топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Istiqbolimiz me'mori

Самарқанд давлат чет тиллар институти жамоавий блоги
O'zbekiston Respublilasining birinchi Prezidenti I.A. Karimov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlanadi.
 
Istiqbolimiz me'mori
Kelajakni jasoratli odamlar quradi(I.Karimov).
     Islom Karimov… Bu nomni eshitgan biror-bir o'zbek farzandi yo'qki, xayolida buyuk insoniy fazilatlarga ega bo'lgan shaxs, ulug' yo'lboshchi va mehribon inson timsoli gavdalanmasa. Ha, Islom Abdug'aniyevich ana shunday: yuksak insoniy xislatlarni o'zida mujassamlashtirgan inson edi. Afsuski, Islom Karimov hozir oramizda yo'q. Bu voqeani har bir o'zbekistonlik chuqur qayg'u va nadomat ila yodga oladi. Hozir esa biz buyuk yurtboshimizning faoliyatiga qisqagina nazar solishni lozim deb topdik.
     O'zbekiston xalqi o'z hayotidagi tub burilishlar va o'z insoniy haq-huquqlarining tiklanishini birinchi prezidentimiz, mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov nomi bilan bog'liq, deb biladi. I. Karimovning xalqimiz oldidagi xizmatlarini baholash uchun, G'afur G'ulom ta'biri bilan aytganda, «oltindan tarozi-yu, olmosdan tosh oz»lik qiladi. Albatta, I. Karimov o'ta tahlikali va notinch bir davrda oqilona siyosat yuritib, xalqimizning asriy orzusi bo'lmish ona yurtimiz mustaqilligini qo'lga kirita oldi, deb bemalol ayta olamiz. Nima uchun aynan «erisha oldi» deyapmiz? Chunki, bu davrda,  aksariyat davlat boshqaruvi organlari vakillari fikriga ko'ra, mustaqillik haqida o'ylashning o'ziyoq katta jinoyatdek baholangani hech kimga sir emas.  Bunga mustaqilligimiz e'lon qilingandagi xalq deputatlarining holati yaqqol misol bo'la oladi. Bunday og'ir vaziyatda yurtimizda I.Karimovning rahbar sifatida ish olib borganligi Yaratganning xalqimizga ko'rsatgan cheksiz marhamati edi, desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Bir qarashda, aytishga juda osondek tuyulgan «mustaqillik» degan so'z zamirida ulkan ma'no, ajdodlarimizning qanchadan qancha sa'y-harakatlari natijasi yotadi.  Bu haqiqatni bugun hech qanaqasiga inkor etish yoki unutishga hech birimizning haqqimiz yo'q! Bunday urinishlarning eng samaralisi birinchi prezidentimizga tegishli ekanligi bizda faxr tuyg'usini uyg'otadi. Zero, bunday buyuk shaxs biz bilan bir zamonda yashadi. I. Karimov bu jasorati orqali Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Mahmudxo'ja Behbudiy kabi bir qator ulug', hurfikr ajdodlarimizga munosib voris bo'ldi, ularning ishlarini yakuniga yetkazib qo'ydi, desak to'g'ri bo'ladi, menimcha. I. Karimov bir inson farzandi o'z vatani uchun qila olishi mumkin bo'lgan barcha ishni amalga oshirdi, chinakam Qahramon bo'ldi, deb bemalol ayta olamiz.
