топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

O‘zbek xalqining etnik tarkibi

Тарихий саналар
Илм-фан
O‘zbeklar O‘rta Osiyoning qadimgi xalqlaridan biri bo‘lib, ko‘hna va boy tarixga, yuksak madaniyatga ega xalq. Ular son jihatdan ham katta.
 O‘troq o‘zbeklar tojiklar kabi O‘rta Osiyoning eng qadimiy xalqlaridan sanaladi. Ular Jayhun (Amudaryo) va Sayhun (Sirdaryo) oralag‘idagi O‘rta Osiyo hududida yashagan baqtriylar, so‘g‘dlar va xorazmiylarning avlodlaridir.
 
O‘rta asr davridagi yozma manbalarda Movarounnahrning asosiy aholisini tavsiflash uchun odatda “turk” va “tojik” atmasidan foydalanadilar va bu bilan O‘rta Osiyodagi ikkita asosiy etnik birikmani belgilaydilar. Ularning tarkibiga asrlar davomida turli etnik qatlamlar kirar edi.
Ilk yozma manbalardagi ma’lumotlarga, shuningdek arxeologik va antropologik materiallarga asoslanib shuni aytish mumkinki, baqtriyaliklar, so‘g‘dlar, xorazmiylar, farg‘onaliklar va kanguylar o‘zbek elatining tarkib topishida dastlabki asosiy etnik qatlam bo‘lishgan. Keyinchalik turli davlarda Movarounnharga ko‘chib kelgan qabilalar yangi qatlam bo‘lib qo‘shilishgan.
 
X asr oxiri – XI asr boshlarida qoraxoniylar bilan birga Oltoy, Yettisuv va Sharqiy Turkistondan Movarounnahrga ko‘chib kelgan bir talay qabilalar: turgashlar, to‘xsilar, qorliqlar, chigillar, o‘g‘uzlar, arg‘in va boshqa turkiyzabon qabilalar o‘lkaning sharqiy eron va turk tillarida so‘zlashuvchi aholisi tarkibini etnik jihatdan boyitdi, turkiy etnik qatlamning ustunligini bir qadar ta’minladi. Shunday qilib, Qoraxoniylar davrida o‘zbek xalqi to‘la shakllanib, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlandi. Eski o‘zbek tiliga asos bo‘lgan qorliq — chigil lahjasi rivoj topdi va yozma adabiyot darajasiga ko‘tarildi. Qorliq — chigil lahjasi, aytish mumkinki, shu o‘zbek xalqining umumiy tili bo‘lib qoldi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk”, Xoja Ahmad Yassaviyning “Hikmat” asarlari mana shu davrning ijodiy mahsulidir.
 
XIII asrning boshlarida, aniqrog‘i 1219 yili Movarounnahrga Chingizxon katta qo‘shin bilan bostirib kirdi. Bu qo‘shin tarkibida mo‘g‘ullar bilan bir qatorda turklar va turklashgan mo‘g‘ullar ham ko‘p edi. Qorliqlar, jaloirlar, totorlar, markitlar, qurlovutlar, burkutlar, qo‘ng‘irotlar, barloslar, sulduslar, boyovutlar, bahrinlar shular jumlasidandir. Bu qabilalar, shubhasiz, o‘zbek xalqining etnik tarkibini yanada boyitdi. Lekin o‘sha zamonlarda, XV asrga qadar bular o‘zbek nomini olmagan edilar. Ular turk deb yoki o‘z qabilalari nomi bilan atalganlar.
 
O‘zbeklarning ajdodlari tarixda sezilarli iz qoldirdilar. Ular Somoniylar (819-1005), Chig‘atoy ulusi (1227-1370), Temur va Temuriylar davlati (1370-1506)ning ijtimoiy — siyosiy hayotida katta o‘rin egallab kelganlar. O‘zbeklarning ajdodlari Saljuqiylar (1038-1194) va G‘aznaviylar (977-1186) davlatining harbiy-siyosiy tayanchi bo‘ldilar.  O‘zbeklar XVI asrning boshlarida Shayboniylar davlati (1500-1601)ga asos soldilar. Ashtarxoniylar (1601-1757) va Mang‘itlar (1757-1920) davlatini ham asosan ular boshqardilar. Qo‘qon (1709-1876) va Xiva (1512-1920) xonliklari ham o‘zbeklarning davlati edi.
 
XI-XII asrlarda tarkib topgan o‘zbek elatiga keyinchalik yangi qatlamlar kelib qo‘shilgan. Bu davrda ko‘plab turk — mo‘g‘ul qabilalari, shu jumladan asr boshlarida Shayboniyxon boshchiligida Dashti Qipchoqdan Movarounnahrga ko‘chib kelgan qabilalar o‘zbek elati tarkibiga kirgan eng muhim qatlamdirlar.
 
