топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi”ga bag‘ishlanadi

Ўзбекистон Конституциясининг 25 йиллиги
Қонунчилик
Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.
                                         (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 64-modda)
                                     Yaxshi bo‘lsa bolajon  –  yomon bo‘lsa baloijon!
 
Ma’lumki hozirgi kunda hukumatimiz tomonidan farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zlarining har bir ma’ruzalarida farzandlarimiz tarbiyasiga befarq bo‘lmaslikka, ularni turli yot g‘oyalar va buzg‘unchi oqimlarning da’vatiga aldanib qolmaslikka hamda millatimiz va yurtimiz sha’nini ko‘kka ko‘tarishga da’vat etmoqdalar. Yaqinda bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlis yig‘ilishida ham joriy 2017 yilning 10 oyi mobaynida yoshlarimiz tomonidan sodir etilgan turli jinoyatlarga batafsil to‘xtalib  ushbu jinoyatlar soni 22000 ga yetganligini ming afsuslar bilan alohida ta’kidlab o‘tdilar. Masalan poytaxtimizda joylashgan “Borovskiy” nomli tibbiyot kolleji va Yuridik kolleji o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va ushbu jinoyatlarning oqibati o‘lim bilan poyoniga yetganligini afsus nadomat bilan tilga oldilar. Shuningdek o‘quvchi yoshlarimiz o‘rtasida profilaktik tekshiruvlar o‘tkazilganida, ularning yonidan turli xildagi o‘tkir  tig‘li qurollar topilganligi esa har birimizni farzandlarimiz tarbiyasi borasida chuqur mulohaza yuritishga da’vat etadi. Ayniqsa, Amerika Qo‘shma Shtatlarida sodir etilgan terrorchilik harakatida ishtirok etgan o‘zbek farzandi Sayfullo Soipovning qilgan xunrezligi bolajon xalqimizning sha’niga dog‘ bo‘lib tushdi. Ota-bobolarimiz bejizga millatning sha’nini ko‘kka ko‘taradigan ham farzand, yerga uradigan ham farzand” – deb aytishmagan ekan.   
 
Allohga ming shukrlar bo‘lsinki, mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda farzandlarimizni jismonan va ma’nan barkamol avlod etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratila boshladi. Mantiqan bir-birini to‘ldiruvchi “Oila yili”, “Sog‘lom avlod yili”, “Sihat-salomatlik yili”, “Ijtimoiy himoya yili”, “Yoshlar yili”, “Sog‘lom bola yili”, “Sog‘lom ona va bola yili” hamda joriy 2017 – yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” da amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, shuningdek yoshlar tarbiyasi va ularning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar izchil davlat siyosatining amaliy ifodasi hisoblanadi.
 
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, “Bugungi kunda oddiy bir haqiqat barchamiz uchun ayon bo‘lishi kerak. Oldimizda turgan eng ulug‘ maqsadlarimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, O‘zbekistonning XXI asrda jahon hamjamiyatida qanday o‘rin egallashi ham – bularning barcha-barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liqdir”.
 
Haqiqatan ham farzand tarbiyasi hayotiy zarur masaladir. Har bir oiladagi tarbiya farzandning go‘daklik davridan boshlanadi, farzand esa hayotining ko‘p qismini ota-onasining bag‘rida o‘tkazadi.
 
Umuman, har qanday oilaning mustahkamligi, oilaviy tarbiyaning ta’sirchanligi va samaradorligi ko‘p jihatdan oilada qaror topgan o‘zaro munosabatlarga, ularning ma’naviy-axloqiy iqlimiga bog‘liq. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ning Hadisi shariflarida aytilganidek: Ota-onalarning farzandlariga qoldiradigan eng katta merosi ularga beradigan ta’lim-tarbiyasi, go‘zal odobi va axloqidir.
 
Sharq mutafakkirlari ham farzandning oiladagi tarbiyasi xususida o‘z asarlarida juda ko‘p to‘xtalib o‘tganlar. Jumladan, buyuk alloma va mutafakkir Abu Ali ibn Sino o‘zining “Donishnoma” asarida farzand tarbiyasi uchun avvalo ota-ona mas’ulligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga alloma o‘z asarida ota-onaning ilmli, fozil va dunyoqarashlari keng bo‘lishliklarini alohida uqtirib, farzand tarbiyasidan mas’uliyatliroq ish yo‘qligini bayon qiladi.
 
Abu Ali ibn Sino o‘z asarida farzandni go‘zal xulqli, jismonan sog‘lom qilib kamol toptirishda ota-ona shaxsiy namuna bo‘lish kerakligini keltirib o‘tadi: “Farzand tarbiyasida eng avvalo oila hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Chunki oilada katta yoki kichik narsa bo‘lmaydi. Hamma narsa, xatto, eng oddiy bo‘lib ko‘rinadigan oilaviy munosabatlar ham farzandga ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, vatanparvarlik, rostgo‘ylik, samimiylik, sadoqatlik va shirin suhan bo‘lish farzand kamolotidagi muhim hayotiy vositalardan biridir.”
 
Xulosa o‘rnida  aytadigan bo‘lsak, yuqorida tilga olingan tarbiya shakllarini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – avvalo ota-onalarning ma’naviy bilim saviyasini oshirish, ularda sog‘lom tafakkur va zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishdir. Bu esa har bir ota-onaning o‘z farzandi oldidagi, el-yurt oldidagi burchini to‘g‘ri anglashni, insonning dunyoga kelishi va kamol topib rivojlanishiga oid bo‘lgan qonuniyatlarni puxta bilishni, oilaviy munosabatlar doirasida milliy urf-odat va an’analarimizning eng nodirlarini turmushga singdirish orqali farzandlarimizda milliy qadriyatlarimizga, Vatanimizga bo‘lgan mehr-muhabbatni uyg‘otishni, shuningdek ularni har tomonlama mustaqil fikrlaydigan hamda turli noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolmaydigan barkamol avlod qilib tarbiyalashni taqozo etadi.
 
Ilohim farzandlarimiz  baloijon emas, bolajon bo‘lib kamolga yetsin!                                                                                                                                                           
 
Abror ALI,
Toshkent shahar
“Qatortol”masjidi imom-xatibi

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.