топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Muzeylar jonli darsxonalardir

Surxondaryo viloyat PKQTMOI

Xushvaqt Begashev


Termiz shahar 11-umumiy o‘rta ta’lim


maktabi tarix fani o‘qituvchisi


Jamila Ne’matillayeva


Termiz davlat universiteti tarix fakulteti 2-kurs talabasi


 


   Yurtimizga kelgan mehmonlar va sayyohlar o‘zbek xalqining tarixiy va boy o‘tmishi, madaniyati, ma’naviyati haqida ana shunday muzeylarda bo‘lib to‘liq ma’lumot olish, boy tasavvur hosil qilish mumkin. Muzey ilmiy-ma’rifiy muassasa bo‘lib, tabiiy, moddiy, ma’naviy madaniyat yodgorliklarini yig’ish, saqlash, o‘rganish, targ’ib qilish bilan shug’ullanadi. Muzeyning memorial, ilmiy-ma’rifiy, tadqiqiot, o‘quv turlari bo‘lishi mumkin. Shuningdek, muzeyning tarixiy, texnik, tabiiy, ilmiy, san’atshunoslik, adabiyot, memorial majmua, o‘lkashunoslik yo‘nalishlari mavjud.


    Muzeylar tarixiy, moddiy va ma’naviy madaniyat yodgorliklarini asrovchi, saqlovchi, o‘rganuvchi va xalqqa namoyish qiluvchi ilmiy-ma’rifiy muassasalardir. Muzeylar kishilarning o‘zlari qadrli va yodgorlik bo‘lib qoladigan buyumlarni to‘plab, ularni kelgusi avlodlarga qoldirish ehtiyoji natijasida paydo bo‘lgan.


    Muzeylar xazinasida moddiy va tasviriy vositalar, shuningdek, san’at asarlari jamlanadi. Shu bilan birga tarixni jonlantiruvchi yozma manbalar: qadimdan hozirgi davrgacha bo‘lgan tarixiy qimmatga ega qo‘lyozmalar, bosma hujjatlar, kitoblar saqlanadi.


   Muzeylarning dastlabki ko‘rinishlari ibodatxonalarda tashkil etilgan, chunki qo‘lyozmalar dastlab xattotlar tomonidan tayyorlangan. Yevropada muzeylarning tashkil etilishi va muzeyshunoslik fanining vujudga kelishi asosan XIV-XVII asrlarga to‘g’ri keladi.


    Muzeylar tadqiqot va ta’lim-tarbiyaviy vazifalarni o‘tashi bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Muzeylarda joy olgan eksponatlar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, ular tarixning ma’lum bir davri haqida ma’lumot beradi.


    Muzeyda muzeyshunoslar ilmiy tekshirish ishlarini olib boradilar. Muzeyga kelgan to‘plamlarni butlaydilar va o‘rganadilar. Muzey ashyolarini saqlash va ta’mirlash ishlarini yo‘lga qo‘yadilar. Tomoshabinlar uchun ekskursiyalar tashkil etib, boy manbalar haqida ma’lumot berish bilan birga, ularni o‘sha davr haqidagi bilimlarini boyitadi.


   O‘zbekiston Respublikasida ham juda ko‘p muzeylar mavjud. Bu muzeylardagi eksponatlar jahonning mashhur muzeylari eksponatlaridan qolishmaydi.


    O‘zbekistonda muzeylar dastlab XIX asrning ikkinchi yarmida tashkil etila boshlagan. Bular 1876-yilda ochilgan Toshkent o‘lkashunoslik muzeyi, Samarqand xalq muzeyi va Farg’ona xalq muzeylari edi.


Bugungi kunda Respublikamizning katta va kichik shaharlarida, tumanlarida xalqning boy tarixiy-madaniy xazinalarini namoyish qiluvchi 500 dan ortiq turli muzeylar faoliyat olib boryapti. Yoshlarni ma’naviy-axloqiy kamolga etkazishda, keng aholi ommasini, ayniqsa, yosh avlodni ma’rifatli qilishda muzeylarning roli katta ahamiyat kasb etishini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 1998-yil 12-yanvarda “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida“gi farmoni e’lon qilindi. Mazkur farmon muzey ishini kelgusida rivojlantirishning yorqin istiqbollarini ochib berdi. U “O‘zbekmuzey” Respublika jamg’armasini tuzish va muzey xodimlarini kasb malakalarini, ularning ilmiy izlanishlari samarasini oshirish uchun sharoit yaratishga, o‘zbek, ingliz, rus tillarida uch oyda bir nashr etiladigan “Moziydan sado” jurnali ta’sis etishga yordam qiladi.