Hozirgi O‘zbekiston yerlaridan turli davrlarda boshqa elatlar – yunonlar, arablar, mo‘g‘ullar ham yashashgan. Ular mahalliy aholi bilan qo‘shilib, asta — sekin singishib ketishgan. XVI asrda va shundan keyin qoraqalpoqlar, qozoqlar, turkmanlar va qirg‘izlar guruh — guruh bo‘lib, ba’zan esa mahalliy aholi bilan qo‘shilib yashashgan. Asrlar davomida turli halqlarning vakillari o‘zaro xo‘jalik va madaniy aloqalarda bo‘lib kelishgan.
 
“O‘zbek” etnonimining kelib chiqishi va mohiyati
 
XVI asr boshlarida Movarounnahrga ko‘chib kelgan turk — mo‘g‘ul qabilalari “o‘zbek” nomini olib kelishdi. Keyinchalik bu nom etgik ahamiyat kasb eta boshladi. Ammo, bundan o‘zbek elat sifatida XVI asrning boshlaridagina shakllandi, degan ma’no kelib chiqmaydi. Xalqning tarixi uning nomidan qadimiyroq bo‘lishini tasdiqlovchi misollarni boshqa ko‘pgina mamlakatlardan ham keltirish mumkin. Ana shunday misollardan biri Movarounnahrdir.
 
Hozirgi O‘zbeksiton yerlaridan keyinchalik o‘zbeklar deb atalgan aholi juda qadim zamonlardan yashab kelgan.
 
XIII asrning 80-yillari – XIV asrning boshlarida “o‘zbek” atamasi Dashti Qipchoqning turk — mo‘g‘ul ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholisining umumiy nomi sifatida arab va fors tilidagi asarlarda qo‘llana boshlandi.
 
“O‘zbek” etnonimining kelib chiqishi va mohiyati xususida turli fikrlar mavjud. Olimlarning bir guruhi bu atamaning kelib chiqishini Olti O‘rdaning mashhur hokimi O‘zbekxon (1313-1342) nomi bilan bog‘laydilar. Boshqa bir guruh olimlar “o‘zbek” atamasi Dashti Qipchoqning sharqiy qismida vujudga kelgan va bu yerda yashovchi barcha turk — mo‘g‘ul qabilalariga nisbatan qo‘llanilgan deb hisoblaydilar. Uchinchi guruh tadqiqotchilar esa Dashti Qipchoqdagi turk — mo‘g‘ul aholisi uchun umumiy nom sifatida “o‘zbek” atamasi XIII asrning oxirida, ya’ni O‘zbekxondan ilgari vujudga kelgan, deb ta’kidlaydilar.
 
Ammo, deyarli barcha tadqiqotchilarning fikricha, XVI asrning boshlarida Dashti Qipchoqdan Movarounnahrga ko‘chib kelgan turk-mo‘g‘ul qabilalarining bir qismi asta — sekin mahalliy turk aholisi bilan singishib ketib, turk aholisi tarkibiga so‘nggi asosiy qatlam bo‘lib qo‘shildi va shu bilan birga ularga o‘z nomini berdi.
 
Shimoldan kelgan ko‘chmanchi qabilalar asta — sekin o‘troq bo‘la boshladilar. Ular Movarounnahrga kelgan dastlabki yillaridayoq Samarqand, Buxoro va O‘rta Osiyodagi boshqa markazlarning aholisi singari ko‘chmanchi zodagonlarning va shayboniylar yangi hukmron sulolasining vakillari sifatida tilga olinadilar. Ammo, ko‘chib kelgan qabilalarning bir qismi ancha vaqtgacha ko‘chmanchilik va yarimko‘chmanchilik turmush tarzini tark etmadilar.
 
Ko‘chmanchilarning qishloq deb ataladigan ilgarigi qishki manzilgohlari asta — sekin doimiy istiqomat joyiga aylana boshladi. U yoki bu qabila o‘troq bo‘lib qolgan joylar shu qabila nomini ola boshladi. Qo‘ng‘irot, Mang‘it, Qipchoq, Majar, Do‘rmon va shu singari aholi yashaydigan joylarning nomi ana shu tarzda kelib chiqqan.
 
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, murakkab etnik jarayon umuman shunga olib keldiki, Dashti Qipchoq qabilalari asta — sekin “o‘zbek” degan umumiy nom bilan atala boshladilar va bu nom O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘idagi qadimiy o‘troq turk tilida gaplashadigan aholi tomonidan qabul qilinib, uning ilgarigi “turk” nomi o‘rniga ishlatila boshladi. XVI asrning oxirlarida Buxoro xonligining butun aholisi (Dashti Qipchoq o‘zbeklaridan tashqari) turklar va tojiklarga bo‘lingan bo‘lsa, keyinchalik, XVII asrning oxirlarida tarixchilar faqat o‘zbeklar va tojiklarni tilga oladilar. Bundan keyingi asrlarda ham etnik markazlashuv jarayoni davom etdi.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.