dono To‘nyuquq—men o‘zim, Tabg‘ach davlatida tarbiyalandim. Turk xalqi Tabg‘ach davlatiga bo‘ysunar edi.

Turk xalqi o‘zining xoni bilan ham bo‘lmay, Tabg‘ach xoqonligiga qo‘shildi, xonlik bo‘ldi. O‘z xonini qo‘yib, yana Tabg‘ach xoqonligiga qo‘shildi. Tangri shunday degan ekan: Xon berdim. Xoningni qo‘yib taslim bo‘lding. Tabg‘achga taslim bo‘lgani uchun tangri o‘l, degan shekilli.

Turk xalqi o‘ldi, yo‘q bo‘ldi, tugadi. Turk sir xalqi yerida birorta ham urug‘ qolmadi. Ichkariyu tashqarida qolgani to‘planib yetti yuzta bo‘ldi, ikki qiyomi otliq, bir qismi yayov edi. Yetti yuz kishini uyushtiradigan boshlig‘i shad edi. Unvon ol, dedi. Unvon oladigani men edim — Bilga To‘nyuquq. Xoqonni ham qo‘lga olayin, dedim, so‘ngra o‘yladim: oriq buqa va semiz buqani (birov) tezagidan bilsa, birov semiz buqa va oriq buqani ajrata olmas emish, shunday deb o‘yladim. Shundan so‘ng Tangri bilim bergani uchun faqat o‘zim xoqonni qo‘lga oldim, dono To‘nyuquq, bo‘yla bag‘a tarxan bilan Eltarish xoqon birga bo‘lib, janubda Tabg‘achni, Sharqda Xitoyni, shimolda o‘g‘uzni ko‘plab o‘ldirdi. Allomasi, chovushi men o‘zimgina edim. Chug‘ay kuzni va Qoraqumni manzil qilib olgan edik. U yerda kiyik yeb, quyon yeb turar edik. Xalqning tomog‘i to‘q edi. Dushmanimiz atrofga qanotini yetkazdi. Biz shay edik, shunday turar (yashaguvchi) erk ahli. O‘g‘uzdan o‘shanda kuzatuvchi keldi. Kuzatuvchining gaplari shunday: To‘quz o‘g‘uz xalqi ustiga bir xoqon hukmron bo‘ldi, deydi. Tabg‘achga Kuni Sangunni yuboribdi, Xitoyga To‘ngra Semni yuboribdi. Ularga shunday gap yuboribdi: ozgina turk xalqi yurgan emish. Xoqoni bahodir ekan, maslahatchisi alloma ekan. O‘sha ikki kishi bor bo‘lsa, seni, Tabg‘achni o‘ldirajak, deyman, shimolda Xitoyni o‘ldirajak, deyman, meni, o‘g‘uzni u ham o‘ldirajak, deyman. Tabg‘ach, sen o‘ngdan hujum qil! Xitoy, oldidan hujum qil! Men chapdan hujum qilay. Turk sir xalqi yerida boshqa ega yurmasin. Eplasak, o‘sha egani yo‘q qilaylik, deyman. O‘sha gapni eshitib, tun uxlagim kelmadi, kunduz o‘tirgim kelmadi. Uydan so‘ng xoqonimga iltimos qildim. Shunday iltimos qildim: Tabg‘ach, O‘g‘uz, Xitoy — bu uchovi qamal qilsa, qamalda qolajakmiz. Unda vujudining ichi-toshini — molu jonini topshirgan kishiday bo‘lamiz. Yupqa yig‘in tor-mor qilishga oson emish, ingichka yig‘in uzishga oson emish. Yupqa qalin bo‘lsa, tor-mor qiladigan bahodir emish. Ingichka yo‘g‘on bo‘lsa, uzadigan bahodir emish. Sharqda Xitoydan, janubda Tabg‘achdan, g‘arbda Qurdamdan, shimolda O‘g‘uzdan himoyalanish uchun ikki-uch ming askarimiz bor. Bundan boshqa keladiganimiz bormidi? Shunday deb iltimos qildim. Xoqonim, men dono To‘nyuquqning arzini eshitdi. Ko‘nglingga qarab yo‘l tut,— dedi. Ko‘k o‘ngni yuqorilab, O‘tukan yishga tomon yo‘l oldim. Inigak qo‘l bo‘yiga To‘g‘ladan O‘g‘uz keldi. Ularning lashkari uch ming ekan, biz ikki ming edik, urushdik, tangri yorliqadi, qochirdik, daryoga tushdi. Qochgan yo‘lida yana o‘ldi. Shundan keyin o‘g‘uz ko‘plab taslim bo‘lib keldi. Men o‘zim turk xalqini ham O‘tukan yeriga keltirdim. Bilg‘a To‘nyuquq O‘tukan yeriga qo‘nibdi deb eshitib, janubdagi, shimoldagi xalq keldi. Biz ikki ming edik, ikki qo‘shin bo‘ldi. Turk xalqi yer yuziga o‘rnashgandan beri, Turk xoqoni taxtga o‘rnashgandan beri Shantung shahriga, dengiz, daryoga yetmagan edi. Xoqonimga arz qilib lashkar tortdim.

