топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shish — burchim

Ёш ижодкорлар

deydi adabiyot yo'nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo'lgan denovlik Dilrabo NORQULOVA


Onasi boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lgani uchun Dilrabo hali maktabga bormasdan o'qish-yozishni puxta o'rganib oldi. Shu bois 6 yoshida onasi yordamida birinchi she'rini yozdi. Maktabda u barcha fanlarni «a'lo»ga o'qidi, namunali xulqi bilan boshqalarga ibrat bo'ldi. Ona tili va adabiyot darsliklaridagi she'rlarni sinfdoshlaridan avvalroq yod olardi. Uyda ham adabiy kitoblarni mutolaa qilardi. Fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli qatnashdi. 2007 yilda ilk she'ri tuman gazetasida chop etildi.

2009 yilda Toshkent to'qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi 1-son akade­mik litseyiga o'qishga qabul qilindi. Uning «Kaftimga in qurar laylaklar» she'rlar kitobi nashrdan chiqdi. «Men sog'­lom turmush tarzini tanlayman, senchi?» rasmlar ko'rigida 2-o'rinni egalladi. «Bu muqaddas Vatanda azizdir inson» mavzusidagi insholar tanlovida g'o­lib deb topildi, shu mavzuda tashkil etilgan tadbirlarda faol qatnashgani uchun diplom bilan taqdirlandi. O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi «Onajonim — she'riyat» to'garagida qatnashgani shoiraga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi. 2011 yilda uning respublika gazeta-jurnallarida ketma-ket she'rlari chiqdi. Yosh ijodkorlar respublika seminarida qatnashdi. «Ijod» fondining «Birinchi kitobim» loyihasi asosida uning «Quyoshga yaqin maskan» kitobi chop etildi. Undan shoiraning Vatan haqidagi o'ziga xos tasvirlari o'rin olgan:

Ketar chog'im qishloqdan,

Tog'lar engashib qoldi.

Chopib bordi buloqlar,

Yo'llar ergashib qoldi...

Yaqinda u O'zXDP a'zoligiga qabul qilindi.

— Mamlakatimizda to'rtta siyosiy partiya faoliyat yuritmoqda, — deydi Dilrabo Nor­qulova. — Har kim o'zi tanlagan partiya sa­figa kirishi mumkin. O'zXDPni tanlaganimni o'ziga xos sabablari bor. Bu partiyaning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini qo'llab-quvvatlayotgani mening shunday qarorga kelishimga sabab bo'ldi.

U kelgusi rejalari haqida gapirar ekan, shunday dedi: — Ingliz, nemis, fransuz va rus tillarini puxta egallab, shu tillarda ijod qilgan taniqli adiblarning asarlarini ona tilimizga tarjima qilsam deyman. Bunday asarlar xalqimiz ma'naviy mulkini yanada boyitadi.

Abdumalik HAYDAROV

1 изоҳ

avatar
2016 yil 8 dekabrda O'zbekiston Respulikasi Konstitutsiyasining 24 yilligi munosabati bilan «Vatan manzumasi» nomli adabiy-musiqiy dasturda Dilrabo Norqulovaning «Tafakkur uyg'ondi» she'ri menga manzur bo'ldi.Dilrabo Norqulovaning kelajakdagi ijodiga omad tilayman.
Vatanparvarlik, insonparvarlik va milliylikni o'zida mujassamlashtirgan she'rlar yoshlarning ma'naviy olamini yuksaltirishga,barkamol avlod bo'lib ulg'ayishiga xizmat qiladi.
 
Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.