топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

ROMANIY TAFAKKUR TADRIJI*

Илмий мақолалар
Илм-фан
    Yigirmaanchi asr boshlarida Abdulla Qodiriy o‘zbek romanchiligiga asos soldi. Bular «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari ekanligini barcha yaxshi tushunadi. Va, shu davrning o‘zida CHo‘lpon «Kecha va kunduz» romani bilan roman-dialogiya janri imkoniyatlarini taraqqiy topishiga zamin hozirladi.       Ammo ne yoziqki, romanning «Kunduz» qismi bizgacha etib kelmadi. SHunday bo‘lsa-da, Cho‘lpon badiiy mahorati «Kecha» qismida manaman deb bo‘y ko‘rsatib turibdi. Romaniy tafakkur tadriji XX asrda bosqichma-bosqich taraqqiy topib keldi. Lekin sotsrealizm tushovida qolgan san’at bir xillikdan nariga o‘tolmadi. 60-70 yillarga kelib yangilangan realizm sotsrealizmdan chekinishga majbur bo‘ldi. Bu to‘lqinni O‘.Umarbekov. Sh.Xolmirzaev, O‘.Hoshimov, M.M.Do‘st tebratdi. Tarixiy romanchilikda O.Yoqubov va P.Qodirovlar tarix mavzusini keng yoritishga bel bog‘ladilar. Shunday ekan, tadrij atamasini bugungi roman janriga bemolol ishlatish mumkin va uning tarixiy ildizlari, an’analari, milliy o‘ziga xos rivojlanish qonuniyatlarini tahlil qilish o‘rinli.   
     Epik turning yirik janri «roman masalasi turli davrlarda va turli munosabatlar bilan bot-bot qalqib chiqaveradigan «adabiyot nadir?» savoli kabi mangu muammolar sirasiga kiradi. Negaki, roman har bir davrning estetik didi va ma’naviy-ruhiy ehtiyojlariga moslashib, adabiyotdagi yangiliklarni zudlik bilan o‘ziga singdirgan holda mudom shakllanishda yashovchi janrdir. Albatta, masalaga yondashishda eng avval «roman» istilohi qaysi ma’noda qo‘llanilayotganini aniqlab olmoq zarur»1. Darhaqiqat, Ulug‘bek Hamdamning «Muvozanat» romani 1997 yil yozib tugallanib, 2002 yilda «Jahon adabiyoti» jurnalida e’lon qilindi. 2004 yil akademik Matyoqub Qo‘shjonov so‘z boshisi bilan «Minhoj» nashriyotida kitob holida nashr qilindi. 2007 yil «SHarq NMAK»dan tahrir qilinib qaytadan nashr etildi. Va, 2014 yil boshida «Akademnashr»dan «Vatan haqida qo‘shiq» nomi ostida qaytadan ishlanib, juz’iy tahrirlar bilan chop qilindi. Bu raqamlarni keltirishdan maqsad, roman yozuvchining qalbidan to‘qilgan nido, uning vaqt o‘tishi bilan qayta-qayta ishlanishida badiiy qiymati oshib borishi, o‘z o‘quvchisini to‘plashi, janr bag‘ridagi romaniy tafakkkurning salmog‘i yanada oshganligini ko‘rsatish uchun sanab o‘tildi.
   Mustaqillik – bu muqaddas zaminda yashayotgan insonga bergan ne’matlaridan biri so‘z erkinligini berdi. Avval «devorning ham qulog‘i» bor deya ota-bobolarimiz ichdagilarini tillariga chiqara olmas edilar. Hammasi ichida – botinida qolib ketardi. Adibning baxti ham shunda. Ulug‘bek Hamdam qo‘liga qalam olib, roman yozishdan birlamchi maqsad shu yurt fuqarosining ichida kechayotgan omonsiz jang, dunyoda hukm surayotgan kayfiyat – muvozanat sog‘inchi va iztirobini kuzatish, zamondosh insonga Dilmurod Quronov ta’biri bilan aytganda ko‘zgu tutishdir. Romanni yozar ekan, «muallif bu yaralarni o‘zining nechog‘li «jur’atli ijodkor» ekanligini ko‘rsatib qo‘yish yohud bugungi kun ochayotgan istiqbollarni ko‘rishdan ojiz kishilar tegirmoniga suv quyish uchun tasvirlamaydi, balki yaralarning «harom tomiri»ni ochish, davosini topish maqsadini ko‘zlaydi».