Shantung shahriga, dengiz, daryoga yetkazdim, yigirma uch shahar mag‘lub bo‘ldi. Dushmanning uyqusi harom bo‘lib, cho‘l-biyobonda yotib qoldi. Tabg‘ach xoqoni dushmanimiz edi. O‘n o‘q xoqoni ham dushmanimiz edi. Undan ortiq qirg‘izning qudratli xoqoni dushmanimiz bo‘ldi, o‘sha uch xoqon maslahatlashib, Oltin yish ustiga talon solaylik depti, shunday maslahat qilishibdi. Sharqqa Turk xoqoniga lashkar tortaylik depti, unga qarshi lashkar tortmasa, qachon g‘azablansa, u bizni yo‘q qiladi, depti. Xoqoni bahodir ekan, maslahatchisi alloma ekan, qachon g‘azablansa, o‘ldiradigan ko‘rinadi. Uchovimiz yopirilib hujum qilaylik, uni yo‘qotaylik depti. Turgash hoqoni shunday depti: mening xalqim u yerda bo‘ladi. Turk xalqi yana hayajonda depti. O‘g‘uzi yana parokanda depti. O‘sha gapini eshitib tunlari uyqum kelmas edi, kunduzlari o‘tirgim kelmas edi. Shunday o‘yladim: Tabg‘ach, o‘n o‘q, qirg‘iz xoqoniga Ko‘gman tog‘idan oshib o‘tib hujum qilamiz. Shuning uchun avval biz lashkar tortaylik dedim.

Ko‘gman yo‘li bitta ekan. Yo‘lni qor bosgan deb eshtib, bu yo‘l bilan yursa yaramaydi, dedim. Yerchi (yer biladigan kishi) surishtirdim. Cho‘llik az qabilasidan bir

yigitni topdim. Az yerini u yaxshi bilar ekan, bir manzili bor ekan. Ani daryosi bilan borilar ekan, o‘sha yerda bir otlig‘ yo‘l yurib boriladi, dedi. O‘sha yo‘l bilan yursa imkon bor deb o‘yladim. Xoqonimga buni aytib yo‘shinni yo‘lga soldim, otlantir!— deb buyro‘q berdim.

Oq tarmal (hozirgi Xua Kem) daryosini kechib o‘tib, qo‘shinga lager qurishga ijozat berdim. Bir oz dam olgach, otlanishga buyruq berdim, qorni yorib, yuqoriga otni yetaklab, o‘zimiz yayov yurib, daraxtlarga tayanib qo‘shinni chiqardim. Oldindagi yigitlar ilgarilab, o‘simliklar bor dovondan oshdik. Undan qiynalib pastga tushdik. Un kun davomida biz yonlama yo‘llardan yurdik, to‘siqni aylanib o‘tdik. Yerchi ham yanglishib, bo‘g‘izlandi. Xoqon xafa bo‘lib, otlarni choptiringlar, dedi.

