топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Andijon davlat tibbiyot insitutida Navro'z bayrami ko'tarinki ruxda nishonlandi

Маънавият
Navro’zi olam Keldi, dillardan g’ubor ketdi
Yurtimizga fasllar kelinchagi – bahor tashrif buyurdi. Yasharish va yangilanish fasli o‘zining go‘zal bayramlari bilan odamlar qalbiga surur, yurtimizning har bir go‘shasiga quvonch olib kirmoqda.
Insonlarga ezgulik ulashish, mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilatdir. Asrlar osha nishonlanib kelinayotgan Navro‘z bayrami kunlari bu milliy an’analar xalqimiz hayotida qayta namoyon bo‘ladi.
2017-yil 17-mart kuni shahrimizdagi «Andijon» to’yxonasi ADTI professor-o’qituvchilariyu ishchi xodimlarining tashrifi bilan yanada fayzli bo’ldi. Turfa rang gullar bilan bayramona bezatilgan tantanalar saroyi ishchi-xodimlarning kayfiyatini yanada ko’tarib yubordi. Karnay-surnay sadolari ostida boshlangan bayram shodiyonalari sho’x kuy-qo’shiqlarga ulanib ketdi.
Bayram tadbirini institut rektori vazifasini bajaruvchi, professor M.Madazimov ochib, tantana ishtirokchilarini mehr-muruvvat va saxovat ayyomi bilan samimiy tabrikladi.

Bayram shodiyonasiga tashrif buyurgan institut faxriy professori Mamazoir Xo’jamberdiev jamoaga dil so’zlarini aytib, samimiy tilaklarini bildirdi.
Shundan so’ng, talabalar kasaba uyushma qo’mitasi raisi A.Qobulov professor-o’qituvchilar va ishchi xodimlaridan bir guruhini bayram munosabati bilan taqdirlash to’g’risidagi institut rektorining buyrug’ini o’qib eshittirdi. Buyruqqa muvofiq institutning har sohada ilg’or, tashabbuskor va faol xodimlaridan bir guruhi pul mukofotlari va sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Bayram sovg’alaridan institutning eng namunali kafedralari ham chetda qolmadilar. Ularga 16 ta nominatsiya bo’yicha kompyuter va printerlar topshirildi.
Bayram tadbiri «O’zbek konsert» yakkaxon xonandasi Muhayyo Tojimatovaning diltortar qo’shiqlari bilan fayzli o’tdi.
Ayniqsa, Farg’ona viloyatidan tashrif buyurgan «Novel» raqqosa qizlar guruhining sho’x raqslari davrani yanada qizdirdi.
Bayram dasturxoniga sumalak va bahoriy taomlar tortildi. Tantanada hamma yayrab raqsga tushdilar. Yoshi ulug’lar yosharib, yoshlar yashnab ketdilar.
Borliqda bahor nafasi kezib, atrof-olam ko’m-ko’k maysa-yu gullarga burkanayotgan bir pallada hamkasblar, jamoadoshlar bir-birlariga shirin tilaklar bildirib, ezgu rejalar, ulug’vor niyatlar aytib duolar qildilar. Zero, pok niyatli kishilarning duolari ijobat bo’lg’usidir.
«Andijon» tantanalar saroyida o’tkazilgan bayram shukuhi va taassurotlari jamoadoshlar xotirasiga bir umr muhrlanib qoldi.
Shu qutlug’ kunlarda barcha yurtdoshlarimizni Navro’zi olam bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.