топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Bebaho ma’naviy xazina

Muqaddas dinimiz sofligini asrash - davr talabi!
Маданият ва маърифат
Bugun milliy madaniyatimiz, ilm-fan, adabiyot va san’atimiz yuksalishiga ulkan hissa qo‘shgan ma’rifatparvar ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yosh avlod ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Vatanimiz hududlaridagi bebaho madaniy yodgorliklar asl qiyofasini yo‘qotmagan holda ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirilayotir.

Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi allomalarning o‘lmas asarlari jahon ilm fani rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Yusuf Hamadoniy, Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq o‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro singari dunyoga dong taratgan buyuk siymolar insoniyatga komillik yo‘lini ko‘rsatdi. Muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziyning ta’limotida aks etgan komil inson g‘oyalari, adolat haqidagi qarashlar jamiyatni ma’naviy-axloqiy jihatdan yuksaltirishga, mustahkamlashga xizmat qildi. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek yetuk muhaddislar dunyoda Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘’tabar manba hisoblangan hadis to‘plamlarini yaratishda benihoya fidoyilik ko‘rsatishdi, ibrat bo‘lishdi.
Ma’lumki, 2016-2017 yillar Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashida O‘zbekistonning raislik davri hisoblanadi. O‘tgan yilning 18 oktyabrida ushbu organning 43-sessiyasida mazkur davr “Ta’lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida o‘tkazilishi ma’lum qilingan edi. Ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarning izchil davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qisqa, lekin sermazmun vaqt ichida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Yurtboshimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlariga tashriflari davomida joylardagi buyuk allomalarning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ularning hayoti, boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, asrlar davomida ma’naviy boyligimizni o‘zida mujassamlashtirgan qo‘lyozma asarlarni topish, tadqiq etish va nashrga tayyorlash hozirgi kunda dolzarb masalalardan biridir. Bunday ulkan meros yangi avlodlarga katta ilm manbai hamda kelajakdagi tadqiqotlar uchun muhim qo‘llanma sifatida xizmat qiladi. Binobarin, respublikamiz qo‘lyozma fondlarida 100 minglab qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Shulardan biri  — Imom Buxoriy xalqaro markazi manbalar xazinasidir.
Markazda ilmiy tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida ma’naviy merosimiz durdonalari bo‘lgan qo‘lyozma va toshbosma asarlar fondi tashkil etilgan. Yillar davomida Markaz xazinasi yangi asarlar bilan doimiy boyitib borilmoqda. Bu ishlar aholidan xarid qilingan noyob asarlar hamda respublikamiz fuqarolari tomonidan hadya tariqasida taqdim etilgan kitoblar hisobiga amalga oshirilayapti. To‘plangan asarlar, asosan, uch yo‘nalishga ega. Qulyozma, toshbosma va zamonaviy nashriy kitoblar. Qo‘lyozmalar mavzu jihatidan islomiy ilmlarning deyarli barcha sohasini qamrab olgan. Mavjud kitoblar, asosan, XIV — XX asrning boshlarida ko‘chirilgan hamda nashr qilingan bo‘lib, ular Qur’oni karimning ko‘plab nusxalari va tafsirlari, hadis hamda hadisshunoslik ilmiga oid manbalar, fiqh, kalom, islom tarixi va falsafasi, mantiq, nahv-sarf ilmlari, nazmiy asarlar, qissalar, hikmatlar, balog‘at ilmiga oid asarlar hisoblanadi. Ayni paytda ushbu qo‘lyozmalar xazinasini kataloglashtirish ishlari olib borilayotir.
Prezidentimizning shu yil 24 maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Qarorga muvofiq, institut fondlarini saqlash hamda aholi qo‘lida saqlanayotgan qo‘lyozma va boshqa yozma yodgorliklarni xarid qilish hisobidan boyitish maqsadida yozma yodgorliklarni to‘plash, baholash, sotib olish bilan shug‘ullanadigan ekspertlar guruhi hamda maxsus komissiya tuzilmoqda. Bu esa noyob qo‘lyozma, qimmatbaho toshbosma kitoblarni to‘plab, ularni tahlil qilish, o‘rganish, tariximizga oid ma’lumotlar olish va jumboqlarni yechishda alohida o‘rin tutadi.
Aytish joizki, Markaz ilmiy xodimlari yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar hayotini hamda ularning ilmiy-ma’naviy merosini, noyob asarlar, qo‘lyozma va toshbosma kitoblarni o‘rganish, tadqiq etish maqsadida respublikamizdagi hamda xorijdagi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida Markaz ilmiy xodimlari tomonidan 50 dan ziyod kitob, risola va monografiyalar nashr etildi. Ajdodlarimiz ma’naviy merosi tarjima qilinib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun o‘zbek tilida kitoblar tayyorlanayapti. Asosiy vazifalarimizdan biri, bu — mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diniy xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat. Malaka oshirish o‘quvlari bo‘limida yurtimizdagi masjidlarda faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblarning bilim tajribasi, kasb malakasini yuksaltirish hamda dunyoviy fanlarni o‘qitish bo‘yicha o‘quv-uslubiy ishlar tashkil etilayotir.
Bularning barchasi xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni bobokalonlarimiz, aziz-avliyolarning bebaho merosi bilan chuqurroq tanishtirishga qaratilganligi tufayli yanada ahamiyatli. Zero, tarixga hurmat tuyg‘usi, o‘tmishni o‘rganish xalqning o‘zligini anglashdagi muhim omildir.
Shovosil ZIYoDOV,
Imom Buxoriy xalqaro markazi direktori,
tarix fanlari nomzodi
Manba

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.