Ani daryosidan boraylik! — dedim. Daryo suvining quyi tomoniga yurdik. Lashkarni sanagani tushirdik, otlarni o‘tga boyladik. Keyin yana yo‘lga tushdik. Kun ham, tun ham yelib bordik. Qirg‘izni uyquda bosdik. Biz lashkarlarimizning engagini (old qismini) jangga kiritdik. Qirg‘iz xonining lashkari yig‘ildi. Jang qildik, sanchdik, xoqonini o‘ldirdik. Bizning xoqonga qirg‘iz xalqi taslim bo‘ldi, ta’zim qildi. Qaytdik. Yana Ko‘gmanni aylanib keldik. Qirg‘izdan qaytganimizdan so‘ng, Turgash xoqonidan kuzatuvchi keldi. Gapi shunday: Sharqdan Turk xoqoniga qo‘shin tortaylik, qo‘shin tortmasak, u bizni yo‘q qiladi. Xoqoni bahodir ekan, maslahatchisi alloma ekan, har qanday yo‘l bilan bizni o‘ldiradigan ko‘rinadi, depti. Turgash xoqoni yo‘lga chiqibdi, dedi. O‘n o‘q xalqning hammasi chiqibdi, dedi. Tabg‘ach lashkari ham bor ekan, o‘sha gapni eshitib, xoqonim men uyga tushayin, dedi. Xotini vafot etgan edi. Uning marosimini o‘tkazayin, dedi. Qo‘shin bilan boring, dedi. Oltin yishda o‘rnashing, dedi. Lashkarboshi Inol xoqon, Tardush shad borsin dedi. Dono To‘nyuquqqa — menga aytdi: bu qo‘shinni olib bor, dedi. Karamu g‘azabni ko‘nglingdagiday qil, men senga nima ham deyin, dedi. Dushman keladigan bo‘lsa, bahodir yigitlarni yig‘ va dushmanni o‘ldir. Kelmaydigan bo‘lsa, til tutib ma’lumot olib tur, dedi.

Oltin yishda o‘rnashdik. Uch kuzatuvchi kishi keldi, gapi bir: Xoqoni lashkar bilan yo‘lga chiqqan, o‘n o‘q lashkari bekamu ko‘st chiqqan, dedi. Yaris dashtida yig‘ilamiz, degan. O‘sha gapni eshitib, xoqonga u gapni jo‘natdim: «Nima o‘ylayin!» Gapni olib qaytib keldi: shu yerda turing!— deb aytibdi. Borma, yaxshilab qorovul qo‘y, dushmanga bostirib qo‘yma! — depti. Bugu xoqon menga shunday deb aytib yuboribdi. Bosh lashkarboshiga maxfiy gap yuboribdi: dono To‘nyuquq hushyor, u o‘zi biladi. Lashkar bilan yo‘lga chiqmoqchi bo‘lsa, unamang. U gapni eshitib, qo‘shinni yo‘lga soldim. Oltin yishning o‘tib bo‘lmas joyidan oshdik, Irtish daryosining o‘tib bo‘lmas joyidan kechib o‘tdik, tunda to‘xtamadik. Bo‘luchuga tong otganda yetib keldik.

