топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

ISLOM KARIMOV – MUSTAQILLIK ME’MORI

Илмий мақолалар
Илм-фан
Davronov Sardorbek Abdulla o‘g‘li
Xalqaro munosabatlar, 3-bosqich
 
Annotatsiya:
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
I.A.Karimovning mustaqillikka erishish yo‘lidagi matonati va mustaqillikning ilk
yillaridagi siyosiy faoliyati ochib beriladi. Shuningdek, maqolada I.A.Karimovning
<p class=«MsoNormal» >mustaqillik yillaridagi faoliyatini xolis yoritish maqsadida o‘sha davrning
mashhur kishilari fikrlari keltirib o‘tilgan. Ushbu ilmiy ish keng kitobxonlar
uchun mo‘ljallangan.
Kalit so‘zlar: I.A.Karimov,O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi, adolatli siyosat,
islohot, milliy qadriyatlar, iqtisodiy-siyosiy inqiroz, tartibsizliklar
ISLOM KARIMOV – MUSTAQILLIK ME’MORI
“Dunyoga kelgan har bir inson o‘z tole’i bilan tug‘ilib, bu uning taqdirida
aks etadi. Ammo o‘z taqdiri — xalq taqdirida iz qoldirgan insonlar sanoqlidir”
Suqrot.
 Bir insonning o‘rtacha umr ko’rish darajasi asrlar, davrlar oldida hech narsa
emas. Lekin shunday qisqa umri davomida asrlarga tatigulik buyuk ishlarni amalga
oshirgan, tarix zarvaraqlariga o‘z nomini muhrlab ketgan shaxslar barcha
zamonlarda ham xalq ongida saqlanib qoladi. Jahon miqyosidagi buyuk davlat va
jamoat arbobi, ezgu ishlar bunyodkori, ezgu amallar himoyachisi, mustaqilligimiz
asoschisi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom
Abdug‘aniyevich Karimov ham barchaga o‘rnak bo‘ladigan hayot kechirib,
xalqimizning qalbidan joy oldi. Mamlakatning eng murakkab va og‘ir burilish
davrida unga yo‘lboshchilik qilish uchun kuch topa olgani, buyuk madaniyat va
tarixga ega bo‘lgan xalqni hurlikka yetaklagan davri, mamlakat tinchligi va
farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ishlari, O‘zbekistonni hech qaysi davlatdan
kam bo‘lmagan davlatga aylantirish yo‘lida amalga oshirgan islohotlari, bugungi
yorug‘ kunlarga erishish yo‘lidagi sobitqadamligi va jasorati uni abadiylikka
muhrladi. U o‘zining adolati, mardligi, jasorati bilan butun Sovet Ittifoqi
“dohiy”larini titratdi. Islom Abdug‘aniyevich butun faoliyati davomida adolatli
siyosat yuritdi. Ulug‘ yo‘lboshchimizning ”Adolat va haqiqat g‘oyasi ijtimoiy
hayotimizning barcha sohalarni qamrab olmog‘i darkor”.[1, 51] – deb aytgan
jumlalarining o‘zi ham fikrimizni isbotlaydi. Islom Karimov buyuk bog‘bon
sifatida mustabid tuzum davrida shunday hurlik niholini ekdiki, bu nihol bir necha
yillar davomida chuqur ildiz otib, o‘z mevasini berdi. Islom Karimov qadagan
mustaqillik niholi bugun buyuk kelajak sari jadal intilmoqda.
Islom Karimov o‘z siyosiy faoliyatining dastlabki davrlaridanoq adolat bilan
ish yuritishi, boshlagan ishidan zinhor ortga chekinmasligi, o‘z maqsadi yo‘lida har
qanday to‘siqlarni pisand etmasligi bilan xalqni o‘z ortidan ergashtirdi va chin
ma’noda xalqning qalbida mustaqillik, hurlikning so‘nib borayotgan olovini
qaytadan yoqdi. Bu vaziyatda yurtboshimizga uzoqni ko‘ra bilish va har qanday
vaziyatda to‘g‘ri yechim topa olish qobiliyati qo‘l keldi. I. Karimov “Aqlli odam
sarosimaga tushmas, insonparvar odam hasrat qilmas, jasur odam
hadiksiramas”[5,106] qabilida ish olib bordi. Islom Karimovdagi yetakchilik
hislatlari o‘sha davr buyuk shaxslarining e’tiborini tortib ularning e’tirofiga
sazovor bo‘lgan. Jumladan, o‘sha davr KPSS markaziy kengashi siyosiy byurosi
a’zosi, Ozarbayjon Prezidenti Geydar Aliyev “Islom Karimov Sovet Ittifoqi
davridayoq adolatsizlikka qarshi tura olgan edi. U dono rahbar sifatida oyoqqa
turdi, jasorat ko‘rsatdi va uning jasorati oldida hamma chekindi”[8] — deb e’tirof
etgan.
