топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

YUKSAK MA’NAVIYATLI YOSHLAR TARBIYASI – JAMIYAT TARAQQIYOTINING MUHIM SHARTI SIFATIDA.

Арбоблар
Жамият
 
“...insonning eng sof va pokiza tuyg‘ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag‘rida shakllanadi. Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezon va qarashlar – yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or- nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir”.
  Darhaqiqat, mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganlaridek har qaysi millatning o‘ziga xos ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubxasiz, oilaning o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Oila g‘oyaviy immunitet hosil qilishning qudratli qo‘rg‘oni bo‘lib kelgan mafkuraviy ijtimoiy institutlardan biri hisoblanadi. Oilada uzluksiz fikr almashishlar, muloqotlar asosida ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy masalalarga o‘z munosabatlarini bildirib, individual va ijtimoiy ong muayyan yo‘nalish olishiga erishiladi.
Oila har qanday jamiyatning dastlabki asosi, negizi hisoblanadi. Demak, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar insoniy yoki g‘ayriinsoniy tomonga og‘ib ketishida oila o‘ziga xos o‘ringa ega ekanini nazarda tutishimiz lozim. Har mamlakat va mintaqada ma’lum bir tarixiy davr ruxi, avvalo oilaviy munosabatlarda o‘z ifodasini topgach, u rux asosida, odamlarning muayyan maqsadga qaratilgan umumiy harakatini yuzaga keltiradi. Ana shu ruh mafkura orqali oilaga kirib boradi. 
O‘zbek oilasida bola ongida sog‘lom g‘oya va bilimlar shakllanishi jarayonida ota-ona va boshqa yaqin qarindosh-urug‘lar ham bevosita ishtirok etadi. Azaliy udumga binoan, bola tarbiyasida ota-onadan ham ko‘proq bobo va buvilarning ta’siri kuchliroq bo‘ladi. Ular oiladagi ma’naviy muhitning boshqaruvchilari hisoblanadi. Bunday tarbiya an’anasi buyuk ajdodlarimiz taqdirida muhim o‘rin tutgan. Masalan, Amir Temurning nabiralari tarbiyasi bilan ularning onalari emas, ulug‘ bibilari-Saroymulkxonim shug‘ullangan. Xususan, Shoxrux Mirzo, Muxammad Sulton Mirzo, Halil Sulton Mirzo, Ulug‘bek Mirzo singari temuriy shahzodalar Saroymulkxonim qo‘lida tarbiya topgan.
 Saroymulkxonim ushbu shahzodalarning yetuk shaxs bo‘lib yetishishlarida xizmat qilgan, bolani dunyoga keltirishdan ko‘ra uni jamiyatga nafi tegadigan, yuksak ma’naviyatli, sog‘lom e’tiqodli, solih farzand qilib tarbiyalash- odamlikdan insonlikka o‘tkazish mushkulroqdir.
Bugungi kunda ba’zi ota-onalar o‘sib kelayotgan yosh farzandlarining qiziqish va intilishlariga, ularning “ongu tafakkurida har kuni bir o‘zgarish yuz berib, o‘zida yangi-yangi savollar paydo bo‘layotganiga jiddiy ahamiyat bermasligi, boz ustiga ba’zilari bola oldida o‘zini tutishni bilmay, axloq-odob bobida farzandlariga o‘rnak bo‘lish o‘rniga, ahli oilasiga qo‘pol muomala bilan farzandlari ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatish, xatto ba’zi oilalarda bolaning ma’naviy olamida og‘ir asoratlar qoldirishi mumkin bo‘lgan o‘zgalar baxtini ko‘raolmaslik, fisqu — fasod, ig‘vo muhiti ham mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Shu o’rinda og’riqli bir savol: Bunday oilada voyaga yetgan farzand qanday inson bo‘lib yetishadi?Biz intilayotgan va orzu qilayotgan ertangi kelajakning egasi bo’la oladimi?
Bunay ko’ngilsizliklarga duch kelmaslik uchun esa,muhtaram birinchi prezidentimizning“Biz o‘z farzandlarimizning baxtu saodatini, iqbol va kamolini ko‘rishni istar ekanmiz, nafaqat oiladagi, balki maxalla-kuydagi odamlarning xatti-xarakati ham bolaning shakllanib kelayotgan sof qalbi va ongiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida doimo o‘ylashimiz, bu masalada zimmamizda qanday ulkan mas’uliyat borligini unutmasligimiz zarur.”Qabilidagi so’zlarini dastur ul amal qilib olishimiz zarur.
Oila-haqiqiy ma’naviyat o‘chog‘i, mafkuraviy tarbiya omili va muhitidir. Binobarin, milliy mafkuramizga xos ilk tushunchalar inson qalbi va ongiga, avvalo, oila muhitida singadi. Bu jarayon bobolar o‘giti, ota ibrati, ona mehri orqali amalga oshiriladi. 
