топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Baxt nima…

номли блог ttymi-man

Har bir inson u xoh yaxshi bo'lsin, xoh yomon baxtli hayot kechirishni istaydi. G'am qayg'udan, tashvishdan yiroq bo'lishni xohlaydi. Ammo… oyning o'ng beshi yorug' bo'lsa o'n beshi qorong'u. Yorug' kunlarni kutib yashashning o'zi ham bir baxt,deydi ba'zilar. BAXT! Bu so'z juda tansiq va ayni damda ko'p ishlatiladi. Huda-behuda bu so'zni ishlataveramiz. Arzimas narsadan sevinib «Men baxtliman»,deydiganlarning soni ko'p desam,adashmagan bo'laman. «Siz baxtlimisiz?» degan savolni duch kelgan odamga beraman-u,lekin tayinli javob olmayman. Chunki har bir inson baxtni o'zicha tasavvur qiladi. Har kim o'zining ongi tafakkuri rivojiga qarab baxtni har narsada ko'radilar. Kimdir molu - davlatni baxt deb bilsa, kimdir ko'ngil хotirjamligini, ko'zi ojizlar uchun esa baxt bu ko'zining nuri qaytishi,yorug' dunyoni,tabiatni ko'rish istagi, soqovlar uchun esa tilga kirishi bu baxtdir. Yana kimlardir murod — maqsadlariga yetganlarida «Shu emasmi baxt?» deydi.
Avvallari baxt deganda yetib bo’lmaydigan bir manzilni tushunardim. Hozir esa hayotda orzu qilib, yetishgan barcha manzillarimni baxt deb bilaman. Bolaligimda bir ertak o’qigandim. Bir bolakay har kuni erta tongda tom tepasiga chiqib, uzoq - uzoqlarga qaraydi. O’shanda juda uzoq tog’ tepasida nimadir oppoq bo’lib yaraqlab turganini ko’radi. Bola har kuni shu narsani ko’rish uchun turadi. Uning nimaligini bilishni, unga yetishni orzu qiladi. Shu tuyg’u bolaga tinchlik bermaydi. Nazarida unga yetishish baxt edi. U ulg’ayadi va bir kuni uzoq yo’lga otlanadi. Ming bir mashaqqat bilan bola manzilga yetib boradi. Qarasa, bir kulba. Uning tomi quyosh nurlarida yaltirab ko’rinayapti. Bolaga necha yillar tinchlik bermagan o’sha narsa shu edi. Ammo u xafa bo’lmaydi. Chunki shuncha bosib o’tgan yo’li, yaqinlari sog’inchi, kechgan yillari — barchasi bir butunlikda uning baxti ekanligini tushunib yetadi. Xulosa qildimki, mening har bir bosib o’tgan yo’lim, yetgan manzilim — baxtim bo’laklari. Mana shu bo’laklar yig’indisini baxt deb bilaman.
Baxt — bu insonning orzu istaklari maqsadlariga yetishib yashashidir. Baxtli bo'lish orzuida yashagan kishining qalbi pok bo'lishi, o'z nafsini tarbiyalashi, yaxshi ishlarni bajarishga odat qilishi zarur. Hamma narsasi bo'la turib insonlar orasida hayotda o'z o'rnini topa olmagan inson baxtsizdir. Inson qalbidan joy olish eng ulug' baxtdir. Yoshlikni umr bahoriga o'xshatishadi. Chindan ham u bahorday yashnab, bahorday shiddat bilan o'tib ketadi. Kun keladiyu yoshligimiz bizni manguga tark etganini endi hech qachon navqiron yoshligimiz qaytib kelmasligini tushunib yetamiz. Afsus, ko'zimiz kech ochiladi. Shuning uchun ham ota bobolarimiz «Vaqting ketdi, baxting ketdi», deb bejizga aytmaydilar. Baxtli bo'lgan insonlarning hayotiga nazar tashlasak ularning ko'pchiligi mehnat bilan hurmat qozongan. Hayotda oilaning totuvligi ham katta baxtdir. Shu bois har bir inson uchun oila baxtidan ulug' baxt bo'lmasa kerak. Baxt!!! Baxt — bu sevgan insoni bilan birga bo'lish, hayotnng barcha tashvish va quvonchlarini baham ko'rish, hurmat qilish va har qanday qiyinchiliklarda bir biriga suyanchig' bo'lishdir.
Mening baxtim, avvalo, baxt uchun intilayotganimda. Shukrki, barchamizda Olloh in’om etgan, sevgiga, sog’inchga tashna ko'ngil bor. Yaxshi yomon kunimda doimo menga suyanchig' bo'ladigan yaqinlarim, oilam bor. Yana mening baxtim bu oilamning tinchligi oila a'zolarimni sog' — salomat yonimda ekanligi, onajonimning bag'riga boshimni qo'yib bir lahza nasihatlarini eshitishning o'zi ham bir baxt. Yaqin insonlarimning shodon chehrasi, ota — onamning yuzidagi mamnunligi, salomat ekanligim, shunday jannatmakon o'lka O'zbekistonda tug'ilib tinch yashayotganim, o'zim orzu qilgan oily ilm dargohiga kirib talabalik baxtiga erishganim, shuning o’zi baxtliman, deb aytishimga asos bo’la olsa kerak. Shunday ekan L. N. Tolstoy aytganlaridek:«Baxtli bo'lish uchun doimo shu baxtga intilmoq va uni anglamoq zarur. Baxt vaziyatga emas, kishining o'ziga bog'liq».
Durdona Ismoilova
Tashishni tashkil etish va transport
logistikasi fakulteti АВ-209 guruh talabasi

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.