   1996-yil 18-oktabrda Toshkentda ochilgan Temiryo‘llar tarixi Davlat muzeyi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan  ma’rifiy va ma’naviy ishlar borasida yirik tarixiy va madaniy yodgorlik, ilmiy tafakkur markazi bo‘lib qoldi. Muzey eksponatlari juda katta tarixiy qimmatga ega bo‘lib, Temuriylar davri ruhini beradi. Muzeyga qo‘yilgan tilla buyumlar, qurol-aslahalar, lashkarboshi va oddiy janchilarning kiyimboshlari, musiqa asboblari, o‘sha davrga xos jihozlar, Amir Temur, Bobur qo‘lyozmalari, Ulug’bekning astronomik qurulmalari va boshqa madaniy boyliklar shular jumlasidandir.


    1996-yil 1-sentabrda Toshkentda Osiyoda noyob va yagona bo‘lgan „Olimpiya shon-shuhrat muzeyi“ ochildi. Bu muzey–O‘zbekistonlik sportchilarning turli jahon musobaqalarida qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlarini, medallarini faqat namoyish etadigan joygina bo‘lib qolmay, balki mamlakatimizda sport harakatini rivojlantirish markazi ham hisoblanadi.


    Chunonchi ,1992-yil may oyida Namanganda ulug’ o‘zbek shoiri Boborahim Mashrab muzeyi ochildi. 1992-yil sentabrda Xorazm viloyatining Xonqa tumanida milliy mumtoz musiqa va kuylarning mashhur ijrochisi, Xorazm xofizlar maktabining asoschisi Hojixon Boltaboyev nomidagi o‘ziga xos noyob maqomchilar muzeyi ochildi. Bu muzey ekcpozitsiyalarini uch mingga yaqin turli eksponatlar – tarixiy hujjatlar,qadimgi xorazmliklar foydalangan uy-joy anjomlari, tikuvchilik va gilam mahsulotlari, idish-tovoqlar, mehnat qurollari tashkil etgan.


1992-yil noyabr oyida Buxoroda O‘zbekistonda birinchi marta temirchilik muzeyi ochildi. 1992-yil dekabrda Samarqand viloyatining Oqtosh shahrida ochilgan xalq baxshisi Islom shoir  Nazar o‘g’lining uy-muzeyi birinchi mehmonlarni qabul qildi. 1993-yil 3-sentabrda Toshkentda o‘zbek ayollari ichidan chiqqan birinchi huquqshunos olima akademik Hadicha Sulaymonova muzeyi ochildi. 1993-yil 1-sentabrda Toshkent Davlat texnika universiteti qoshida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib, Politexnika muzeyi ochildi. 1993-yil 10-sentabrda Toshkentda o‘zbek raqqosasi Mukarrama Turg’unboyeva muzeyi, 1993-yil 21-sentabrda esa Navoiy viloyatining Tomdi tumanida mashhur cho‘pon, ikki marta Mehnat Qahramoni, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining faxriy akademigi Jaboy Balimanovning hayoti va mehnat faoliyati haqida ma’lumot beruvchi muzey ochildi. 1993-yilning noyabr oyida Toshkentda ochilgan O‘zbekistonda xalq ta’limi tarixi muzeyi o‘z muxlislarini kutib oldi.


    1994-yil may oyida Toshkent shahrida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoati instituti muzeyi, oktabrda O‘zbekiston xalq rassomi Usta Muhiddin Rahinov va uning o‘g’li Akbar Rahimovlarning ko‘rgazmali muzeyi ochildi. Toshkentda 1996-yil mayida O‘zbekiston gidrometeoroligiya xizmati muzeyi ochildi. 1996-yilning 30-noyabrida Toshkentda ochilgan Qimmatbaho qog’ozlar bozori tarixi muzeyiga tashrif buyurgan tomoshabinlar birinchi marta turli davlatlarga sayohat qilish sharafiga muyassar bo‘ldilar. 1997-yil oktabr oyida Buxoroda mashhur buxorolik zarb qiluvchi usta Salim Hamidov muzey ochildi. Suningdek, atoqli davlat arboblari, olimlar, yozuvchilar, rassomlar, kompozitorlar, artistlar hayoti va ijodiga bag’ishlangan muzeylar ham oz emas. Toshkentda Muxtor Ashrafiy, Oybek, O‘rol Tansiqboyev, G’afur G’ulom, Yunus Rajabiy, Mukarrama Turg’gunboyeva va boshqalarning uy muzeylari mavjud. Taniqli manzarachi rassom O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyi 1976-yilda rassom ijod qilgan ustaxona tashkil qilingan. Bugungi kunda o‘z faoliyati bilan o‘zbek manzarachilik san’atida salmoqli o‘rin egallagan rassomga atalgan dastlabki uy muzeyidir.


