топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Inson va jamiyatning ma’naviy hayoti

Илмий мақолалар
Илм-фан

 Insoniyat yaratilibdiki u mukammallikka intilib keladi. Bunda ma'naviyatning, bilim va tarbiyaning o'rni beqiyosdir. Chunki inson bolasi bilim va tarbiya vositasida ulg'ayadi. Agar u bilim olmasa, yaxshi tarbiya topmasa hayotda o'z o'rnini topishi dargumon. Demak, olingan bilim va tarbiyaning inson ongida uyg'unlashib, uning turmush tarziga aylanishi inson ma'naviyatini yuzaga keltiradi. “Ma'naviyat deganda, avvalambor, odamni ruhan poklanishga, qalban ulg'ayishga chorlaydigan, inson ichki dunyosini, irodasini baquvvat, iymon-e'tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg'otadigan beqiyos kuch,uning barcha qarashlarining mezonidir”[1]deb ta'kidlagan edi I. A. Karimov. Shunday qilib, ma'naviyat (arabcha, ma'nolar majmuyi) kishilarning falsafiy, siyosiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlari va tushunchalari majmuyini tashkil etadi.

Ma'naviyat deganda har qanday tabiiy, axloqiy, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy bilimlarning inson tafakkurida mujassamlashuvi va bu bilimlarning ko'nikma, malaka va hayot tarzlariga aylanib ketishi tushuniladi. Yoki bo'lmasa, ma'naviyat — insonning ruhiyatini, o'z-o'zini anglashi, didi, farosati, adolat bilan razillikni, yaxshilik bilan yomonlikni, go'zallik bilan xunuklikni, vazminlik bilan johillikni ajrata bilish qobiliyati, aql-zakovati, maqsad va g'oyalarni qo'ya bilish, ularni amalga oshirish uchun harakat qilish va intilish salohiyatidir.
Ma'naviyat insonning ongi, tuyg'usi, hissiyoti, bilimi va e'tiqodida mujassamlashgan ruhiy sifat bo'lib, u shaxs kamoloti va barkamolligini belgilab beravchi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Zero fuqarolari ma'naviy barkamol jamiyatgina ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksak cho'qqilarga ko'tariladi. Ma'naviyati yuksak bo'lgan jamiyatda taraqqiyotning o'ziga xosligi yaqqol ko'rinadi. Yuksak ma'naviyatning belgisi shuki, unda bilim va ko'nikmalar insoniy qadriyatlar va insoniy axloq bilan uyg'unlashib ketadi.
Afsuski, jamiyatda ma'naviy qashshoqlik ham mavjud. Agar jamiyatda ma'naviy qashshoqlik ustun tursa bunday jamiyat halokatga mahkumdir. Shu munosabat bilan I. A. Karimovning quyidagi so'zlariga e'tiboringizni qaratamiz: “Hozirgi zamondagi eng katta xavf — insonlarning qalbi va ongini egallash uchun uzluksiz davom etayotgan mafkuraviy kurashdir. Endilikda yadro maydonlarida emas, mafkura maydonlarida bo'layotgan kurashlar ko'p narsani hal qiladi. Bu achchiq haqiqatni hech qachon unutmaslik lozim”.[2]
Ma'naviyatga mazmun jihatdan yaqin keladigan ma 'rifat, madaniyat, axloq, tamaddun (sivilizatsiya) tushunchalari mavjud. Ma'naviyat ular orasida umumiyroq mazmun-mohiyatga ega. Garchi bu tushunchalarning har biri ma'naviyat iborasidan ozmi-ko'pmi farq qiladigan muayyan ma'noni anglatsa ham, kengroq nuqtayi nazardan qaraganda, ular ma'naviyat tushunchasi doirasiga kiradi.
Inson va jamiyat ma'naviy hayotining rivojlanishida ijtimoiy va individual ongning roli kattadir. Chunki tabiat va jamiyatda yuz berayotgan turli-tuman o'zgarishlar ongda o'z aksini topadi. Kishilar o'z onglariga ta'sir etgan voqea-hodisalarga nisbatan o'z qarashlarini, fikrlarini ifodalaydilar. Ana shu ifodalash ijtimoiy va individual ong mahsuli sifatida namoyon bo'ladi.
Individual ong — muayyan guruh, elat va millatga mansub bo'lgan ayrim kishining ongi bo'lib, jamiyatdagi voqelik va real borliqning alohida olingan shaxsning ongida aks etishidir. ijtimoiy ong esa ijtimoiy guruhlar, tabaqalar, millatlar, davlat yoki, umuman, jamiyatning ijtimoiy yoki tabiiy voqelik haqidagi umumiy qarashlarini ifodalaydi.
