топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Biz buyuk yurt farzandlarimiz

Самарқанд давлат чет тиллар институти жамоавий блоги
             Ona zaminimizga kimlar qadam bosmagan, kimlar uni tavof qilmagan?! Qanchadan-qancha kazo-kazolarni ko’rdi bu tuproq. Afsuski, unda zabon yo’q. Aks holda, “men uchun intil, yurtingga nafing tegsin” derdi, mening nazdimda. Darhaqiqat, “Vatan menga nima berdi deb emas, men Vatanga nima berdim ” deb yashash davri  kelmadimikan? Aynan hozirgi globallashuv davrida, o’zbek farzandi o’z ajdodlariga munosib ravishda jahonga “O’zbek ” nomini takror va takror eslatishi, yoshlarimiz uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda yurtimiz kelajagi uchun jon-jahdi bilan kurashishi lozimdir. Shu o’rinda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining  72- sessiyasidagi nutqidan parcha keltiraman: “Bugungi kunda O’zbekiston jadal rivojlanmoqda. Biz ajdodlarimizning donishmandlik an’analariga amal qilib, teran anglagan holda, qat’iy islohotlarni amalga oshirmoqdamiz, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo’lidan bormoqdamiz”.
     Darhaqiqat,  hozirda chuqurlashtirilgan islohotlar o’tkazish davr talabi bo’lishi bilan birgalikda rivojlanishning kaliti hamdir. Bularning barchasidan asosiy ko’zlangan maqsad esa “Inson manfaatlari hammasidan ustun” degan aniq, lo’nda tamoyilni  amalga oshirishdir.  Shu asnoda, bor diqqat – e’tiborning biz yosh avlodga qaratilyotgani ham bejiz emas. Globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnalogiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda o’zbek farzandining “hech kimdan kam emasligi”ni isbotlovchi yagona omil esa zamon bilan hamnafas bo’lishdir. Bugungi kun avlodidan yurtboshimiz, xalqimiz faqat va faqat intilish, harakat va eng asosiysi mukammal g’oyalarni kutmoqda. Buning uchun esa, o’z o’rnida, unib kelayotgan yosh nihollarni shu ruhda ya’ni hozirgi jadal suratlarda rivojlanib borayotgan dunyoda o’z o’rnini topishi, raqobatbardosh kadr bo’lib yetishishi uchun  ularga kimligini, ularning ortida qaysi yurt nomi turganini his ettirgan holda tarbiyalash lozim. Chindan ham, biz buyuk yurt farzandlarimiz! Bizning tariximiz boy, bugunimiz nurafshon  va kelajagimiz ham, albatta, porloqdir.
           Hozirda yoshlarimiz o’rtasida olib borilayotgan targ’ibot-tashviqot ishlarining asosiy maqsadi ham aynan yoshlarimizda ona Vatanga muhabbat hissi  va   unga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy istiqlol g’oyasi, milliy qadriyatlar, diniy bag’rikenglik, millatlar aro totuvlik va oilaviy qadriyatlarni chuqur singdirishga qaratilgan desam, xato bo’lmaydi. Ushbu mavzular mag’zini qamrab olgan ko’plab ma’naviy- ma’rifiy tadbirlar  esa mamlakatimizning barcha o’quv muassasalari, oliy o’quv yurtlarida o’tkazib kelinmoqda. Shunday tadbirlardan biri  “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostida   ma’naviyat va marifat bo’limi hamda institutimizning Yoshlar Ittifoqi boshlang’ich tashkiloti hamkorligida, faol va iqtidorli yoshlarimiz bilan birgalikda o’tkazilgan badiiy-marifiy kecha bizning institutda ham bo’lib o’tdi. Tadbirda iqtidorli yoshlarimizning Vatanimizni madh etuvchi she’rlari, monologlari-yu, sahna ko’rinishlari g’urur va iftixor shukuhini bayram zalida ufurishiga imkon berdi. Bundan tashqari hozirgi kungi global muammolarimizdan biri diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga da’vat etuvchi sahna ko’rinishi menda juda katta taassurot qoldirdi. Bu sahna ko’rinishi ,menimcha, har bir talabada bugungi kuniga shukronalik, tinch yurtda yashayotganligi uchun behad sevinch tuyg’usini uyg’otdi. Chunki hozirga kelib biz oz bo’lsada “qadrini pasaytirgan” Tinchlik eng noyob ne’matdir. Yaratganning nazari tushgan O’zbekistonimiz esa ayrim hududlardagi qirg’inbarotlarga qaramasdan odil va haqqoniy siyosat tufayli gullab yashnashda davom etmoqda. Biz esa shunday buyuk yurtning munosib avlodlari bo’lish uchun kun-u tun izlanish, intilish va yangilanishda bo’lishimiz darkor.
 
                                                                                      Faxriddinova Tumaris
 
                                                                      SamDCHTI ingliz tili fakulteti talabasi

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.