топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Oliyjanob va mehribon inson, salohiyatli ustoz xotirlandi

Маънавият
Andijon davlat tibbiyot instituti tarixida el-yurt salomatligi, obodligi va farovonligi yo’lida sermahsul mehnat qilgan, ayniqsa, mas’uliyatli va mashaqqatli tibbiyot sohasiga o’zining samarali ilmiy izlanishlari bilan ulkan hissa qo’shgan professor-o’qituvchilar anchagina. Ana shunday insonlardan biri tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Mirzajonovich Qlichevdir.
 

Baxtiyor Qlichev 1972 yilda Andijon davlat tibbiyot institutiga o’qishga kirdi.U talabalik yillarida bilimga chanqoqligi, o’tkir zehnliligi, jamoat ishlarida faolligi bilan barchaga o’rnak bo’lib, institutni imtiyozli tamomladi.1978-1979 yillarda viloyat klinik kasalxonasi jarrohlik bo’limida internaturani o’tab, bolalar jarrohligi sohasini tanladi. B.Qlichev 3-bolalar kasalxonasi poliklinikasida jarroh lavozimida ishladi. Institutning bolalar jarrohligi kafedrasida assistent lavozimida ilmiy izlanishlar olib bordi. 35 yoshida “Bolalarda to’g’ri ichak chiqib qolishining patogenetik negizini aniqlash va davolash” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Bolalar jarrohligi kafedrasi mudiri, pediatriya fakulteti dekani lavozimlarida ishladi. Ustoz odamlar orasida qo’li engil, shirinso’z, mehribon shifokor sifatida nom qozondi. Yuzidan nur yog’ilib, ko’zlari kulib turuvchi shifokor-jarroh barcha yoshu qarining qalbidan joy oldi. Ish faoliyati davomida shogirdlariga doimo yordam berdi. B.Qlichev umrining oxirgi kunlarigacha pediatriya fakultetida sog’lom muhit yaratib, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashib, yosh mutaxassislarga to’g’ri yo’l ko’rsatib, ularga ibrat bo’ldi, institut ilmiy salohiyatini ortishiga munosib hissa qo’shdi.
2017 yil 10 iyun kuni ADTI ilmiy kengashlar zalida Baxtiyor Qlichevning yorqin xotirasiga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi. Tadbirni institut ma’muriyati, bolalar jarrohligi kafedrasi jamoasi va institut kasaba uyushma qo’mitasi tashkil etdi. Xotira tadbirini institut rektori M.Madazimov ochib, bolalar jarrohligi kafedrasining sobiq mudiri, professor B.Qlichevning ibratli hayot yo’li haqida ma’ruza qildi.

Shuningdek, xotira tadbirida professor, Z.Salohiddinov, hamkasb do’stlari A.Ziyaev, bolalar jarrohligi kafedrasi dotsenti J.Jumaboev, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori S.Yusupov, bolalar jarrohligi kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori A.Gafurov, shogirdlaridan Yo.Pirmatov va ustozning yaqinlaridan T.Siddiqovlar so’zga chiqib, salohiyatli olimning serqirra faoliyati, odamiylik fazilatlarini xotirlab, o’zlarining iliq fikrlarini bildirdilar.
 
         Xotira tadbiri davomida ustozning yaqinlariga institut xodimlar kasaba uyushma qo’mitasi hamda kafedra jamoasi tomonidan esdalik sovg’alari va guldastalar topshirildi.
 
 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.