Voqelikni aks ettirish darajasiga ko'ra, ijtimoiy ong kundalik-odatiy va nazariy ongga bo'linadi. Kundalik-odatiy ong hayotiy tajriba asosida vujudga kelgan oddiy xulosalar, qarashlar majmuyidan iborat bo'lib, kishilarning kundalik hayotidagi voqealarni aks ettiradi. Nazariy ong deganda nazariyotchilar, olimlar, mutafakkirlar ishlab chiqqan nazariy qarashlar va ilmiy bilimlar tizimi tushuniladi. Nazariy ong voqealar mohiyati va rivojlanish qonuniyatlarini aks ettirib, jamiyat taraqqiyoti bilan baravar bo'lishi ham, undan ilgarilab ketishi ham yoki ortda qolishi ham mumkin.
Ijtimoiy ong sohalar (darajalar) va turlar (shakllar) bo'yicha tasniflanishi mumkin. Ijtimoiy ong shakllariga siyosiy ong, huquqiy ong, axloqiy ong, estetik ong, diniy ong, ilmiy ong va shu kabilar kiradi.
Sohalar (darajalar) bo'yicha ijtimoiy ong mafkura va ijtimoiy psixologiyaga ajratiladi. Ijtimoiy psixologiya muayyan ijtimoiy guruh, xalq yoki millatning odatlari, urflari, an'analari, yashash tarzidan kelib chiqqan psixologik o'ziga xosliklarni, ular hayotining emotsional xususiyatlarini aks ettiradi.
Ijtimoiy psixologiya ijtimoiy muhit, kundalik turmush sharoitlari ta'siri ostida vujudga keladi va rivojlanadi. Ijtimoiy psixologiyaning yana bir xususiyati shuki, unda muayyan bir hududdagi sharoitlarda yashayotgan va bir-biriga bevosita ta'sir qiluvchi bir necha elat, millatlarga mansub kishilarning ongidagi o'xshash xususiyatlar ham aks etadi. Bunda ba'zi millat vakillarining yashab turgan joylaridan ko'chib ketishgani, ammo yangi joyda ular ko'pincha o'z millatdoshlari tomonidan tushunilmagani, u yerda chiqishtirilmagani va, nihoyat, ularning yana ilgarigi hududga, mamlakatga qaytib kelganligiga oid ko'plab misollarni keltirish mumkim. Bunga ko'p hollarda ijtimoiy psixologiya xususiyatlari sabab bo'ladi.
Ijtimoiy psixologiyadan farqli ravishda mafkura muayyan ijtimoiy guruh, qatlam, millat, jamiyat, davlat manfaatlari, orzu-istak va maqsad-muddaolarini ifodalovchi g'oyaviy-nazariy qarashlar tizimini anglatadi. Unda manfaatlari ifodalanayotgan ijtimoiy guruh va qatlamlarning o'tmishi, hozirgi kuni va kelajagi o'z ifodasini topadi. Ana shu munosabat bilan I. A. Karimov quyidagi fikrni aytgan edi: “Milliy mafkuramiz har qanday millatchilik va shunga o'xshash unsurlardan, boshqa elat va xalqlarni mensimaslik, ularni kamsitish kayfiyati va qarashlaridan mutlaqo xoli bo'lib, qo'shni davlat va xalqlar, umuman jahon hamjamiyatida, xalqaro maydonda o'zimizga munosib hurmat va izzat qozonishda poydevor va rahnamo bo'lishi darkor.”
Mafkurada ham ijtimoiy borliq, hayot aks etadi. U ayni holda jamoaviy ishonch shaklini olgan dunyoqarashning bir shaklidir. Mafkura inson hayotining barcha sohalariga ta'sir qiladi hamda unda maqsadga yo'naltirish va tashkiliylik xususiyatlari kuchli darajada yuzaga chiqadi. Taniqli siyosatshunos R. Jumayev o'zining “0'zbekiston Respublikasining siyosiy tizimi: qaror topishi va rivojlanishi” asarida ta'kidlaganidek, “Yangi mafkurani ishlab chiqish va islohotlarni yanada kengaytirish — o'z yo'nalishlariga ko'ra yagona jarayondir… Agar mafkura biror partiya yoki sinfga bog'lanib qolmagan, balki umummilliy xarakterda bo'lsa, uning manfaatlarni aks ettirish spektri katta bo'ladi, ta'sir qilish diapazoni keng boiadi… insoniy muhitga kirib borish va moslashuv nuqtayi nazaridan u moslashuvchan va harakatchan bo'ladi. Ana shu xususiyatlarni o'ziga jo qilgan mafkurani haqiqiy xalqchil deb hisoblash mumkin.”
XXI asr bo'sag'asiga kelib jahon taraqqiyotining barcha jabhalarida globallashuv jarayonlari tezlashdi. Shu sababli dunyo taraqqiyoti va ma'naviy omillar uyg'unligi muammosi dolzarb masalaga aylanmoqda
Ilg'or fikrli ziyolilar o'z mamlakatlari tarixini qaytadan nazardan o'tkazib, teran ma'naviy meroslarini tiklash va ko'paytirish, boyitish hamda odamlar qalbiga singdirib, ularni ezgulikka va adolatga yetaklashga harakat qilmoqdalar. Ana shunday mamlakatlar qatoriga bizning mamlakatimiz ham kiradi.
    

 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.