   Yozuvchi zamondosh inson mustaqillikning ilk yillarida o‘tish davri qiyinchiliklarini jasorat bilan engib o‘tib, ozod va obod vatan barpo etish yo‘lida tinimsiz kurashayotganini o‘zi yashab turgan hayot tarzining butun-murakkabligini, orzu-umidlarini, istak-xohishlarini o‘ta sinchkovlik bilan kuzatadi. Bu kuzatishlar natijasida «Muvozanat» romani dunyoga keldi. Ulug‘bek Hamdam roman muqaddimasida shunday yozadi: «Roman yozilgan paytda bizning ko‘pchiligimiz asar qahramonlari boshidan kechirgan voqealarga esh edik. Bir boshlovchi yozuvchi sifatida o‘sha vaqtda men qalbimga titroq solib turgan dardlarni qog‘ozga tushirgan edim. Manna, oradan 17 yil (roman 1997 yili yozilgan) o‘tdi. Endi asar ruhidan ajralib chiqqan va butunlay kayfiyatda o‘zga yashayotgan bir zamondosh o‘quvchi sifatida «Muvozanat»ga qayta nazar tashlayman hamda hayotimizdagi azim o‘zgarishlarni mushohada tarozisida tortib ko‘raman. Natijada o‘rtadagi farq sirg‘alib kaftimga tushadi: bugun O‘zbekiston shaharlarining o‘zi butun boshli muzeylarga aylanib borayotganining guvohi bo‘lib turibmiz»2. Darvoqe, adib alohida urg‘ulagani kabi mustaqil O‘zbekistonimizdagi bugungi taraqqiyot darajasini sanab adog‘iga etish qiyin. Har bir sohada yangilanish, obodlik, bunyodkorlik, yutuqlarimiz esa har kuni dilimizga faxru iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.
    Endi romanning ichidagi qaynoq hayotga, badiiy asardagi personajlar turmushiga, achchiq qismatiga bir boshdan nazar tashlab ko‘raylik-da, asardan «Mom sindromi…» izlab, fazilat o‘rniga qusur axtargan «shunos»larga javob topish mumkin. Avvalo, prof. D. Quronov bu haqda kuyinchaklik bilan risola yozdi. Risolada har bir tahlilchining, munozara bildirgan yozuvchining badiiy qiymat haqidagi qarashlari birma-bir, sinchiklab o‘rganildi, ularga munosabat xolislik mezoni asosida bildirildi.
   2002 yili «Jahon adabiyoti» jurnalida e’lon qilinganida INSON va MUNAQQID Ozod Sharafiddinov asarning chop qilinishiga fidoyilik ko‘rsatgan edi. O‘ylab qarang-da, muborak etmishdan oshgan munaqqid, zukko sinchi Ozod SHarafiddinovni nimasi bilan roman o‘ziga maftun etdi? Maftunlik mohiyatida yashiringan ma’nini bir necha mezonlar birlashtirib turadi. Bu asarning tuzatsa bo‘ladigan kamchilikdan xoli emasligi, san’atkorning «demoqchi bo‘lgan muhim gapi», «bugungi kun odamini tasvirlashda hali realizmning ochilmagan imkoniyatlari ko‘p ekanligiga imon keltirish» kabi jihatlarda qabarib ko‘rinadi. Roman yozuvchi dunyoni o‘zi shunday anglaydi, o‘zi shunday tushunadi va o‘zi shunday kashf qiladi. Bular iste’dod va mahorat mezonlari bilan to‘yingan voqelik markazida o‘zaro uyushadi. YAxlit bir butunlikni yuzaga chiqaradi. Romanning muhim fazilati yozuvchining qaynoq hayot qo‘ynidan turib, dunyoga nazar tashlashida, YUsufning ko‘zi bilan dunyoni kuzatadi, umuminsoniy muammolarni tahlillaydi, saralaydi, sintezlaydi, oliy qadriyat, insonni tutib turgan o‘zak – MODDIYAT va MA’NAVIYAT butunligi – Muvozanatga qanday erishish mkin degan savolga javob topishga harakat qiladi.