    Ayniqsa, tarix darslarini tashkil etishda 5-9-sinflar bo‘yicha Muzey pedagokikasining salmoqli o‘rni bor. Chunki, bola faqat eshitib emas, balki o‘z ko‘zi bilan ko‘rib jonli mushohada shohidi bo‘ladi va shu asosda o‘z bilim ko‘nikma va malakasini oshirib boradi. Masalan, 5-sinf “Tarixdan hikoyalar “darsligida (7-§, 26-28-betlar) aynan muzey haqida bo‘lib, bugungi kunda bu mavzuni shunchaki oddiy dars emas, balki fotorepartaj slayd yoki “sayohat darsi” sifatida tashkil etish mumkin. Buning uchun shu hududda joylashgan muzeyga tashrif yoki shu muzeydan olingan videolavha, audio yozuvlar, tasmalarga ko‘chirilgan ovozli yozuv bilan ham bola qalbiga kirib borish mumkin.


    Respublika hududida joylashgan ba’zi muzey haqida bola bilimini sinash uchun BBB xarita usulidan foydalanib, ulardan avval “Bilaman” xaritasi to‘ldirilsa maqsadga muvofiq bo‘lishi mumkin. Bunda o‘quvchi quyi sinfda o‘rgangan, tevarak-atrofdan o‘rgangan bilimlari asosida “Temuriylar tarixi davlat muzeyi”, “O‘zbekiston davlat muzeyi”, “Olimpiada shon-shuhrat” muzeylari haqida aytib o‘tsa, “Bilmoqchiman” xaritasida o‘qituvchi tomonidan shu muzeylar tarixi, ulardagi boy eksponatlar bo‘yicha videolavha namoyishini taqdim etishi va shu bilan birga qo‘shimcha adabiyotlar orqali bilimini oshirishi mumkin. Bu orada “Bilib oldim” xaritasi „Idrok xaritasi“ bilan uzviylashtirilgan holda tarqatmalar berib, ham yakka, ham guruh bilan ishlash ham mumkin. Shu o‘rinda darsni mustahkamlash uchun proyektorda muzeylar rasmlari berilib, uni yana ham to‘ldirish mumkin


“Bilmoqchiman” xaritasida esa o‘quvchi qiziqishidan kelib chiqib, uy topshiriqlari o‘qituvchi va o‘quvchi hamkorligida ishlansa juda ma’qul bo‘ladi. Umuman olganda muzeylar faoliyati bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib, har bir fan uchun o‘z qimmatiga ega. Nafaqat tarix, balki botanika, musiqa, zoologiya, geografiya, adabiyot, matematika, huquq fanlarini ham muzeylar bilan bog’lab o‘tish maqsadga muvifiqdir. Har bir kunning, har bir narsaning o‘z tarixi bo‘lgani kabi boy  eksponatlarga ega muzeylarning ham o‘z tarixi bo‘ladi.



     Hozirda Toshkentda “NEXT” ko‘ngil ochar savdo markazida bolalar uchun birinchi interaktiv muzeyi faoliyat olib bormoqda. Muzeyning ikki xonasiga fanning turli sohalariga tegishli bilimlar bazasi joylashtirilgan.


Eksponatlar jajji tashrif buyuruvchilarga chaqmoq qayerdan paydo bo‘lishi, hayvonlar, qushlar va hasharotlar qanday ko‘rishi yoki oddiy dastak yordamida tanlab, yukni qanday ko‘tarish mumkinligi haqida hikoya qiladi. Yangi muzeyda bolalar ma’lumotlarni tinglabgina qolmay, balki eshitgan narsalarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ham ega.


     Muzey asoschilari eksponatlar sonini ko‘paytirish va fanlar qamrovini kengaytirish rejalshtirilgan. Tez orada bu yerda kimyoviy tajribalar soni ortib, astronomiya bo‘yicha eksponatlar paydo bo‘ladi. Yaxshisi unga bir bora tashrif buyuring, Qiziqarli ma’lumotlarga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.


    Xalqning boy madaniyatini o‘zida aks ettirgan muzeylar ahamiyati har doim o‘rganishga molik ish.


 


 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.