топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Samarqandda dunyo taronalari yangramoqda

SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI

Samarqandda “Sharq taronalari” o‘n birinchi xalqaro musiqa festivali boshlandi. Registon maydonidagi asosiy sahnada qatnashchilar o‘z dasturlarini namoyish etishga kirishdi. 
Festivalning boshqa ishtirokchilari Samarqand shahridagi “So‘g‘diyona”, “Yoshlik” istirohat bog‘larida, Samarqand pedagogika kolleji, “Nihol” amfiteatrida samarqandlik san’atkorlar bilan hamkorlikda konsert dasturlari namoyish etdilar. 
Xususan, “Nihol” amfiteatrida Italiya, Hindiston, Eron, Vetnamdan kelgan ijodiy guruhlar va mamlakatimiz vakillari tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. 
– “Sharq taronalari” dunyo xalqlarining milliy musiqa san’atini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan, – deydi Italiyaning “Nantisha” guruhi a’zosi Annaliza Messino. – Biz Neapolning o‘ziga xos shevasida ijro etiladigan qadimiy qo‘shiqni ushbu festivalga tayyorlab kelganmiz. Bugun tanlovdan tashqari dasturdagi ijromiz tomoshabinlarga manzur bo‘lganidan xursandmiz. Umuman, dastlabki kundanoq o‘zbek xalqining san’atni chin dildan sevishi va yuksak qadrlashi, ijodkorlarga alohida hurmat-e’tibor ko‘rsatishi ajoyib taassurot qoldirmoqda.
– O‘zbekistonda eron xalqi kuy-qo‘shiqlarini sevib eshitishlarini yaxshi bilamiz, – deydi Eronning “Naqsh” guruhi xonandasi Askari Mugtabo. – Milliy cholg‘u asboblarimiz ohangi ularga xush yoqadi. Shuning uchun festivalda kamoncha, tambak, qonun kabi sozlarda ijro etiladigan xalq qo‘shiqlarini kuylamoqchimiz. Hozirgina Sa’diy Sheroziy g‘azallari bilan aytgan qo‘shiqlarimiz tomoshabinlarga manzur bo‘lgani ko‘nglimizni ko‘tardi. Qariyb bir hafta davomida bu yerda o‘zimizning eng yaxshi asarlarimizni ijro etib, xalqingizning bayramona kayfiyatini yanada ko‘tarishga harakat qilamiz. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami bilan tabriklaymiz. 
Samarqand shahridagi Farog‘at, Said Rizo Alizoda nomidagi va boshqa mahallalar aholisi tinchlik va do‘stlik turli tillarda madh etilgan qo‘shiqlarni tinglab, raqs tushdilar. 
– “Sharq taronalari” festivali ishtirokchilarining shahrimizdagi madaniyat va istirohat bog‘lari, amfiteatrlarda ham o‘z dasturini namoyish etishi ajoyib ish bo‘lmoqda, – deydi Yangiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Shoira Egamberdiyeva. – Kechki payt oila a’zolarimiz bilan kelib, konsert dasturini tomosha qilib, maroqli hordiq chiqaryapmiz. Kuy-qo‘shiq, san’at til va millat tanlamasligiga yana bir bor amin bo‘lib turibmiz. 
manba: samdu.uz

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.