топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

An’anaviy avgust kengashlari

Maqolalar
Илм-фан
   Ўқитувчига ёрдам
    Ишланмалар
    An’anaviy avgust kengashlari

An’anaviy avgust kengashlarining sho‘ba va yalpi yig‘ilishlarini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida ta’lim sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, o‘qitish mazmunini yangilash, takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, barkamol avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinishi xalq ta’limi tizimida o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi.

Harakatlar strategiyasining to‘rtinchi “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” bo‘limida ta’lim va fan sohasini yanada taraqqiy ettirishning quyidagi aniq choralari belgilab berildi:

* ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va o‘quv-metodik qo‘l¬lanmalar bilan jihozlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish orqali ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

* maktabgacha ta’lim muas¬sa¬salari tarmog‘ini kengaytirish, bolalarning har tomonlama intel¬lektual, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun ushbu muas¬sasalardagi shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishini jiddiy oshirish va uning qulayligini ta’minlash, pedagog va mutaxassislarning malaka darajasini yuksaltirish;

* umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, chet tillar, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi talab yuqori bo‘lgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish;

* bolalarni sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga, musiqa hamda san’atga jalb qilish maq¬sadida yangi bolalar sporti ob’ektlarini, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish;

* kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini bozor iqtisodiyoti va ish beruvchilarning ehtiyojlariga ja¬vob beradigan mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash hamda ishga joylashtirish borasidagi ishlarni takomillashtirish;

* ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muas¬sasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish;

* ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish kabi vazifalar belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining shu yil 6-apreldagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 187-sonli va 15-martdagi “Umumiy o‘rta ta’”lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 140-sonli qarori sohani rivojlantirishdagi yana bir o‘ziga xos yangilik bo‘ldi.

O‘z navbatida bu yangilik va o‘zgarishlar har bir xodimdan 2017-2018-o‘quv yilida yanada g‘ayrat bilan ishlashni, fidoyilikni talab qiladi.

Bu yilgi avgust kengashlari o‘tkazishda quyidagi vazifalarga e’tibor qaratish lozim:

* avgust kengashlarining yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturidagi maqsad va vazifalarni pedagog-xodimlarga yetkazish;

* viloyat, tuman(shahar)lardagi yalpi va sho‘ba yig‘ilishlarida erishilgan yutuqlar bilan birga aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan takliflar, asosida ta’limni rivojlantirishni ta’minlashga e’tibor qaratish;

* kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan davlat ta’lim stan¬dartlari, o‘quv dasturlari, darslik¬lardagi o‘zgarishlarni har bir pedagog xodimga yetkazish;

* Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan boshlang‘ich ta’lim (13-,14-iyul 2016-yil), tabiiy va aniq fan¬lar (8-,9— noyabr 2016-yil) ijtimoiy fanlar (24-,25— mart 2017-yil) amaliy fanlar (4-,5-iyul 2017-yil) bo‘yicha o‘qituvchilarining Respublika forumi tavsiyalari hamda yanvar oyidan shu kunga qadar tashkil etilgan (tabiiy va aniq fanlar, filologiya va chet tili yo‘nalishidagi fanlar, ijtimoiy, amaliy fanlar) yo‘nalishidagi videoseminar materiallari mazmun-mohiyatini har bir o‘qituvchiga yetkazish;

* eduportal.uz va rtm.uz saytiga joylashtirilgan metodik materiallar, “Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan DTSni joriy etishga tayyormisiz?”, “Pedagogik texno¬logiyalar tayanch kompetensiyalarni shakllantirish omili”, “Biologiyadan tayanch kompetensiyalar fanlararo bog‘lanish orqali shakllantirilsa, o‘zlashtirish samaradorligi oshadi”, “Fizika darsida refleksiya o‘tkazish metodikasi”, “O‘lchov birliklari, undan foydalanishni boshlang‘ich sinf o‘quvchisiga to‘g‘ri o‘rgataylik”, “O‘xshatish va solishtiish ko‘nikmasini shakllantirish metodikasi”, “Tadqiqotchilik ta’lim texnologiyasi”, “O‘quvchilarda predmetga oid kompetensiyalarni shakllantirish”, “Kompetentlikka yo‘naltirilgan topshiriqlar”, “Tabiiy fanlardan laboratoriya mashg‘ulotlari” kabi materiallar bilan tanishtirish;

