топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

“Mir Arab” oliy madrasasi ro‘yxatdan o‘tdi

Muqaddas dinimiz sofligini asrash - davr talabi!
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrif buyurganida viloyatda “Mir Arab” oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Mir Arab” oliy madrasasi tashkil qilinib, kecha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Ushbu diniy ta’lim muassasasining tashkil qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan fuqarolarning vijdon erkinligi hamda diniy ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi.
Shuningdek, mazkur voqea 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasidagi amaliy harakatlarning yorqin ifodasidir.
Kecha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida Adliya vazirligining Jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasi vakili O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va “Mir Arab” oliy madrasasi rektori vazifasini bajaruvchi Elov Jobir Rustamovichga oliy madrasaning davlat ro‘yxatiga olingani to‘g‘risidagi guvohnomani topshirdi va yangi o‘quv yurtining kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu diniy ta’lim muassasasi oliy Islom bilim yurti hisoblanishini ta’kidlagan holda madrasaning O‘zbekiston xalqiga sof Islom dini asoslarini puxta o‘rganish va mamlakatda diniy bag‘rikenglikning ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi. Mazkur ta’lim muassasasidan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar yetishib chiqishini tilab duo qildi. Shu bilan birga, hozirgi vaqtda Buxoro viloyatida yangi tashkil qilingan “Mir Arab” oliy madrasasidan tashqari “Mir Arab” o‘rta maxsus islom bilim yurti ham o‘z faoliyatini davom ettirib borishini ta’kidladi.
Manba: religions.uz

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.