топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

TIRIKLIK – HAYOTDAGI ENG KATTA XAZINA

Qarshi davlat universiteti
Илм-фан
Badiiy asarning yozilishida yozuvchi o‘z fikrlarini ifodalashda badiiy til va badiiy tasvirlarni qo‘llash bilan birgalikda, xalq maqollari, miflar, topishmoqlar va hikmatli so‘zlardan ham foydalanishi mumkin. Hikmatli so‘zlar deganda biz ma’lum bir shaxs tomonidan yaratilgan qisqa, obrazli barqaror birikmalarni tushunamiz. “Alkimyogar” asarida ham yozuvchi asar badiiyligiga alohida fusun bag‘ishlovchi hikmatli so‘zlardan ham keng foydalanadi. Misol tariqasida bulardan ba’zilarining tahliliga to‘xtalamiz: Unda Oskar Uayld: “Odamzod doimo hayotdagi eng sevgan narsasini barbod qiladi”- degan fikri bor edi. Haqiqatdan ham shunday. Maqsadimizga yetishga bir qadam qolganda, orqaga qaytish hissi paydo bo‘ladi, go‘yoki mag‘lub bo‘lgandek bir zumda chekinamiz. Bu esa irodasizlik, qat’iyatsizlik belgisidir. Demak, hikmatli so‘zlar zimdan tarbiyalash va didaktik yuk tashish xususiyatiga ham egadir. Bundan tashqari asarda taqdir, dunyoning o‘tkinchiligi,odam va olam, qahr va mehr kabi azaliy tushunchalarning izohini o‘zida mujassamlashtirgan hikmatli so‘zlarni ham uchratishimiz mumkin:
-                     Biz u yoki bu haqiqatni avval boshda uni butun qalbimiz bilan rad qilganimizdan so‘ng qabul qilamiz;
-                     O‘z taqdiringdan qochishning hech ilojisi yo‘q – baribir qochib qutulolmaysan;
-                     Xudoning qahri qattiq, ammo uning marhamati ham chek- chegarasiz.
Hikmatli so‘zlarni asarda qo‘llashdan maqsad faqat kitobxonga nasihatlar berishgina bo‘lib qolmasdan asar qahramonlari xarakterini ochish, asar badiiyligini yanada oshirish hamdir.
“Alkimyogar” asarida shunday hikmatli so‘zlardan foydalaniladiki, bu hikmatli so‘zlar asar qahramonining ilojsiz qolgan damlarida hayotga bo‘lgan muhabbatini hatto bir dam ham sustlashtirmaganligini ko‘rsatadi. Bunga misol sifatida Malik Siddiqning Santyagoga aytgan gaplarini olishimiz mumkin:“Agar sen biror narsani chin dildan xohlasang, niyating amalga oshishi uchun butun olam madadkor bo‘ladi”.
Santyago oddiy cho‘pon yigit bo‘lsada izlanuvchan, maqsadi sari odimlashdan to‘xtamaydigan inson sifatida tasvirlanadi. Bu esa yozuvchi tanlagan qahramonning kitobxonlar ongida ijobiy sifatlar uyg‘otishiga ko‘maklashadi. Zero, Deni Didro aytganidek odamlar o‘qishdan to‘xtashi bilan fikrlashdan ham to‘xtaydilar.
“Alkimyogar” asarida Malik Siddiq tilidan “Borliq bir butunlikdir” degan hikmatning ma’nosi asarning boshdan — oyoq mazmunini ochishga xizmat qiladi.
Bu asarni o‘qiyotgan o‘quvchi yozuvchining sharq adabiyoti bilan bevosita tanish ekanligini anglab olishi unchalik qiyin emas. Zimdan kuzatadigan bo‘lsak, bu asar yozilishiga Jaloliddin Rumining “Masnaviy” asari turtki bo‘lganligini, aynan asar mazmunidan va uslubidan kelib chiqib aytish mumkin.
Asarda: “Nega ruh beorom? Nega inson bu olamning sir-sinoati va nomukammalligini bilishga intiladi? Baxt nima, muhabbat nima, qachon keladi? Kimdan najot va mujda kutish lozim – tushlardanmi, fol-u romlardanmi, kitoblardanmi, Xudodanmi?..”-degan savallarga jovob izlanadi va bu savollarga atroflicha javob beriladi.
— Yovuzlik inson og‘ziga kirayotgan narsadan emas, chiqayotgan narsadan tug‘iladi.
— O‘zganing taqdiriga aralashganlar o‘z taqdiridan masuvo bo‘ladi.
— Odamzod ruhining quvvati nigohida bo‘ladi.
Yuqorida keltirilgan hikmatli so‘zlarda hikmat insonlarning olam ruhiga qo‘shilishi uchun imkoniyat ekanligi uqtiriladi.Yozuvchi asarda hikmatli so‘zlarni qo‘llash orqali asar badiiyligini boyitish bilan birgalikda asarning ta’limiy va falsafiy qirralarini ham ochib beradi. Bu haqida Paulo Koelo shunday deydi: “Mening ba’zi asarlarim kitob do‘konlarining badiiy adabiyotlar bo‘limida, ba’zilari falsafa bo‘limida turishini xohlardim, shu bois bu asarimga alohida falsafiy qarashlarimni singdirishga qaror qildim…”.
Tarjimon Aziz Said aytganidek: “Alkimyogar”ni turli din va turfa millat vakillari sevib o‘qiyapti, u haqda kitoblar yozilyapti. Bunga asosiy sabab har bir kitobxon udan o‘zini topyapti ”.
 “Alkimyogar” asarida hikmatli so‘zlar asosan Malik Siddiq va Alkimyogar tilidan aytiladi. Hikmatli so‘zlarda ham xuddi maqol va matallar singari ifadada aniqlilik, xulosada tugallik va albatta donishmandlik xususiyatlari aks etib turadi.
Bu asarning intihosida ham hikmatli so‘z orqali chuqur bir ma’no aks ettiriladi.
“O‘lim aniq bo‘lgandan keyin pulning senga nima keragi bor? Mol- dunyo ajalni bir daqiqaga ham to‘xtatib turolmaydi”. Asarda uchraydigan ayrim hikmatli so‘zlarni tahlil qilish jarayonida shuni bildimki, hayotdagi eng katta xazina bu tirikligimizdir…
Aynan bu asardagi hikmatli so‘zlardangina dunyoning sirli va oddiyligini, insonning noyob bir mo‘jiza ekanligini, taqdirning haqligi va muhabbatning ilohiy bir qudratga egaligini anglaysiz. 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.