* o‘qituvchilarga zamonaviy axborot-kommunikatsiyon texnolo¬giyalari, elektron ta’lim resurslari va multimedia taqdimotlaridan foyda¬lanish bo‘yicha bilimlarni yetkazish;

* ta’lim sifati monitoringi, fan olimpiadasi, Bilimlar bellashuvi, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi natijalarini tahlil qilish orqali ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tahlillar asosida taqdimotlar o‘tkazish, yangi o‘quv yilida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar (bo‘shliqlarni to‘ldirish) yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqish;

* umumiy o‘rta ta’lim maktablarining pedagogik kengash, metodik kengash va metodbirlashmalar faoliyatining samaradorligini oshirish;

* tahlil asosida ta’lim berishning zamonaviy metodlari bilan muntazam tanishtirib borish maqsadida o‘quvlar, konferensiyalar tashkil qilish, ilg‘or tajribalarni targ‘ib qilish, videodarslar, elektron dars ishlanmalar, tavsiyalarni ta’lim portalida berib borish orqali pedagoglarga metodik ko’maklashish, ularning ilmiy salohiyatini oshirishga yo‘naltirish, o‘z ustida ishlashini tizimli yo‘lga qo‘yish;

* o‘quvchilarda hurmat-ehtirom tuyg‘ularini shakllantirish, dunyo¬qarashini kengaytirishga oid ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishdan iborat.

An’anaviy avgust kengashlarini o‘tkazish tartibi

Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun bu yilgi avgust kengashlarini Xalq ta’limi vazirligining 2017-yil 14-iyundagi “An’anaviy avgust kengashlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 201-sonli buyrug‘iga asosida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida o‘tkazish tavsiya etiladi.

An’anaviy avgust kengashlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha trener-o‘qituvchilarni tayyorlash uchun respublika o‘quv-videoseminari 2017-yilning 8-10— avgust, hududlarda o‘quv semi¬narlar 14-15-avgust, tuman (sha¬har)larda fan va yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlari 17–19-avgust, tuman (shahar)larda yalpi yig‘ilishlar ¬22–25-avgust, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida pedagogik kengash yig‘ilishlari 29–31-avgust kunlari o‘tkaziladi.

Viloyat xalq ta’limi boshqar¬malarida an’anaviy avgust kengashining sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish uchun trener-o‘qituv¬chilarni tayyorlash bo‘yicha respublika o‘quv-videoseminari hamda hududiy o‘quv-seminarlarini o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar:

An’anaviy avgust kengashlarining eng muhim jihati bu tuman (shahar) miqyosida har bir fan kesimidagi sho‘ba yig‘ilishlarini samarali tashkil etishdir. Shuning uchun bu yig‘ilishlarni o‘tkazuvchi trenerlarni tayyorlashga mas’uliyat bilan yondashish lozim. Xususan, respublika o‘quv-videoseminarida hududiy studiyalarda qatnashadigan trener-o‘qituvchilarni shakllantirishda ijodkor, izlanuvchan va Xalq ta’limi vazirining 2017- yil 16-maydagi “Umumiy o‘rta ta’limning Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlarini amaliyotga samarali joriy etish yuzasidan maqsadli o‘quvlar tashkil etish to‘g‘risida”gi 166-sonli buyrug‘i asosida o‘tkazilgan o‘quvlarda qatnashgan o‘qituvchilarni jalb etishga alohida e’tibor berish kerak.

Respublika o‘quv-seminarlari sho‘balarining mavzuiy dasturi quyidagicha:

1. Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlarini 2017-2018-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bos¬qich amaliyotga joriy etish.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 187-sonli qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan kompeten¬siyaviy yondashuvga asoslangan Davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini amaliyotga samarali joriy etishda yo‘nalishlar bo‘yicha xalq ta’limi xodimlari oldida turgan vazifalar:

* filologiya fanlari yo‘nalishi;

* tabiiy va aniq fanlar yo‘nalishi;

* ijtimoiy fanlar yo‘nalishi;

* amaliy fanlar yo‘nalishi kabi.

2. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshi¬rish:

* umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda chet tili fanlarining o‘qitilishi: o‘rganish, o‘qitish, baholash;

* ta’lim sifati monitoringi jarayonida o‘quvchilarda umumta’lim fanlaridan kompetensiyalar shakllanganligini aniqlash mexanizmi;

* ta’lim muassasalari faoliyatini attestatsiya va akkreditatsiya qilish jarayonida uchragan kamchiliklarni bartaraf etish.