O‘tgan asrning 80-yillari oxiri 90-yillari boshlarida Sobiq Sovet Ittifoqida
shunday murakkab vaziyat vujudga keldiki, Ittifoq siyosiy inqiroz yoqasiga kelib
qoldi. Ittifoq tarkibidagi davlatlar ham umumittifoq inqirozi domiga tortilgan edi.
Bunday vaziyatda ittifoq “dohiylari” talvasaga tushib, bunday vaziyatni bartaraf
eta oladigan nomzodni qidirardi. Islom Karimov shunday nomzod ekanligini, u
xalqni o‘z orqasidan ergashtira olishini anglagan rahbarlar 1989-yil iyun oyida
Islom Karimovni Moskvaga chaqirdi. Islom Karimovni O‘zSSR rahbari etib
tayinlash rejasini anglagan sovet davlati mas’ul rahbarlaridan biri Anastasyov bu
vaziyatga “Moskvadagilar aqldan ozibdi. Islom Karimovning to‘liq kuch-qudratini
anglay olmabdi. To‘g‘ri, u butun mamlakatdagi tartibsizliklarga barham bera oladi,
xalqni o‘z ortidan ergashtira oladi. Lekin rahbariyat bu yuksak aql-zakovat va
qat’iyat sohibi xalqni mustaqillikka olib chiqishini ko‘ra olmadi. Buni boshqalar
bilmasa ham, men bilaman! Axir, bu qaysar rahbar bilan uch yildan beri
kurashaman! Lekin, ochiq gap, bunday dovyurak odamni hali hech qachon
uchratmaganman. Metinday matonati, o‘tkir zakovati bilan nafaqat meni, butun
ittifoqni mag‘lub etdi”[9] — deb e’tirof etadi. Chindan ham, respublika rahbari etib
tayinlanganiga endigina bir yil bo‘lgan Islom Karimov 1990-yil 20-sentabrda
Moskvada KPSS MQ plenumida so‘zlagan nutqida “Ittifoq va respublikalarning
vazifalari, burchlarini va o‘zaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qo‘yish,
respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash lozim” [4, 6]ligi kun
tartibiga qo‘yganligining o‘zi ham Anastasyovning fikri naqadar to‘g‘ri ekanligini
tasdiqlaydi.
1989-yil 23-iyun millionlar taqdirida ulkan burilish bo‘lishiga sabab bo‘lgan
fursat edi. Xuddi shu kuni Siyosiy byuro Islom Karimovni respublika rahbari etib
tayinladi. O‘sha davrda qat’iyatli rahbarimizni juda murakkab siyosiy vaziyat kutib
turardi. Endigina rahbar etib tayinlanganiga ikki kun bo‘lgan Islom Karimov 25-
iyun kuni ikki millat to‘qnashuvi girdobida qolgan, g‘alayonlar markaziga
aylangan Farg‘onaga keldi va o‘sha tahlikali vaziyatda xalqning ishonchini qozona
oldi, xalqni o‘ziga ishontirdi va tartibsizliklarga barham berdi. Qayta qurish tufayli
vujudga kelgan, ichki muammolar yig‘indisi bo‘lgan inqiroz shunchalar chuqur
ildiz otgan ediki, uning ta’siri Farg‘onadagi voqealar bilan chegaralanib qolmadi.
Bu siyosiy tartibsizlik 1990-yil Toshkentning Bo‘ka va Parkent tumanlarini ham
o‘z domiga tortdi. Shunday vaziyatda yurtboshimiz hech qanday qo‘riqchilarsiz
g‘alayonlar markaziga kirib bordi, xalq bilan yuzma-yuz turib muammolarga
barham berdi, o‘z qat’iyati bilan xalqni ortidan ergashtira oldi.
