топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Harbiylarning farzandlariga – oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha “byudjet” joylari

номли блог ttymi-man

Prezidentning 14.05.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–3726-son qarori e’lon qilindi.
Qurolli Kuchlardagi xizmat doimiy safarlar bilan bog‘liq. Shu sababli harbiy xizmatchilarning farzandlari ta’lim muassasalarini tez-tez o‘zgartirib turadilar, bu ular olayotgan bilim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu sababli 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shuningdek shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlarning farzandlari uchun davlat granti asosida ta’lim olishga umumiy qabul sonidan 5 foizli kvota ajratiladi. Ularning farzandlariga maxsus tavsiyanoma beriladi.
Harbiy bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida asosiy kvotadan tashqari maxsus kvota joriy etiladi, ya’ni yangilik boshqa abiturientlar uchun umumiy tanlovga ta’sir ko‘rsatmaydi. Harbiy oliy ta’lim muassasalarida esa – umumiy kvota doirasida. Bu erda oddiy abiturientlarga kamroq joy qoladi.
Bu – muhim!5 foizli kvota doirasida tanlov o‘tkaziladi – harbiy xizmatchilarning farzandlari bir-birlari bilan musobaqalashadilar. Abiturient test sinovlarida qancha ko‘p ball to‘plasa, reytingda shuncha yuqori o‘rinni egallaydi. Tegishincha, maxsus kvota bo‘yicha o‘rinlarga qaraganda abiturientlar ko‘proq bo‘lsa, kimdir o‘qish imkonini qo‘lga kiritmasligi mumkin.
Abiturient tavsiyanoma olishi uchun otasi (onasi)ning bevosita komandiri iltimosnoma berishi lozim. Buning uchun esa otasi (onasi) mamlakatning mudofaa qudratini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan, harbiy va ilmiy faoliyatda ma’lum bir natijalarga erishgan bo‘lishi shart. Bunda har bir vazirlik va idora cheklangan miqdordagi tavsiyanomalarni beradi. 5%li kvota qismlarga bo‘linadi, ulardan:
  • Mudofaa vazirligi uchun – 44%;
  • Davlat xavfsizlik xizmati uchun – 30%;
  • Ichki ishlar vazirligi uchun – 10%;
  • Milliy gvardiya uchun – 10%;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirligi uchun – 3%;
  • Prezidentning Davlat xavfsizlik xizmati uchun – 2%;
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi uchun – 1%.
Bu – muhim! Harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan, yarador bo‘lgan, kontuziya yoki shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari tegishli vazirlik yoki idoraning tavsiyanomasi asosida oliy ta’lim muassasalarining byudjet o‘rinlariga maxsus kvota bo‘yicha test sinovlaridan o‘tmay qabul qilinadilar.
Bundan tashqari, vazirlik va idoralarga 2018/2019 o‘quv yillaridan oldin o‘qishga kirgan, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari ta’lim olishi uchun kontrakt pulini to‘lashga ruxsat etildi.
HujjatQonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 15.05.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning to‘liq matni, sharhlar va u bilan bog‘liq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov.
(Ma’lumot www.norma.uz/uz/qonunchilikda_yangi/harbiylarning_farzandlariga_-_oliy_talim_muassasalariga_qushimcha_byudjet_joylarisaytidan olindi)

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.