3. Vazirlar Mahkamasining joriy yil 140-sonli qarori ijrosini ama¬li¬yotga joriy etish:

* ta’lim muassasalari direktorlari va ularning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarining yangi o‘quv yilidagi vazifalari;

* Ta’lim muassasalarida o‘quv-laboratoriya jihozlaridan samarali foydalanish;

* Umumta’lim maktablarida amaliyotchi psixologlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi vazifalar;

4. Ta’lim muassasalarida ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarini yanada samarali tashkil etishning dolzarb vazifalari:

* ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tavallud topgan sana — 30 yanvar kunini keng nishonlash, 2-sentabr kuni Xotira kuni tadbirlarini tashkil etish yuzasidan tavsiyalar;

* umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarida yuksak huquqiy madaniyatni shakllantirish omillari;

* umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tarbiyaviy soat mashg‘ulotlarini o‘tishda innovatsion yondashuv hamda tarbiyaviy soatlarning yangi mavzu rejalari va mavzular bo‘yicha namunaviy dars ishlanmalari;

5. Maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish va o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish:

* “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyati samaradorligini oshirish;

* Umumta’lim maktablarida o‘quvchilar qiziqishi bo‘yicha to‘garaklarni tashkil etishning samarali usullari.

6. Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarga uyda yakka tartibda ta’limni tashkil etish:

* o‘quvchilarni uyda yakka tartibda o‘qitish va dars o‘tayotgan o‘qituvchilarning ish hujjatlarini rasmiylashtirish;

* imkoniyati cheklangan bolalarga dars o‘tishning samarali yo‘llari va metodlari.

7. Maktabgacha ta’lim muas¬sasalarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish yo‘llari:

* O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017–2021-yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-2707-sonli qarori asosida takomillashtirilgan normativ-huquqiy hujjatlar, yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha ta’limga qo‘yilgan Davlat talablari”ni maktabgacha ta’lim muassasalari ta’lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etish;

* 5-6 yoshli bolalarni maktab ta’limiga tayyorlashning yangi shakllarini joriy etish maqsadida qisqa muddatli (3-4 soatli) guruhlar faoliyatini takomillashtirish;

* bolalarni intellektual, estetik va jismoniy rivojlantirish, oilalar uchun tarqatilgan 5 va 7 nomdagi kitoblardan foydalangan holda maktab ta’limiga sifatli tayyorlashda maktabgacha ta’lim muassasasi, oila, maktab, mahalla hamkorligini yo‘lga qo‘yish.

Trener-o‘qituvchilarni tay¬yorlash bo‘yicha hududlarda o‘quv-seminarlarni tashkil etish

Viloyatda tashkil etiladigan o‘quv-seminar fanlar va mutaxassisliklar, yo‘nalishlar bo‘yicha alohida-alohida o‘tkaziladi. Shuning uchun, tuman(shahar)lar kesimida fan sho‘balari va fan o‘qituvchilarining sonidan kelib chiqib, trener-o‘qituvchilar ro‘yxatini shakllan¬tirishga ahamiyat qaratiladi.

Tuman(shahar) sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish uchun trenerlar tayyorlash o‘quv-seminarida kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan DTS va o‘quv dasturlarini tajriba-sinovdan o‘tkazgan va viloyatdagi ilg‘or, tajribali trener-o‘qituvchilar hamda HTXQTMOI o‘qituvchilarini jalb qilgan holda bir kunlik o‘quv o‘tkazish maqsadga muvofiq.

O‘quv-seminar mavzularini belgilashda quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim:

1. Kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan DTS va o‘quv dasturi bilan tanishtirish hamda u asosda taqvim-mavzu reja tuzish (2 soat).

2. Kompetensiyaviy yondashuv asosida o‘tiladigan dars jarayonini tashkil qilish va o‘tkazishda o‘qituvchilar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar (1 soat).

3. Dars jarayonida qo‘llanadigan multimedia vositalaridan foydalanish yo‘llari (1 soat).

4. Dars jarayonida o‘quvchilarda kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan metodlar va ularni qo‘llash yo‘llari (1 soat).