Islom Karimov Ittifoqning parchalanishiga sanoqli kunlar qolganini aniq
bilardi. Shu bois qat’iy choralar ko‘ra boshladi. Birinchi navbatda demokratiyaning
asosi bo‘lgan saylov masalasi bo‘yicha prezident saylovi joriy qilish va uni
o‘tkazish tartibi bo‘yicha konstitutsiyaga o‘zgartish kiritdi. 1990-yil mart oyida
Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. Shu kunning
o‘zida u yangi konstitutsiya ishlab chiqish masalasini ko‘tarib chiqdi. U o‘z
harakatlari bilan mustaqillik sari jadal intilishda davom etdi va shu yilning 18-iyun
kuni XII chaqiriq respublika Oliy Kengashi ikkinchi sessiyasida mustaqillik
deklaratsiyasini qabul qilish masalasini kun tartibiga qo‘ydi va 20-iyun kuni qabul
qilindi[4, 26]. Bu hujjat qabul qilinishining o‘zi mustaqillik sari qo‘yilgan
dastlabki va dadil qadam edi. Lekin Islom Karimov bu bilan to‘xtab qolmadi,
hamda yangi Konstitutsiya lohiyasini tuzish bo‘yicha ishchi guruh tuzdi. Garchi
Konstitutsiya mustaqilligimizdan keyin qabul qilingan bo‘lsa ham, bu tom
ma’nodagi mustaqillik konstitutsiyasi uchun tamal toshi bo‘ldi.
Islom Karimov faqatgina siyosiy islohotlar bilangina mamlakat mustaqilligini
qo‘lga kiritib bo‘lmasligini yaxshi bilardi. Chin ma’nodagi mustaqillikka erishish
uchun xalq ongida mustaqillik shukuhini yoqish, ularni mustaqillikka tayyorlash
lozim edi. Busiz mustaqillik qo‘lga kiritilgani bilan mamlakatdagi vaziyat
barqarorlashmasligini 90-yillar boshlarida ittifoq tarkibidan ajralib chiqqan
Latviya, Litva va Estoniya kabi davlatlar mustaqilligining dastlabki davrlarida
milliy-etnik nizolar kelib chiqqani misolida ko‘rishimiz mumkin. Shu bois
yurtboshimiz xalqini har tomonlama mustaqillikka tayyorlash uchun xalqlarning
madaniyati, o‘zligini anglashga, milliy qadryatlarni tiklashga asosiy e’tibor qaratdi.
Ma’naviyatning beqiyos kuch ekanligini yaxshi anglagan yurtboshimiz quyidagi
jumlani ko‘p tadbirlarda va o‘z asarlarida qayd etgan: “Ma’naviyat – insonni ruhan
poklanishga, qalban uyg‘onishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini
baquvvat, imon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos
kuch“[2, 19]. Shu sababli 1989-yilning oktabr oyidayoq “O‘zbekiston SSR davlat
tili to‘g‘risidagi“ qonun qabul qilindi va o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.
Yurtboshimizning islohotlari bu bilan cheklanib qolmadi, uning birinchi farmoniga
ko‘ra 1990-yildan boshlab 21-mart xalqimizning azaliy qadriyatlaridan bo‘lgan
„Navro‘z“ bayramini umumxalq bayrami kuni sifatida belgilanib, shu kun dam
olish kuni deb e’lon qilindi. Shuningdek, diniybag‘rikenglikka alohida e’tibor
qaratdi. Chunki hammaga ma'lumki, “Eng yaxshi sulton din ahli bilan o‘tirib
turuvchi sultondir“[6, 23]
Uzoq davom etgan iqtisodiy-siyosiy inqiroz, tartibsizliklar nafaqat oddiy
aholida, balki ittifoq tarkibidagi mas’ul shaxslarda ham norozilik kayfiyatini
keltirib chiqardi. Natijada 1991-yil 19-21-avgust kunlarida Moskvada to‘ntarish
o‘tkazildi. Bu tartibsizliklarning yurtimizga ta’sirining oldini olish uchun Islom
Karimov Hindiston safaridan zudlik bilan qaytdi va bu holatga ortiq chidab
bo‘lmasligini, O‘zbekiston ortiq Ittifoq tarkibida qololmasligini anglagan
yurtboshimiz qat’iyat bilan chora ko‘rdi. 25-avgust kuni Islom Karimovning
farmoni bilan Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik qo‘mitasi O‘zbekiston SSR
tarkibiga kiritildi. 26-avgust kuni O‘zbekiston Oliy Kengashining Rayosati
O‘zbekistonning mustaqilligi to‘g‘risida qonun loyihasini tayyorlash haqida
farmoyish chiqardi va 28-avgust kuni yurtboshimiz KPSS MQ bilan har qanday
aloqani to‘xtatishga, KPSSning barcha tuzilmaslaridan chiqishga, uning markaziy
organlaridagi o‘z vakillarini chaqirib olishga qaror qildi.