       I.Karimovning sa'y-harakatlari evaziga dunyo siyosiy xaritasida yangi davlat, yangi nom paydo bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi ham siyosiy, ham iqtisodiy sohada to'la mustaqil faoliyat olib bora boshladi va dunyo hamjamiyati har bir sohada bu davlat bilan hisoblashadi. Endigina mustaqillikka erishgan davlatda dastlab qonunchilik sohasida ulkan ishlar amalga oshdi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Davlat Konstitutsiyasining birinchi matni ham Islom Karimov tomonidan tavsiya etilgan nusxa bo'lib, undagi aksar moddalar hayot talablariga to'la javob berib, xalq muhokamasida ma'qullandi va qabul qilindi. Bu orqali buyuk davlat rahbarining qay darajada bilim va kuchga ega bo'lganligi, hayot talablarini chuqur anglab yetganligini ko'rishimiz mumkin. Nafaqat qonunchilik, balki mamlakatni barcha sohada bir yo'lga solish, uni taraqqiy ettirish bo'yicha qator tadbirlar amalga oshirildi. Birgina taraqqiyotning «o'zbek modeli»ni aytishning o'zi kifoya.  Jahon miqyosida tan olingan bu dastur haqida ortiqcha gapirib o'tirishga hojat yo'q, nazarimda. Islom Karimov rahnamoligida olib borilgan ko'pgina loyihalar samarasi o'laroq mamlakatimiz barcha sohada salmoqli o'sishga erisha oldi va bu jarayon jadal davom ettirilmoqda.
I. Karimov mintaqaviy va xalqaro miqyosda ham katta hurmatga loyiq shaxs edi. Birinchi prezidentimiz takliflari bilan qator global muammolarga qaratilgan puxta rejalar ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq etilayotir. Davlatimiz rahbari 1993-yil BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida so'zlagan nutqida jahon ahliga birdek xavf solayotgan diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda, avvalo, bunday guruhlarni qurol-yarog' va moddiy jihatdan ta'minot manbalarini yo'q qilish kerakligi xususida aytib o'tgandilar. Ana shu fikrlar bugungi kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotganicha yo'q. Shuningdek, Orol fojiasi nafaqat O'zbekistonning yoki mintaqaning, balki butun dunyo muammosi ekanligi ham birinchi marta o'sha nutqda ilgari surilgan edi. Bundan tashqari ko'plab mintaqaviy va global masalalarda ham birinchi prezidentimizning taklif va mulohazalari amaliyotga tatbiq etilib, o'zining ijobiy samaralarini berib kelmoqda. Xususan, Shanxay Hamkorlik Tashkilotini shu nom bilan atash g'oyasi ham Islom Karimov nomi bilan bog'liqdir. I. Karimov qaysi  sohada bo'lmasin, tinchlik, osoyishtalik, barqaror hayotni ta'minlashga qaratilgan g'oyalarni ilgari surardi. Bu esa buyuk davlat liderining dunyo hamjamiyatida o'ziga munosib mavqe, hurmat qozonishida muhim ahamiyat kasb etardi. Bir so'z bilan aytganda, insonni, insoniyatni oliy xilqat deb bilib, uning  har tomonlama taraqqiy etishi, kamol topishi va yaxshi yashashini ta'minlash uchun mehnat qildilar birinchi prezidentimiz.
Islom Abdug'aniyevich mustaqil yurtimizni chorak asrlik boshqaruvi davrida xalqimizni har tomonlama mustaqil hayotini ta'minlay oldi, deb aytsak xato bo'lmasa kerak. Istalgan sohani olaylik, barqaror o'sish va rivojlanish bosqichida. Ayniqsa, yoshlarga berilgan e'tibor samarasi o'laroq, barcha sohada yosh avlod vakillari o'zlarining g'oya va tashabbuslari bilan nafaqat yurtimizda, balki jahon miqyosida e'tirofga sazovor bo'lishmoqda. «Buyuk kelajakni jismonan sog'lom va ma'nan barkamol avlod quradi», degan aqidaga amal qilgan holda, birinchi prezidentimiz jismoniy tarbiya va bolalar sporti sohasida ulkan ishlarni amalga oshirdi va bu ishlar o'z samarasini berib kelmoqda. Mustaqillikning dastlabki yillarida xalqaro musoboqalarda ishtirok etish sportchilarimiz uchun ushalmas orzudek tuyulgan bo'lsa, bugungi kunda eng chekka hududlardan ham jahon chempionlari chiqishi ham hech kimni ajablantirmaydi. Sport sohasidagi so'nggi 25 yillikni sarhisob qiladigan bo'lsak, erishilgan yutuqlarning katta qismi chorak asrning ikkinchi yarmiga to'g'ri keladi. Birgina Olimpiya o'yinlarida sportchilarimiz 9ta oltin medalni qo'lga kiritgan bo'lishsa, shundan 6tasi shu davrga to'g'ri keladi. Bu qilingan ishlarning qanchalik tez samara berganligini ko'rsatadi. Boshqa sohalarda ham shunga o'xshash holatlar kuzatilmoqda.  