5. Darsda o‘quvchilarning mustaqil va ijodiy faoliyatini tashkil etish yo‘llari va baholash mezonlari haqida (1 soat).

O‘quv-seminar materiallarini tayyorlashda respublika o‘quv-videoseminari materiallari hamda Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi saytlariga joylashtirilgan fanlar kesimida o‘tkazilgan forum, videoseminar materiallari, “Ma’rifat” gazetasida fanlar bo‘yicha berilgan tavsiyalar va o‘quvchilarda kompetensiyaviy yondashuvni shakllantirishga oid materiallardan foydalanish lozim.

Avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiya

Tuman(shahar)da sho‘ba yig‘ilishlar fan o‘qituvchilari, umumiy o‘rta ta’lim maktab rahbarlari (direktor, direktor o‘rinbosari) kutubxonachi, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari uchun tashkil etiladi.

Tashkiliy ishlar:

Tuman(shahar) miqyosida fan sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish uchun:

* fan yo‘nalishidagi zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlagan tayanch umumiy o‘rta ta’lim maktabni tanlab olish;

* tayanch umumiy o‘rta ta’lim maktablarida amalga oshirilgan ijodiy ishlar va har bir maktabning o‘quv yili yakunidagi ko‘rsatkichlarini aks ettirgan namoyishlar hamda kitoblar ko‘rgazmasini tashkil etish;

* fan sho‘ba yig‘ilishlariga barcha o‘qituvchilarni to‘liq qamrab olishga erishish, o‘qituvchilar sonini guruhlarda 25 nafar etib belgilash. Trener o‘qituvchilarni sho‘balar sonidan kelib chiqqan holda belgilash hamda viloyat o‘quv-seminari uchun ularning ro‘yxatini shakllantirish;

* tuman(shahar) fan sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazish jadvalini tuzish va shu jadval asosida o‘tkazilishini ta’minlash;

* zarur kompyuter, videoproektor, qog‘oz, marker va boshqa vositalarni tayyorlash.

* sho‘ba yig‘ilishlari ishtirokchilariga tuman(shahar), viloyat va respublikada ish tajribasi ommalashtirilgan ilg‘or o‘qituvchilarning faoliyatini targ‘ib qiluvchi tavsiyalarni tarqatish.

Sho‘ba yig‘ilishlariga rahbarlik tuman(shahar) miqyosidagi fan metodisti yoki fan uyushmasi raisi tomonidan olib boriladi.

Avgust sho‘ba yig‘ilishlarida ta’lim sifatini oshirishga oid quyidagi yo‘nalish va mavzularda fikr yuritish tavsiya etiladi.

Sho‘ba yig‘ilishlarida:

* ta’lim jarayoniga tatbiq etiladigan o‘quv reja, o‘quv dastur va darsliklardagi o‘zgarishlarni pedagog-xodimlarga yetkazish;

* o‘qituvchilarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim-resurslari va multimedia vositalaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berish;

* fanlar bo‘yicha monitoring, olimpiada va bilimlar bellashuvi natijalarini tahlil qilish orqali aniqlangan bo‘shliqlar yuzasidan ijodkor o‘qituvchilar va “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari ishtirokida “Mahorat darslar”i tashkil etish;

* dars jarayonida multimediali ilovalar axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga oid ochiq darslar tashkil etish;

* ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarining o‘quv reja va dasturlarini, o‘quv qo‘llanmalarni jarayonga tatbiq etishga oid yo‘riqnoma berish;

* to‘garaklar tashkil etish va uning rejasini tuzish, o‘tkazish usullari haqida tavsiya berish;

* Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazining veb-sayti va boshqa manbalardagi metodik materiallar bilan tanishtirish hamda ulardan foydalanish yo‘llarini o‘rgatish;

* har bir o‘quvchining ehtiyoji, qiziqishi, iqtidori va imkoniyatiga qarab o‘quv topshiriqlarini tayyorlashni o‘rgatish.

“Mustaqillik darslari”ni mazmunan yuqori saviyada tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘ri¬sida”gi PQ-2744-sonli qaroriga muvofiq xotira darslarini tashkil etishga oid tavsiyalar berish maqsadga muvofiq.

O‘quvlar yakunlangach, ishtirokchilar bilan o‘zaro muloqotlar tashil etiladi. Muloqot natijasida ularning takliflari va hozirgi kun talabidan kelib chiqib, vazifalar belgilanadi.