1991-yil 31-avgust. Uzoq kutilgan, xalqlarning taqdirida burilish yasagan,
yosh-u qariga birdek erkinlik bergan, bir necha avlod vakillari tomonidan orzu
qilingan hurlikka, mustaqillika erishildi. Bu uzoq va mashaqqatli yo‘lda Islom
Karimovning oqilligi, adolatparvarligi, qat’iyatliligi, uzoqni ko‘ra bilishi qobilyati
mustaqilligimiz qo‘lga kiritilishi uchun “kalit“ vazifasini o‘tadi.
Endi yosh mustaqil davlatimiz oldida, zamon talablariga javob beradigan
erkin fuqarolik jamiyati qurish, jamiyatni eski tuzum sarqitlaridan tozalash vazifasi
turardi. Bu amalni bajarishda yurtimizga shunday buyuk aql zakovat va qat’iyatli
shaxs boshchilik qilayotgani qo‘l keldi. Yurtboshimiz o‘z islohotlarini birinchi
navbatda demokratiyaning asosi bo‘lgan saylov tizimidan boshladi. Chunki dono
yo‘lboshchimiz „Saylov – bu demokratiya, demokratiya – bu saylov “[3, 16]
ekanligini yaxshi bilar edi. Karimov yetuk iqtisodchi sifatida mamlakatning
iqtisodiy ahvolini yaxshilamasdan turib, rivojlangan mamlakatga aylanishi
mumkin emasligini yaxshi anglardi. O‘sha davrlarda bu ishga xalqaro tashkilotlar
va davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish orqali erishish mumkin edi. Shu sababli
mustaqil O‘zbekistonimiz 1992-yil mart oyida BMTga a’zo bo‘ldi va
mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq bir necha yirik davlatlar bilan iqtisodiysiyosiy,
madaniy aloqalar o‘rnatdi. Islohotlarning keyingi bosqichi
O‘zbekistonning o‘z mustaqil valyutasini yaratish edi. 1994-yil milliy valyuta so‘m
qabul qilindi. Bu islohotlari bilan yurtboshimiz mamlakat iqtisodiyotini bir muncha
izga tushirib, rivojlanish bosqichiga olib chiqdi.
Islohotlarning keyingi bosqichi yoshlarga ta’lim-tarbiya berish jarayonlarini
kuchaytirish, zamon talablariga javob beradigan ta’lim tizimini yaratish va
yoshlarni kuchli, bilimli qilib tarbiyalash edi. Barchamizga ma'lumki, yoshlarni
tarbiyalashga antik davrdan katta e’tibor qaratib kelingan. “Biz yoshlarni haqiqiy
qilib tarbiyalasak, ular hech qanday yo‘l bilan davlatga yomonlik
qilmaydilar”[5,150] degan ibora o‘sha davrlarda shakllangan edi. Bu islohot
qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini Islom Karimov tushundi va boshqalarga
ham buni uqtira oldi. Shu asosida prezidentimizning tashabbuslari bilan „Kadrlar
tayyorlash milliy dasturi“ ishlab chiqildi. Ushbu islohotning samarasi o‘laroq
o‘zbek yoshlari xorijda, dunyoning yetakchi universitetlarida, ta’lim olishga,
dunyoqarashini o‘stirishiga, xorijiy tillarni o‘rganishga, eng asosiysi butun dunyo
tan olgan ta’lim muassasalari va ta’lim jarayonlarida bilim olish imkoniga ega
bo‘lishdi. Buning samarasini bugungi kunda jahon miqyosida yoshlarimiz
erishayotgan yutuqlarda ko‘rishimiz mumkin.
Islom Karimov hukumat tepasiga kelganida SSSR barcha hududlarida
iqtisodiy „parokandalik“ hukm surayotgan edi. Alloh nazari tushgan yurtimiz
Islom Karimov boshchiligida mustaqillikning dastlabki yillaridayoq jahon
standartlariga mos islohotlar rejasini ishlab chiqdi, o‘z rivojlanish istiqbolimizni
belgilovchi, tom ma’nodagi O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishi
va mustahkamlanishida, erkin fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotiga
asoslangan demokratik davlatga aylanishida qo‘llanma vazifasini bajargan, besh
tamoyildan iborat „o‘zbek modeli“ yaratildi. Yurtboshimiz oqil siyosat yuritib,
„shok terapiyasi“dan voz kechib, bosqichma-bosqich bozor islohotlarini joriy qildi.
