топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Ulug' zotning poyqadami tabarruk

Маънавият
Маданият ва маърифат

Bugun nomi, sha’ni, qoldirgan adabiy merosi ulug’lanayotgan Sharof Rashidov haqidagi xotiralar, so’zlar qadrli. Shu bois, 80 yoshni qoralab qolgan bobom, usta paxtakor G’ofurjon Ergashevdan bu haqda so’radim.
Bobomning hikoya qilib berishlaricha, Sharof Rashi­dov o’tgan asrning 80- yillarida Andijonga kelgan ekan. Tashrif chog’ida o’sha paytdagi viloyat rahbari Sharof Rashidovni Xo’jaobod tumanidagi(hozirgi Buloqboshi tumani hududi) Shirmonbuloq qishlog’iga, dam olish maskaniga olib boradi.
Tiniq, shifobaxsh buloqlar ko’z ochgan, soya-salqin, xushmanzara daraxtlar ekilgan, rangdor toshlar bilan bezatilgan, naqshinkor oromgohning ikkinchi qavatida o’tirishar ekan, uzoq suhbat quradilar. O’shanda ikki rahbar tog’ ustiga paqirlab tuproq tashib, mo’jiza – bog’ yaratgan mirishkor dehqonlar, so’lim oromgohni qurgan usta quruvchilar, o’qimishli va ziyoli qishloq ahlining matonati-yu mahorati haqida suhbat qurishgan bo’lsa, ajab emas. Suhbat orasida adabiyot va san’at olamidan yaxshi xabardor Sharof Rashidov: ”Shu yurtda Nazir Sulaymonov degan kishi bor. Ana shu kishi bilan uchrashishim kerak”, — deydi. Chunki o’sha davrda Nazir Sulaymonov haqida ocherklar, asarlar yozilgan edi. Ayni vaqtda bu kishi qishloq fuqarolar yig’iniga raislik qilarkan.
Tushlikdan so’ng, qishloqning Oq suv bo’yi mahallasidagi 6 — brigadasi dala shiyponiga boradilar. Shu yerga Nazir Sulaymonovni ham chaqrtirishadi. Shu damda shiyponga Shamsiddin Qorayev, Po’latjon Mahmudov, Dilorom Xudoyorova kabi brigada yetakchilari va mehnat ilg’orlari ham yig’iladilar.
Bu uchrashuv katta voqeaga aylanadi. Muloqot chog’i­da qishloqni yanada obod qilib, go’zal maskanga aylantirish, shuningdek, paxta, g’alla hosildorligini oshirish, urug’lik pilla, ingichka tolali paxta yetishtirish orqali dehqonlar manfaatdorligini oshirish haqida gurunglashadi. Qishloqning iste’dodli kishilari haqida gap borganda yosh, betakror  ovoz sohibasi Munojot Yo’lchiyeva xususida gap ochiladi. Shunda Sharof Ra­shidov maqom qo’shiqlarini xush ko’rishini, milliy san’atimizni asrashimiz darkorligini aytadi.
Suhbat chog’ida Nazir Su­laymonovning teran fikrli, xalq uchun jonkuyar va salohiyatli rahbar ekanligini anglab, viloyat rahbariga bu kishini tumanning eng qoloq jamoasiga rais etib tayinlash to’g’risida ko’rsatma beradi. Ko’p o’tmay, iste’dodli rahbar N.Sulaymonov sobiq Marks nomli jamoa xo’jaligiga rais etib tayinlanadi. Shu voqea bo’lib, ilg’or peshqadam ja­moa rahbarlarini qoloq jamoalarga yetakchi etib ta­yinlash rusum bo’lib ketadi. Qoloqlik, oqsoqlik holatlariga barham beriladi.
O’z davrining yirik namoyondasi, atoqli adib Sha­rof Rashidovning tashrifi bilan shirmonbuloqliklar hali-xanuz faxrlanib yurishadi.
Mehrinoz O’RINBOYEVA,
 
davolash fakulteti 5- bosqich talabasi.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.