Avgust kengashlarining yalpi yig‘ilishlarini o‘tkazishga oid tavsiyalar

Avgust kengashlarining yalpi yig‘ilishlari sho‘ba yig‘ilishlaridan keyin, madaniyat saroylarida, ochiq amfiteatrlarda, istirohat bog‘larida yoki namunaviy maktablarda o‘tkazish tavsiya etiladi.

Yalpi yig‘ilishlariga tuman(shahar) hokimligining mas’ul xodimlari, hokimlik tarkibidagi tuzilmalarning rahbarlari, davlat va nodavlat tashkilotlari, jamg‘armalar hamda homiy tashkilot vakillari, xalq ta’limi sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilib, hozir nafaqada bo‘lgan ustoz-muallimlar va “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, yosh pedagoglar taklif etiladi.

Yig‘ilishga mahalliy hokim yoki uning o‘rinbosari, “Mahalla” xayriya jamoat fondining hududiy bo‘limi vakillarini taklif etish ta’lim dargohida yo‘l qo‘yilayotgan muammolarni bartaraf etishga yordam beradi. Ularning takliflari ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga zamin yaratadi.

Kengaytirilgan yig’ilishda tuman(shahar) XTMFMTTEB mudiri tumandagi ta’lim-tarbiya jarayoni va uni takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar va ularning yechimi bo‘yicha videolavha asosida hisobot qiladi.

Tuman(shahar) hokimligining mas’ul vakillari, tuman (shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi xodimlari, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash idoralari vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etish yaxshi natija beradi.

Shuningdek, anjumanda yosh o‘qituvchilar qasamyodi, ularni o‘qituvchilar safiga qabul qilish, fidoyi xalq ta’limi xodimlarini taqdirlash hamda ijodkor, san’atkorlarning chiqishi tashkil etilishi muhim sanaladi.

Muloqot yakunida kelgusi vazifalar belgilab olinadi va 2017-2018-o‘quv yilida bajariladigan ishlar yuzasidan murojaatnoma qabul qilinadi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida pedagogik kengashlarni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan tavsiya

Pedagogik kengashlari joriy yilning 1-sentabrigacha bo‘lgan muddatda o‘tkazish tavsiya etiladi.

Pedagogik kengash yig‘ilishidan 10 kun oldin o‘qituvchilar soniga qarab uch guruh va har bir guruhda bir nechta fokus guruhlarni tuzib olish lozim. Har bir guruhga alohida topshiriq beriladi. Topshiriqlar fokus guruhlarida muhokama qilinib, takliflar tayyorlanadi. Birinchi guruhga “Umumiy o‘rta ta’lim maktabimizning samarali faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yo‘llari”, ikkinchi guruhga “Ta’lim sifatini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari”, uchinchi guruhga “Dars jarayonida o‘quvchilarning o‘qishga qiziqishini oshirish, mustaqil ta’lim olishini shakllantirish uchun o‘qituvchilar tomonidan qanday ishlarni amalga oshirish lozim?” mavzularida topshiriqlar beriladi.

Pedagogik kengash quyidagi tartibda o‘tkaziladi:

1. Kengash yig‘ilishida umumiy o‘rta ta’lim maktabining direktori o‘qituvchilarning hisoboti asosida metodbirlashma raisi tomonidan tayyorlangan yakuniy ma’lumot, sinflar kesimida tayyorlangan monitoring natijalari asosida har bir o‘qituvchining faoliyatini baholab, hisobot beradi.

2. Har bir fokus guruhi berilgan topshiriqlar bo‘yicha o‘z taklifini bayon qiladi. Ushbu takliflar muhokama qilinib, yangi o‘quv yili uchun tavsiyalar qabul qilinadi.

Yangi o‘quv yili oldidan an’anaviy avgust kengashlarini to‘g‘ri va sifatli tashkil etish ta’limda yuqori samaradorlikka erishishda muhim ahamiyatga ega. Buning uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmalari hamda tuman(shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi metodistlari o‘z vazifalariga sidqidildan yondashishlari maqsadga muvofiqdir.

(Avgust anjumanlarini yanada samarali o‘tkazish uchun ushbu tavsiyalardan ijodiy foydalanish mumkin.)

Respublika ta’lim markazi

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.