Islom Karimov buyuk davlat lideri bo'libgina qolmay, chinakamiga xalq otasi, uning maslahatgo'yi edi, desak xato qilmagan bo'lamiz. Insonning ma'naviy dunyosini boyitish borasida tahsinga sazovor ishlarni amalga oshirgandi. Birgina «Yuksak ma'naviyat — yengilmas kuch» asarining taqdim etilishi xalqimiz uchun ajoyib tuhfa bo'lgandi. Bu asar orqali ma'naviyat tushunchasini chuqurroq anglab, uni hayotimizda qanday o'rin tutishini tushunib yetdik, desak xato qilmasak kerak. Bu esa davlatimiz rahbari qanchalik aql-zakovatga ega bo'lganligiga yaqqol dalildir. Bundan tashqari, I.Karimovning barcha asarlaridagi umumiy g'oya qanchalik hayotiy, dolzarb va ezgulikka yo'g'rilganligini alohida e'tirof etishimiz zarur. Birinchi prezidentimizning so'nggi asari bo'lmish «Ona yurtimiz baxt-u iqboli yo'lida xizmat qilish — eng oliy saodatdir» asarida insonning vatani oldida qanday burch hamda vazifalari borligi, vatan uchun xizmat qilish qanchalik sharafli ekanligi to'g'risida asosli mulohazalar keltirilgan. Bu asarlar bugun biz uchun katta hayot maktabida, xususan rahbarlik sohasida muhim dasturilamal, ulug' sarbonimizning bizga aytgan nasihatlari, vasiyati edi, desak ham noto'g'ri bo'lmasa kerak.
 Shafqatsiz o'lim hech bir inson bolasini chetlab o'tmaydi. 2016-yilning 2-sentabri xalqimiz qalbida katta dog' qoldirgan sana sifatida yodda qoldi. Hatto tabiat ham aza ochgandek edi, go'yo. Xalqimiz otasini so'nggi manzilga kuzatish uchun ming-minglab yurtdoshlarimiz ko'chaga chiqishdi. Katta hurmat-ehtirom ila Islom Karimov so'nggi manzilga kuzatildi. Bu bilan hayot to'xtab qolmadi. Aksincha, mamlakatimiz hayoti bu musibatdan sabr bilan o'tdi. I.Karimov g'oyalari asosidagi hayot yangi bosqichga ko'tarildi, hayotimiz yanada farovonlashdi. Buning uchun biz Yaratganga cheksiz shukronalar aytishimiz va, eng asosiysi, buyuk davlat rahbarimiz boshlab bergan yo'ldan og'ishmay buyuk kelajak sari intilishimiz lozim. U kishiga munosib avlod bo'lib, boshlagan ishlarini davom ettirib, aytgan yo'l-yo'riqlariga to'la amal qilib, yurtimiz, vatanimiz uchun xizmat qilib xalqimiz duosini olsak, ulug' davlat arbobining ruhi shod bo'ladi. Yaratgandan yana shularni tilaymizki, buyuk davlat rahbarimizning qabri nurlarga to'lsin, oxirati obod bo'lsin, joylari jannatda bo'lsin.       
    Valijon Murtazoyev
 
 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.