Bizning kuzatuvchilarimiz til tutib keltirdi. Gapi shunday: Yaris dashtida o‘n tuman lashkar yig‘ildi. Bu gapni eshitib, beklar hammasi qaytaylik, pokiza uyat yaxshidir, dedilar. Men esa shunday deganman, men dono To‘nyuquq: Oltin yishni oshib keldik, Irtish daryosini kechib keldik. Jangchilarning kelgani qahramon, deganlar. Dushman sezmay qoldi. Tangri, Umay, muqaddas yer-suv dushmanni bosib bergan ko‘rinadi. Nega chekinamiz, dushmanni ko‘p deb, nega qo‘rqamiz, o‘zimizni oz deb. Qani bosaylik, hujum qilaylik, dedim. Hujum qildik, dushmanni tor-mor qildik. Ikkinchi kun keldi. Urushdik. Ularning qo‘shini biznikkdan ikki qanoti yarmicha ortiq edi. Tangri yorlaqagani uchun, dushman ko‘p deb biz qo‘rqmadik, jang qildik. Tardush shadi ham o‘n o‘q xoqoni tomonda ishtirok qildi. Ularni ham tor-mor qildik, xoqoni, yabg‘usi, shadi o‘sha yerda o‘ldirildi. Elliktacha yigitni tutdik va o‘sha kechasiyoq har birini o‘z xalqiga jo‘natdik. U gapni eshitib, o‘n o‘q beglari, xalqi, hammasi bizga bosh egib keldi. Kelgan beklarni, xalqini surib, ozgina xalq qochgan edi. O‘n o‘q lashkarini jang qildirdim. Biz ham lashkar tortdik, uni quvdik. Inju o‘g‘izni kechib Tinsi o‘g‘li yetadigan Bangligak tog‘ini oshib o‘tib, Temir darvozagacha quvib bordik. O‘sha yerdan qaytardik. Inal xoqonga arab va tuxor (arablarning ittifoqdoshi) hujum qildi. O‘shanda ajraladigan choki bor dubulg‘a kiygan so‘g‘doq xalqi hammasi keldi. O‘sha kuni hujum qildi. Turk xalqi Temir darvozaga, Tinsi o‘g‘li yotadigan toqqa yetdi. Egasi yo‘q ekan. U yerga men, dono To‘nyuquq yetkazib borganim uchun sariq oltin, oq kumush, qiz-juvon, egri tuya, ipak hadsiz keltirdilar. Eltarish xoqon dono maslahatchisi bor uchun, qahramon bo‘lgani uchun Tabg‘achga qarshi o‘n yetti marta urush qildi. Qitanylarga qarshi yetti marta urush qildi. O‘g‘uzga qarshi besh marta urush qildi. O‘shanda maslahatchisi ham mening o‘zim edim, urushuvchi ham men o‘zim edim. Eltarish xoqonga, Turk Bo‘gu xoqonga, Turk Bilga xoqopga xizmat qildim, tun uxlamay, kunduz o‘tirmay, qizil qonimni tugatib, qora terim yugurtib, mehnatni, kuchni berdim, axir, men o‘zim uzoqlarga bosqin uyushtirib turdim. Qo‘ng‘ir qo‘y, oq otni katta qildim. Bosib olishga urinadigan dushmanni poymol qilar edim. Xoqonim bilan lashkarlar tortdik, tangri yorliqasin! Bu turk xalqiga qurolli dushmanni keltirmadim, yalovli otni yugurtirmadim. Eltarish xoqon muvaffaqiyat qozonmasa, unga qo‘shilib men o‘zim muvaffaqiyat qozonmasam, davlat ham, xalq ham yo‘q bo‘ladigan edi. Xoqonim muvaffaqiyat qozongani uchun, men o‘zim muvaffaqiyat qozonganim uchun davlat ham davlat bo‘ldi, xalq ham xalq bo‘ldi, o‘zim chol bo‘ldim, ulg‘aydim. Allaqanday yerdagi xoqonlik xalqqa don so‘k bo‘lsa ham, nima g‘ami bo‘lar edi?!

Turk Bilga xoqon davlatida bu bitigni yozdirdim, Men Bilga To‘nyuquq, Eltarish hoqon muvaffaqiyat qozonmasa edi, u bo‘lmasa edi, men o‘zim, dono To‘nyuquq, muvaffaqiyat qozonmasam edi, men bo‘lmasam edi, Qapa g‘an xoqon boshliq Turk sir xalqi yerida urug‘ ham, xalq ham, kishi ham, turk xalqi yeriga xo‘jayin ham bo‘lmas edi.

Eltarish xoqon va dono To‘shoquq muvaffaqiyat qozongani uchun Qapag‘an xoqon, Turk sir xalqi yurgan bu davlat yashab turibdi. Turk Bilga xoqon Turk sir xalqini, o‘g‘uz xalqini tarbiyat qilib turibdi.


Шохистахон Ульжаевой.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.