топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Ona tili haqida

Блог им. malika92

Elbek

Til

Mungli qushim, sayrab-sayrab kel, anglat,

Kimlar erur Turk tilini sotg‘uchi?
Bulbul kabi sayrab turgan bu tilni
Uyalmayin bu o‘lkadan otguchi?
Bolday totli, jondan aziz turkchani
Tushunmayin, xo‘rlab-xo‘rlab yotg‘uchi?
Mungli qushim, ularni qo‘y, sen sayra!
Turk tilining dong‘in chiqar ko‘klarga!
Qo‘y ularni, ular yo‘ldan ozsinlar,
El ichida bo‘sh bo‘g‘uzlik sotsinlar!

Erkin Vohidov

ONA TILIM O’LMAYDI

 

04

 

Notiq dedi:
«Taqdir shul,
Bu jahoniy iroda.
Tillar yo’qolur butkul,
Bir til qolur dunyoda».
«Ey voiz, pastga tushgin,
Bu gap chiqdi qaerdan!»
Navoiy bilan Pushkin
Turib keldi qabrdan.
Kim darg’azab,
Kim hayron,
Chiqib keldilar qator:
Dante, Shiller va Bayron,
Firdavsiy, Bal`zak, Tagor.
«Va’zingni qo’y, birodar,
Sen aytganing bo’lmaydi».
Barcha dedi barobar:
«Ona tilim o’lmaydi».
— Hey, bu qanday aqida! —
Qo’lida tabarruk jom,
Go’zal forsiy haqida
Ruboiy aytdi Xayyom.
Ehtirosli, otashdil
Beranje so’rdi nolon:
— Nahotki, farangi til
Yo’qolgusi bir zamon!
Neruda, Lorka turdi
Servantesning yoniga:
— Kim qasd etib tig’ urdi
Ona tilim joniga!
Fuzuliy yondi:
— Ozar
Tili guldek so’lmaydi.
Barcha dedi barobar:
«Ona tilimo’lmaydi».
Kamalakdek rango-rang
Bo’lsin deb san’at, tillar,
Asrlarcha qildik jang,
Armon qildik ming yillar.
Beqadr bo’lsa, nahot,
Tillardagi tarovat!
Yo’qoldi bu kun, hayhot,
Qabrlarda halovat!
«Faust» yondi gurillab,
«Xamsa» o’tga tutashdi.
Bir sado jahon bo’ylab
Taraldi, tog’lar oshdi.
Bu sado yangrar hamon,
Sira ado bo’lmaydi.
Olam aytar:
Hech qachon
Ona tilim o’lmaydi!

Abdulla Oripov

ONA TILIM

 

04

 

Ming yillarkim bulbul kalomi
O’zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo sho’rlik to’tining holi
O’zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo’qolgan kuning, shubhasiz,
Men ham to’ti bo’lib qolaman!

Rauf Parfi

IKKI SHE’R

 

04

 

O’ZBEK TILI
Hayhot, toptaganda arab va mo’g’il,
Hayotingning zanjirli yili,
Boshdan ne kechirding, mardona o’g’il,
O’zbek tili, o’zbek tili.
Ulug’ tarixingga qilaman xitob,
Navoiy she’rining guli,
Kechmish zamonlarning tirik guvohi,
O’zbek tili, o’zbek tili.
Seni naqadarlik sevaman, ona,
Oh, yuragimning bulbuli
Bo’lib sayragansan go’dak chog’imdan,
O’zbek tili, o’zbek tili.
1958
ONA TILIM
1. Abut-Turk tarixdan balki bir hikmat
Biroq sen borsan-ku Turon elinda.
Shoir, So’z aytmakka sen shoshma faqat,
Ulug’ Alisherning qutlug’ tilinda.
Ul olis quyoshdir kuyinib yonar,
Olis xotirotlar o’chmas falakda.
Haqdan, Hakiqatdan ko’ring, kim tonar?
Dunyoviy alamning tiyg’i yurakda.
Vatan deb atalgan beshik, onajon,
Men uchun yopilgan eshik, onajon,
Men sokin sollanib ilg’ab borarman.
Vatan deb atalgan tobut qo’ynida,
Chuvalgan bulutni qordek qorarman,
Ruhimning panjasi chaqmoq bo’ynida.
2. Hech zot uza bilmas uzilgan jonni,
Haqiqatni uza bilmas hech qachon.
Elim, ona tilim, ruhimning qoni,
Bir imdod so’rayman sendan, onajon.
Chayonzor yo’lidir borar yo’llarim,
Tanim yonmaktadir ishqsiz ochunda,
Ko’klarga to’qinar so’ngak qo’llarim,
Oyoqlarim mening tuproq ichinda.
Barchaning boshida birdek beomon,
Manxus zamonlarning o’lik shamoli, —
Buzg’un yigirmanchi asr a’moli…
Mening ona tilim, munis, mehripbon,
Sen Turkiy Dunyoning g’olib xayoli —
Seni yozajakman, tirilgan jahon.
3. Ulug’ Turkistonim, oltin dalalar,
Oftob sochqi sochar bosh uzra balqib,
U sening tilingda aytar allalar,
Qonim, ona tilim, oh, ona xalqim.
Navoiy baytiga o’xshaydi yo’llar,
Bu toshlar Hamzaning qotili, hayhot!
Nahotki umrbod o’rtasa o’ylar,
Umrbod zanjirband etsa xotirot?!
Zanjirbandman, ona tilim Ona So’zingga,
Kundayin so’larman, oydek to’larman,
Mil kabi tortarman Senn ko’zimga.
Men g’arib bandangman. Bir So’z tilarman,
Boshimni qo’yarman Sening izingga,
Qudsiya anfosin aytib o’larman.
1997 (1965)

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.