Bugungi kunda har bir sohada dunyoning yetakchi davlatlari qatorida tan
olinayotgani O‘zbekistonning dastlabki davrida qabul qilgan o‘z rivojlanish yo‘l
qanchalik to‘gri ekanligini ko‘rsatadi.
Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib
qolgan yurtimizni qayta tiklagan, g‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir
qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va
barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga
aylantirgan mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat
arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning birinchi
Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 2016-yil 2-sentabr kuni vafot etdi.
Uning o‘limi „sokin oqayotgan dengizni larzaga keltirganday“ bo‘ldi.
Mamlakatimiz bo‘ylab xalqimizning ko‘z yoshi daryoga aylandi. O‘sha mudhish
kun dunyoning bir necha mamlakatlarida motam e’lon qilindi, dunyoning ko‘plab
davlat rahbarlari o‘zbek xalqiga hamdarlik bildirib, Islom Karimovni mangu
maskaniga kuzatishda qatnashdi.
Islom Karimov bilan bir necha yillar yelkama-yelka turib ish olib borgan,
uning islohotlarini izchil davom ettirayotgan O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev „Milliy tariximizning eng keskin va tahlikali
yillarida, millatlararo to‘qnashuvlar va boshqa ziddiyatlar avj olgan,
mamlakatimizda fuqarolar urushi xavfi yuzaga kelgan, iqtisodiyot chuqur
inqirozga uchragan, bir so‘z bilan aytganda, eski zamon umri tugab, yangi zamon
boshlanayotgan bir paytda respublika rahbari etib Islom Karimovning saylanishi
yaratganning xalqimizga bergan bebaho marhamati bo‘lganini“[7] ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev „O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom
Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida“gi qarori
e’lon qilindi va uning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga
oshirilmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, dunyoning boshqa davlatlarida
ham Islom Karimov nomi bilan ataluvchi bir necha majmualar joriy etildi.
Jumladan, Turkmaniston xalqi Islom Karimov uchun alohida yodgorlik
majmuasini yaratgani Islom Karimovning nafaqat o‘zbek xalqining, balki bir necha
xalqlar qalbidan joy olganining isbotidir.
Taassuf bo‘lsinki, o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, oliyjanob insoniy
fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirgan Islom
Abdug‘aniyevich Karimov oramizda endi yo‘q. Alvido Islom Karimov! Alvido
aziz yurtboshim! Siz bizning doimo qalbimizdasiz!
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
[1] Karimov I.A. O‘zbekiston XXI asrga intilmoqda. – Toshkent. “O‘zbekiston”. 1999.51-bet
[2] Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – Toshkent. “Ma’naviyat”. 2008.19-bet
[3] Karimov I.A. Ona yurtimiz baxt-u iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy
saodatdir. – Toshkent. “O‘zbekiston”. 2015. 16-bet
[4] Qamariddin Usmonov. O‘zbekistonning milliy mustaqillik davr tarixi, darslik. O‘qituvchi ,
T.:- 2012. 6-26-bet
[5] Афлотун.Давлат.-Тошкент.”Янги аср авлоди”.2015. 106, 150- bet
[5] Конфуций. Суҳбат ва мулоҳазалар. – Тошкент. “Янги аср авлоди”. 2016. 26-bet
[6] Низомулмулк. Сиёсатнома. — Тошкент. “Янги аср авлоди”. 2015. 23-bet
Elektron manbalar
[7] Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi
08.09.2016 yilgi nutqidan. Elektron manba: uza.uz/uz/politics/o-zbekiston-respublikasibosh-vaziri-shavkat-miromonovich-mi-08-09-2016
murojat qilingan sana: 01.10.2017
[8] Politics and Economics of Central Asia. Nova Publishers. Elektron manba:
www.novapublishers.com/catalog/contrib.php?products_id=18397  murojat qilingan sana:
01.10.2017
[9] Луқмон Бурихон.“Олов тутган одам” номли роман парчаси .Elektron
manba:http://fondkarimov.uz/uz/proizvedeniya-ob-islame-karimove/fragment-romana-olovtutgan-odam-lukmona-burihona/
 
Murojat qilingan sana: 01.10.2017

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.