топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Pok, ezgu va uyg‘un g‘oyalar — har birimiz uchun dasturilamaldir

Ўзбекистон Конституциясининг 25 йиллиги
Қонунчилик
Shu kunlarda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi keng nishonlanmoqda. Ta’kidlash joizki, Bosh Qomusimiz inson huquqlarini, vijdon erkinligini kafolatlab, barcha sohalar qatori islom dini ravnaqi uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
 
Masjid va madrasalarning binolarining barpo etilishi, nodir tarixiy manbalar, osori atiqalarning munosib qadr topishi, yurtdoshlarining emin-erkin ibodat qilishlari ham ana shu huquqiy asos tufayli amalga oshmoqda. Qolaversa, bizda nafaqat islom dini balki, boshqa ko‘plab dinlarga e’tiqod qiluvchilar uchun ham shart-sharoitlar yaratilgan.

 
Qomusimiz haqida so‘z ketganida, milliy va umumbashariy qadriyatlar singdirilgan moddalarda xalqimizga xos urf-odat, imon- e’tiqod, insof va diyonat, or-nomus, mehr-oqibat kabi samimiy insoniy fazilatlar o‘z aksini topganini ta’kidlash o‘rinli. Qolaversa, inson, uning huquq va erkinliklari bilan bir qatorda vijdon erkinligi ham e’tiborga olingan. Jumladan, 31-moddada mustahkamlanishicha, hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu — inson manfaatlari yuksak qadrlanganining huquqiy ifodasidir.
 
Dinimizda ham inson, uning sha’ni, hayoti ulug‘lanadi. Alloh taolo Qur’oni karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi: “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shaytonni (yoxud butlarni) inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u buzilmas, ishonchli halqani tutibdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir”. Ya’ni Yaratgan inson naslini sharafladi, unga behisob ne’matlar, yaxshiliklar ato etdi, boshqa mavjudotlarga bermagan fazilatlar aynan odamda zohir bo‘ldi. Qur’oni karimning Isro surasida: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”, deya e’tirof etiladi.
 
Muqaddas dinimiz ta’limotiga ko‘ra, islom dini biror insonni dinga zo‘rlab kiritishga, o‘z e’tiqodini boshqalarning xohish-irodasiga qarshi o‘laroq tiqishtirishga yo‘l qo‘ymaydi: “Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo‘lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo‘min bo‘lishlariga majbur qilasizmi?!” (Yunus surasi, 99-oyat).
 
Konstitutsiyamizda davlat barcha fuqarolarga mehnat qilish, ilm olish, o‘zlari xohlagan kasb-hunur egallash, bilim saviyasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berishni kafolatlagi belgilangan. Qolaversa, bag‘rikenglik tamoyillari ham to‘liq ifodalangan.
 
Ayni paytda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elatlar ahil-inoq umrguzaronlik qilayotir. Yurtimizda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2242 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda, turli din vakillari emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida toboro faol ishtirok etib, xalqimizning ma’naviyati va qadriyatini tiklash, o‘zligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo‘lishiga hissalarini qo‘shmoqdalar. Yurtimiz musulmonlari boshqa dinlarning vakillari bilan birgalikda yagona maqsad — Vatanimiz O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi yo‘lida harakat qilmoqdalar.
 
Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida musulmonlarni o‘z dindosh birodarlariga va barcha inson zotiga yaxshilik, mehr-muruvvat qilishga chorlash bilan bir qatorda o‘zaro tinchlik va totuvlikda bo‘lgan boshqa din sohiblariga ham yaxshilik va mehr-shafqatda bo‘lishlarini istagan. Ya’ni, “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”(Mumtahana surasi 8-oyat). Shunday ekan, yurtimizda tinch, osoyishta, hamjihat yashashimiz, bir-birovga mehrli bo‘lishimiz, Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek himoyalashimiz uchun ham diniy, ham huquqiy asoslarimiz — uyg‘un ezgu g‘oyalarimizdan aslo og‘ishmaylik.
 
Hasan KENJAYeV, 
Urganch shahar bosh imom xatibi.
 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.