топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Mehnatga oid huquqiy munosabatlar xususiyatlari

Mehnat huquqi
Қонунчилик
Mehnatga oid huquqiy munosabatlar xodim bilan ish beruvchi o`rtasidagi ixtiyoriy ravishdagi aloqa bo`lib, unga ko`ra, xodim korxonada muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim bo`yicha o`zining mehnat vazifasini ichki mehnat tartibiga bo`ysunib,  bajarish majburiyatini oladi, ish beruvchi esa mehnat to`g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, jamoa shartnomasi va mehnat shartnomasida belgilangan shartlar asosida haq to`lash va amaldagi qonunchilikka ko`ra tegishli mehnat sharoitini yaratib berish majburiyatini oladi.
Mehnatga oid huquqiy munosabatlarning sub`ektlari sifatida, bir tomondan, xodim, ikkinchi tomondan, ish beruvchi hisoblanadi va ular huquqiy layoqat va muomala layoqatiga ega bo`lishi shart. SHundagina mehnatga oid huquqiy munosabatlar ro`yobga chiqadi. Qonun hujjatlarida xodim deganda O`zbekiston Respublikasining muayyan yoshga etgan, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar tushuniladi (MKning 14-moddasi). Ikkinchi tomondan korxona, muassasa va tashkilotlar, shuningdek 18 yoshga to`lgan shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda mehnatga oid huquqiy munosabatlarning sub`ekti bo`lishi mumkin (MKning 15-moddasi).
Mehnatga oid huquqiy munosabatlar fuqarolik huquqi sohasidagi mehnat bilan bog’liq bo`lgan turdosh munosabatlardan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi:
birinchidan,mehnatga oid huquqiy munosabatlarning sub`ekti hamma vaqt korxona mehnat jamoasi tarkibiga qo`shiladi, fuqarolik huquqiy munosabatlarda bu holat kuzatilmaydi;
ikkinchidan,mehnatga oid huquqiy munosabatlar predmeti bevosita ijtimoiy mehnat jarayonining o`zini ifodalaydi va unda xodim bajarayotgan ish uning muayyan vazifasiga taalluqlidir. Bundan farqli o`laroq, fuqarolik huquqiy munosabatlarning predmeti mulkka aylantirilgan mehnat natijasi hisoblanadi;
uchinchidan,xodim korxonadagi ichki mehnat tarkibiga bo`ysungan  mehnat vazifasini bajaradi hamda intizomni buzgani uchun javobgar bo`ladi;
to`rtinchidan,amaldagi mehnat qonunchiligiga binoan, xodim mehnatini tashkil qilish va uni muhofaza etish ish beruvchi zimmasiga yuklatilgan. Fuqarolik huquqiy munosabatlarda esa fuqaroning o`zi o`z mehnatini tashkil qiladi va muhofaza etadi.
beshinchidan,mehnatga oid huquqiy munosabatlar uzluksiz davom etish xususiyatiga ega bo`lsa, fuqarolik huquqiy munosabatlar muayyan topshiriq, pudrat yoki mualliflik shartnomasi bo`yicha belgilangan ish bajarilgach, tugaydi. 
Mehnatga oid huquqiy munosabatlar muayyan mazmunga ega bo`lib, bu hol mazkur munosabat sub`ektlarining huquq va majburiyatlarida hamda huquqiy statuslarida namoyon bo`ladi. Bu status bilan belgilangan huquq va majburiyatlar hamda kafolatlari yig’indisidan iborat bo`lib, ular xodimning huquqiy holatini belgilab beradi. Konstitutsiyaga muvofiq, xodimning erkin ish tanlashi, kelishilgan mehnat vazifasiga oid ishni bajarishi hamda uning qonunbuzarlik holatlaridan himoya qilinishi xodim huquqiy holatining asosiy qismini tashkil etadi. MK ning 170-moddasiga ko`ra, xodim o`z mehnat vazifalarini halol hamda vijdonan bajarishi lozim. Ayni vaqtda, xodimning muayyan mutaxassislik, malaka lavozimga muvofiq keluvchi mehnat vazifasini qonuniy asoslar mavjud bo`lmagan hollarda o`zgartirishga yo`l qo`yilmaydi, chunki mehnatning shartlari qonunda belgilangan tartibdagina o`zgartirilishi mumkin. Xodimning mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasi uning asosiy shartlaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mehnatga oid huquqiy munosabatlarning shakllanishi, o`zgarishi va bekor bo`lishi bevosita mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan yuridik faktlarga bog’liq. YUridik faktlar, ularning vujudga kelishi, o`zgarishi va bekor qilishining asosi hisoblanadi. Avvalo, mehnatga oid huquqiy munosabatlar mehnat shartnomasi tufayli ro`yobga keladi          
Mehnatga oid huquqiy munosabatlar, qonunda nazarda tutilgan hollarda, mehnat shartnomasida yuz bergan o`zgarishlar natijasida o`zgartirilishi mumkin. Qonunga muvofiq, mehnat shartnomasi taraflar kelishuviga asosan o`zgartiriladi. MKning 92-moddasiga ko`ra, xodimni boshqa doimiy ishga o`tkazishga, ya`ni unga boshqa mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga uning roziligi bilangina yo`l qo`yiladi. Xodimning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga o`tkazishga faqat ishlab chiqarish zarurati yoki uning bekor turib qolgani sababli yo`l qo`yiladi (MKning 95-moddasi). SHuningdek, mehnat shartnomasi shartlari taraflarning kelishuvi (MKning 93-moddasi) yoki xodimning tashabbusi bilan (MKning 94-moddasi) u vaqtincha boshqa ishga o`tkazilishi ham mumkin. Mehnatga oid huquqiy munosabatlar mehnat shartnomasining qonunda belgilangan tartibda (MKning 97, 98, 99, 100, 106-moddalari) bekor qilinishi bilan tugaydi.
 
 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.