Oila, uning asrlar mobaynida saqlanib kelayotgan muqaddas an’analari orqali yoshlarda Vatanga muhabbat, imon-e’tiqod, mas’uliyat, vatanparvarlik, insonparvarlik, ilmga ishtiyoq va madaniyat ko‘nikmalari shakllanadi. Zero, har bir fuqaro oilaning jamiyatdagi o‘rni va vazifasini, Vatanning ostonadan boshlanishini tushunmasdan turib, o‘zini mukammal inson deb his qila olmaydi.
Bolalarda yoshlikdan xalq va yurt taqdiri uchun fidoiylik tuyg‘usini shakllantirish tarbiyada muhim o‘rin tutadi. Buning uchun bola hayotining dastlabki yillaridan boshlab, uni hayot bilan tanishtirishning milliy an’analarimizga xos shakllarini qo‘llash lozim. Sababi u ushbu jamiyatning a’zosi sifatida uning milliy, etnik qiyofasini hayot haqidagi dastlabki tasavvurlari va ko’nikmalaridayoq his etsin. Bu jarayonda milliy turmush tarzimizga yot bo‘lgan “jangari” o‘yinchoqlar, multfilmlar, kinofilmlardan imkon qadar foydalanmaslik, ana shunday seriallar berilayotgan vaqtda ularni boshqa yumushlar bilan band qilib qo‘yish lozim. Sanab o’tilayotgan harakatlar oddiy elementlardek ko’rinsada, ularning ahamiyati butun bir jamiyat taqdiriga daxldordir.
 Sharqona odob va bashariyatning ezgu intilishlarini aks ettiruvchi o‘yinlar, o‘yinchoqlar, rasmli kitobchalar, milliy ertaklar asosida yaratilgan multfilmlar bolalardagi ilk yoshlikdan mafkuraviy qarashlarining to‘g‘ri shakllanishida qo‘l keladi. Masalan, bolalar o‘rtasida mashhur bo‘lgan “Zumrad va Qimmat”, “Yoriltosh”, “Xo‘ja Nasriddinning sarguzashtlari” kabi qator ertaklar orqali bolalarda yaxshilikka muhabbat, yomonlikka nafrat tuyg‘ularini tarbiyalash, adolat tantanasiga ishonch hissini uyg‘otishi mumkin. 
Yuqorida tilga olingan tarbiya shakllarini amalga oshirishning eng qulay yo‘li avvalo, ota-onalarning ma’naviy bilim saviyasini oshirish, ularda sog‘lom tafakkur va zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishdir. Bu esa ota-onaning farzand oldidagi, el-yurt oldidagi burchining to‘g‘ri anglashni insonning dunyoga kelishi va kamol topib rivojlanishiga oid qonuniyatlarni puxta bilishini, oilaviy munosabatlar doirasida milliy urf-odat va an’analarimizni eng nodirlarini turmushga singdirish orqali bolalarda milliy qadriyatlarga mehr-muhabbat uyg‘otish, ularni mustaqil fikrlaydigan kishilar qilib tarbiyalashni taqazo etadi. Binobarin, ota-onalik shunday mas’uliyatli vazifaki, uning jamiyatimiz manfaatiga mos tarzda amalga oshirilishi uchun inson ham ma’naviy jixatdan, ham psixologik jixatdan tayyor bo‘lishi kerak. 
 Kasbni puxta egallash va fidokorona mehnat qilish uchun ilm qanchalik zarur bo‘lsa, fozil farzandlar tarbiyalash va ularni insonlarga nafi tegadigan darajada yetuk qilib voyaga yetkazish uchun ham bilim shunchalik muhimdir. Shuning uchun o‘rta asrning ko‘zga ko‘ringan iste’dodli shoirlardan biri  Sheroziy ota-onaga, ayniqsa, ayol kishiga ilmning zaruriyati to‘g‘risida shunday yozgan edi: “Ilm- ayol uchun ziynat. Aqlini nodonlikdan xalos etgan har bir ayol nomus, izzat, ayollik qadrini tushunib yetadi. Bunday ayol hech bir ishda adashmaydi. Ilmsiz ayol esa bola tarbiyalashda turli xatolarga yo‘l qo‘yadi”.
Oilada ota va onaning insoniy sifatlari, bilim saviyasi, ularning sog‘lom turmush tarziga muhabbati, dunyoqarash yo‘nalishi yosh avlodda g‘oyaviy immunitet hosil etishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi, desak mubolag‘a bo‘lmas. 
Aksincha bo‘lsa, u unib-o‘smaydi yoki mazali meva bera olmaydi. Shuning uchun ham oila, undagi munosabatlar shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy mohiyatga molik masala ekan, mustahkam, sog‘lom turmush tarziga asoslangan oilalar – mafkuraviy ijtimoiy institut sifatida milliy va davr ruxi asosida yosh avlodni tarbiyalay olishini nazarda tutish muhimdir. Oilaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda barcha davlat muassasalari, ijtimoiy-siyosiy harakatlar faol ishtirok etishlari, xususan “ommaviy madaniyat” deb atalgan  g‘ayriinsoniy, g‘ayritabiiy ta’sirlardan saqlab qolishlari darkor. 
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, biz erkin va farovon hayot barpo etishdek ulug‘ maqsad sari yo‘l olar ekanmiz, Vatan ravnaqiga xissa qo‘shishi uchun davlatimiz yaratgan imkoniyatlardan foydalangan holda ta’lim-tarbiya jarayonini shakllantirib borshimiz maqsadga muvofiqdir.
Xurmatillo Ismoilov
ADTI “Tillar, pedagogika va psixologiya” kafedrasi o’qituvchisi
 
 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.