    Xo‘sh, Yusuf «qanday erishmoq mumkin?» degan o‘sha mangu savolga javob topib bilaoldimi? Uning qismatining har bir parchasi o‘sha olamga bergan savollarining siniq-siniq parchalaridir, degim keladi… Romandagi badiiy tafakkurni – umuminsoniy tafakkur deb atash o‘rinli. Yusuf – o‘zligini qidirayotgan, o‘z mohiyati zimnida – hayot jumbog‘ini anglashga bel bog‘lagan inson. U o‘z qishlog‘idan safar qiladi. Bu safar – Andijon va Toshkent oralig‘ida bo‘lib o‘tadi. Xo‘sh, bu safar taassurotlari unga nimalarni in’om qilgan edi? Unga tog‘asining o‘git va nasihati hayot yo‘llarini mash’aladek yoritib – OLIY MUVOZANATga erishish uchun muayyan ASOS vazifasini o‘tamoqda emasmidi? Oila, farzand, odatdigdek yashash tarzi, ruhiyatdagi evrilishlar YUsufga mazmun emas, boshida musibat va alamzadalikni yog‘dirmoqda edi. U ayni shu musibat bag‘rida e’tiqodida sobit turishni ENG buyuk baxt, ENG buyuk qadriyat deb bildi.
    «SHunos»lik va olimlikni «g‘iybat», «bo‘hton», «ichi qoralik», «fosiq»lika alishgan «soxta shunos» va «soxta olim»lar – romanga nega bunchalik bepisandlik bilan qarashdi ekan? O‘ylab odamning aqli shoshadi. Fahmimizcha barcha zamonlarda «mevali daraxt»ga, «hosili mo‘l» daraxtga tosh otiladi. Asar ham shundayki, uni o‘ziga singdirib, yozuvchining badiiy olamidan bahramandlik his qilib, muallifning iste’dodi va kelajagi borligini sezib qolishadiki, har tomondan g‘ayrli ko‘z bilan qaray boshlaydilar. Oqibatda – iste’dod avaylab, ko‘z qorachig‘iday saqlanmasa, adabiyotda xolislik va haqqoniylikka darz etadi. «Kattiq iymon shoiri Asqar Mahkam» buyuk shoir SHavkat Rahmonga bag‘ishlab, bezovta ruhi oldida ukalik mehri bilan «Adabiyot ibodati» nomli maqola yozadi. Maqolani yozib tugatgandan keyin boshlandi… Mavlono Rumiy asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan mutarjim ne kunlarni boshidan kechirganligi Yaratganga ayon…
    Shuni nazarda tutish joiz, qalbimizni junbishga keltirgan, tozarishga, poklikka chaqirgan, hasad emas, havas tuyg‘usini shakllantirishga beminnat xizmat qilgan asarni yosh avlodga etkazishda olim o‘zini o‘ta mas’uliyatli sanashi kerak… Har bir asarning o‘z o‘quvchisi bo‘ladi. Har bir odamning o‘z bilganlari. Bular adabiyot ko‘chasiga olib kirilsa, buning nimasi yomon? Akademik Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Pirimqul Qodirov, Umarali Normatov, Abdug‘ofur Rasulov kabi fidoyi munaqqidlarimiz roman haqida o‘z vaqtida va ba’zilari hozir ham fikr-mulohazalarini bildirishib kelmoqda. Demak, romandagi romaniy tafakkur tadrijini istiqlol davri adbiyoti misolida tahlil qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Bu haqda quyidagi fikr-mulohazalarni keltirib o‘tishni maqsad qilib qo‘ydik.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.