топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Bizga imoni butun, ma’naviyati yuksak, mafkurasi mukammal safdoshlar kerak!

Самарқанд давлат чет тиллар институти жамоавий блоги
               “Yashash uchun kurash”. Bu iborani juda ko’p filmlar yoki kinolarda eshitgandirsiz. Rostdan ham, yashash uchun kurashish kerak! Inson zoti har doim harakatda bo’ladi, uning harakat tezligi esa tanlagan manzili va unga eltuvchi yo’lga bog’liqdir. Bir donishmand: “Shunday yashaginki, o’lim seni o’ldirolmasin” degan ekan. Menimcha hayotda qancha yashashdan ko’ra qanday yashash muhimroqdir. Ammo, zavolbilmas hayotiylik uchun mashaqqatli yo’lni bosib o’tish lozim, bu ham sir emas. Bu yo’lda esa faqat imoni butunlar, ma’naviyati yuksaklar va mafkurasi mukammallargina manziliga yetib bora olishadi.  Birinchi  Prezidentimiz I.A. Karimov aytganlaridek: “Mafkura bo’lmasa odam, jamiyat, davlat o’z yo’lini yo’qotishi muqarrar”dir. Insonning ma’naviyati uning saviyasiga berilgan baho hisoblanadi. Imoni esa kechasi, buguni va ertasiga bo’lgan munosabatining darajasiga qarab o’lchanadi. Zero, birinchi  Prezidentimiz I.A. Karimov aytganlaridek: “O’z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo’q!”.
       Inson shu dunyoda yashar ekan, u biror- bir jamoa yoki jamiyatning a’zosidir. Shuning uchun ham har bir insonda “daxldorlik” hissini uyg’otishga urunish lozim. Jamiyatimizni, davlatimizni yanada yuksaltirishni istasak, har bir yurtdoshimizga “daxldorlik” hissini singdirish birinchi vazifamiz bo’lishi kerak. Birinchi Prezidentimiz I.A. Karimov : “Men do’stimdan qo’rqmayman, nari borsa u menga xiyonat qiladi, men dushmanimdan qo’rqmayman, nari borsa u meni o’ldiradi. Ammo, men loqayd insondan qo’rqaman. Yo’q, u o’ldirmaydi ham, xiyonat ham qilmaydi lekin loqaydligi tufayli bundan ham katta muammolarni keltirib chiqaradi”, — degan edilar. Chindan, bunga hayotiy misollarni keltirishimiz ham mumkin. Hozirgi kunda shuncha targ’ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganligiga qaramasdan, ommaviy – axborot vositalarida qayta- qayta qo’yilayotgan videoroliklar, turli kinofilmlar bo’lsada, aynan loqayd kimsalar,  “bu menga taalluqli emas, men mustasnoman” degichlar bugungi kun “virusi” terrorizm va qo’poruvchilik uyushmalari domiga tushishmayaptimi?! Bunday voqealar ,qalbimizni tirnasada, kuzatilib turibdi.
            Bu esa o’z navbatida faol qatlamdan ya’ni biz harakatchan yoshlardan ko’proq intilish va yangidan-yangi ma’naviy ko’mak g’oyalarini tadbiq etishni talab qilmoqda.  Prezidentimizning “Ertangi kun bizniki, marra bizniki” degan, biz uchun shiorga aylangan, da’vatlari bejiz emasku, axir! Ular bizga, yosh avlodga, qo’l-qanotlariga yuksak ishonch, juda ulkan imkoniyatlar ochib berayotgan bir paytda, tinchlik zamonida, faqat olg’a va olg’a intilishimiz darkordir! Axir biz Temurlar, Boburlar, Navoiylar, Buxoriylar, Termiziylar avlodimiz-ku! So’zim isboti sifatida yaqinda institutimizda bo’lib o’tgan “Ajdodlarimizga munosib avlod bo’laylik” shiori ostida ma’naviyat va marifat bo’limi hamda institutimizning Yoshlar Ittifoqi boshlang’ich tashkiloti hamkorligida, faol va iqtidorli yoshlarimiz bilan birgalikda o’tkazilgan badiiy-marifiy kecha haqida to’xtalmoqchiman. Tadbir boshida qo’yilgan Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q” asaridan boshlanib, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72- sessiyasidagi nutqidan ajdodlarimiz haqidagi purma’no fikrlardan tayyorlangan videorolik   insonda g’urur hissini uyg’otishi turgan gap. Ushbu kechada meni o’ziga jalb etgan eng e’tibortortar voqea sahna ko’rinishi bo’ldi. Unda buyuk bobokalonlarimiz Amir Temur, Mirzo Bobur, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy kabi siymolar yosh avlodlarni ilm-ma’rifatga yetaklovchi ta’sirli so’zlar bilan sahnada namoyon bo’lishdi. Haqiqiy ma’noda, yoshlarni Vatan tuyg’usi, ajdodlarga hurmat, ular bilan g’ururlanish va o’z navbatida ularga munosib farzand bo’lishga undovchi badiiy kecha institutimiz talabalari nigohi va dilida muhrlandi desam, adashmagan bo’laman.
Menimcha, insonni faxr, iftixor, g’urur va munosib bo’lishga intilish tuyg’ulari chulg’ab olgan bo’lsa, uni butun iymonning, yuksak ma’naviyatning va mukammal mafkuraning manzillari albatta kutib oladi. Muhimi, yo’ldan og’ishmay, mamlakatimiz ravnaqi uchun tinmay mehnat qilishni, o’qib-izlanishni vazifamiz emas, “burchimiz” deb bilishimiz shart!
                                                                          Faxriddinova Tumaris
 
                                                                           SamDCHTI ingliz tili fakulteti talabasi

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.