топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Konstitutsiya-baxtimiz poydevori

Qarshi davlat universiteti
Илм-фан
         Bosh qomusimiz – xalqimiz irodasini o‘zida ifoda etib, mamlakatimiz mustaqilligi, huquq va erkinliklarimiz, burch va majburiyatlarimizning qonuniy asosi, mustahkam kafolatidir.
Uning har bir moddasida  milliy va umuminsoniy qadriyatlar, xalqimiz manfaatlari aks etgan. Bosh qomusimizni o‘</span >rganish, uning moddalarini o‘z hayotiga tadbiq etish har bir fuqaroning burchidir.
Konstitutsiya – har bir inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlovchi davlat tuzimini va ushbu davlat huquqlarini, burchlari hamda majburiyatlarini belgilaydi.
         Konstitutsiya moddalarini aniqlashtiruvchi va ijro etilishi tartibini izga solib  turuvchi barcha qonunlar qabul qilingan taqdirdagina Konstitutsiya o‘zining to‘liq kuchi bilan amal qilishi mumkin  hisoblanadi.
         Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni ekanligi haqida juda ko‘p gapirganmiz. Bu gapni sharhlab, uning tub-tubida yotgan ulkan ma’nolarni tushunib yetishimiz uchun avvalo, qonunning o‘zi nima ekanligini tushunib yetishimiz lozim. Qonun-bu davlat o‘ta muhim huquqiy normalarni mustahkamlab qo‘ygan hujjatdir. Biz har xil oilalarda dunyoga kelganmiz, qobiliyatlarimiz ham turlicha, tabiat bizga o‘ziga xos tashqi qiyofa ato etgan. Biz shuningdek, bir-birimizdan fe’l-atvorimiz, odatlarimiz va qiziqishlarimiz  bilan ham farqlanamiz, ammo qonun oldida barchamiz tengmiz. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, degan qoida mustahkamlab qo’yilgan.
         Konstitutsiya asosiy qonun sifatida bir qator funksiyalarni bajarishi bilan jamiyat hayotida muhim siyosiy-huquqiy ahamiyatga ham egadir. Birinchisi, bu yuridik vazifasi. Barcha qonunlar Konstitutsiyamiz asosida qabul qilinadi.  Demak, u oliy yuridik kuchga egadir. Ikkinchisi, bu – siyosiy vazifasi. Barcha siyosiy partiyalar va sosiy kuchlar Konstitutsiyada belgilangan me’yorlar asosida faoliyat ko‘rsatadi. Siyosiy tizimni va siyosiy institutlar faoliyatini belgilab beradi. Konstitutsiya o‘zgarsa, siyosiy tizim ham o‘zgaradi. Uchinchisi, bu – mafkuraviy vazifasi. Konstitutsiya jamiyatda mafkuraviy vosita sifatida ta’sir kuchiga ega. Ya’ni, yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lib, shaxs va jamiyat, shaxs va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni belgilab beradi.
Konstitutsiya lotincha “constitution” so‘zidan olingan bo‘lib, “o‘rnataman” degan ma'noni beradi. Lotinchadan olinganining sababi qadimgi Rim imperiyasi davrida davlat boshlig`i – imperatorlar tomonidan xuddi shu nom bilan ataladigan va qonunga teng bo‘lgan normativ hujjatlar qabul qilingan. Hozirgi zamon ma'nosini beradigan “Konstitutsiya” tushunchasi XVIII asr oxirida paydo bo‘lgan va dunyoda birinchi Konstitutsiya sifatida 1787-yilda qabul qilingan AQSH Konstitutsiyasi tan olinadi. Konstitutsiyaga hozirga qadar juda ko‘plab nazariyotchilar tomonidan ta'riflar berilgan.
Konstitutsiya – bu prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan huquqiy normalarni o‘zida mujassam etgan va davlat hokimiyatini amalga oshirish me'yorini belgilovchi davlatning asosiy qonuni bo‘lib, unda davlatning qurilishi, huquqiy tizimi hamda eng asosiysi davlat bilan xalq o‘rtasidagi munosabatlar aks etgan yuridik hujjatdir.
Zamonaviy Konstitutsiyalarning mohiyati umuminsoniy, huquqiy qadriyatlarni va umumdemokratik asoslarni mustahkamlashda ifodalanadi. Ular har bir inson teng huquqli fuqaro bo‘lib faoliyat yurita oladigan davlatda yashashini targ`ib qiladi. Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan konstitutsiya o‘z mohiyatiga ko‘ra, demokratik huquqiy davlat qurish konstitutsiyasi sifatida O‘zbekiston xalqi irodasining ifodasidir va bu iroda umumdemokratik prinsiplarni o‘zida mujassam etuvchi, insonni, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat deb e'tirof etuvchi davlat va jamiyat hayoti asoslarini mustahkamlashga yo‘naltirilgandir.
Dunyo konstitutsionalizmi o‘zining rivojlanishi mobaynida tarixdagi ko‘plab ijtimoiy-siyosiy voqeliklar ta'siri ostida bo`lib keldi. Shuning uchun turli davrlarda ko‘plab mamlakatlar tomonidan qabul qilingan Konstitutsiyalar, ularda mustahkamlangan normalar va tartibga solingan ijtimoiy munosabatlar ko‘lamiga qarab, shuningdek Konstitutsiyalar qabul qilingan davr talablaridan kelib chiqib, ularni mazmunan har xil rivojlanish bosqichlariga bo‘lish mumkin. Albatta, bunda Konstitutsiyalar yillar sayin mazmunan boyib, mukammallashib borgan.
Bosh Qomusimiz davlatimiz mustaqilligining ulkan ramzi bo‘lib, unda o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘limiz aks etadi. Uni yosh avlod  erkinlik, mustaqillik, ozodlik va hurlik tantanasi sifatida e’zoz-hurmat bilan tilga olmoqda. U xalq xohish-irodasini ifoda etuvchi adolatli davlat, ochiq jamiyat va erkin hayot qurish va uni rivojlantirishning istiqbollarini belgilaydi. Unda  inson hayoti, uning sha’ni, qadr-qimmati, haq-huquqlari va manfaatlari oliy qadriyat sifatida mustahkamlab qo‘yilgan.
 
Qodirov Asilbek Raxmon o‘g‘li,
Fizika-matematika fakulteti 4-kurs talabasi
“Ulug‘bek” Davlat stipendianti

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.