топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Qorachig‘da porlagan o‘sha...

JizDPI
Илм-фан
Muhammad Yusuf pokiza inson edi. U odamlarning esini og‘dirgan, o‘ylatgan, kuldirgan, yig‘latgan, topgan-tutganini odamlar ustida sochgan saxiylik timsoli edi.  
Said Ahmad,
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston   xalq   yozuvchisi
Shoirlik Muhammad Yusuf uchun orzu emasdi. Uning eng buyuk orzusi onajoni, volidai muhtaramasining rizoligiga erishmoqlik, unga munosib  o‘g‘il  bo‘lish  edi. Uning  nazdida  dunyo  shoirlarining   bor  iztirobi  va  dardini  yig‘salar-da, onaning  bir  daqiqalik bola diydoriga tashnalik va xavotiriga teng kelmasdi. Jonidan musofirlik alami o‘tgan bu shoirning eng buyuk iztirobi ona bag‘rini qo‘msash, uning qo‘llari, ma’yus nigohi, beozor allalari, tuganmas duolarining sog‘inchi edi.   
Muhammad Yusufning  ijodi  haqida  gap  ketganda, ko‘pincha  qo‘shiqlarini   tilga  oladilar.  U  maxsus qo‘shiq  yozgan  ham,  o‘zini  qo‘shiqchi   shoir  ham hisoblagan emas. Shoirning  yozganlari  nihoyatda  dolzarb  mavzuda, o‘ta  jiddiy, ammo xalq diliga juda yaqin va  ravon  tilda   yozilgan.   Shuning  uchun bo‘lsa  kerak, hofizlar   Muhammad Yusuf she’rlariga oshiqib kuy bastaladilar.  Bu  qo‘shiqlar  qo‘shiqchilarni  ham  baland  pog‘onalarga  olib  chiqdi.   Muhammad  Yusuf,  avvalo, xalq dardini  baralla  aytgan,  yurt  muhabbatini  hech  kimga o‘xshamagan  misralarda  ta’riflagan  she’rlari  bilan  tanildi,  shuhrat   qozondi.
Muhammad  Yusuf kamdan kam  tug‘iladigan iste’dod  egasi  bo‘lish  bilan  birga,  kamdan kam    shoirda  uchraydigan  xislat   egasi  — shuhratdan  qochadigan  kamsuqum inson  edi. U  shuhratning  emas,  shuhrat  uning  ortidan  quvib  yurardi. Ona Vatan mehrini,  muhabbatini,   shoirchalik  kuyib, kuydirib  tasvirlab  bera  olgan ijodkor kam bo‘lsa kerak. Shoir bu  yurtdan  bir  umr  burchdor  ekanligini  his  qilib:
 
 Qirq  yil  qulluq  qilsam  ham   agar,
Uzolmasman  sendan  qarzimni, — deydi.
 
 Muhammad  Yusuf  oilada  ham  mehribon  ota,  sevimli  umr  yo‘ldosh  edi.  Shoirning  rafiqasi – shoira Nazira  as-Salom  shunday  xotirlaydi: “Muhammad  akam oilada  juda  mehribon  edi.  Farzandlarimizni  juda  yaxshi  ko‘rardi. Safarlarga  ketganda o‘rni  juda  bilinardi. Bolalar  dadam  qachon  keladi deb holi-jonimga  qo‘ymasdi. Har  doim  farzandlarimizga  onangning  aytganini  qil,  ko‘nglini  rajitma”,- deb  qayta-qayta   aytardi.  O‘limi oldidan  ham  bolalarimizni  chaqirib  shu  gaplarni   aytdi.   Mening  ko‘nglimga  har  doim  qarardi. Hech qachon   dilimni  og‘ritmagan. Bir  kuni  shunday  voqea  bo‘lgandi, uyimizda  katta  osma  soat  turardi. Ishdan  kelsam  soatning  rangi  o‘zgarib  qolibdi.  Farzandlarimdan  nima  bo‘ldi  desam, “dadam  yangi  olib  keldi,  bu  eskirib  qolibdi”,- dedi.  Keyin  bilsam  bolalar  to‘p  o‘ynab  soatni  sindirib  qo‘yishgan  va  dadasiga  qo‘ng‘iroq  qilgan, Muhammad  akam   o‘sha  zahotiyoq  o‘sha  soatdan  topib  kelib   joyiga  osib   qo‘ygan. Faqatgina  rangi   boshqa  edi. Meni   xafa  bo‘lmasin  deb...Bu  xush  onlar  bir  tushdayin o‘tdi-yu  ketdi...”.
 
Mayli-da, kimgadir yoqsa yoqmasa, 
Ularga qo‘shilib yig‘lasharmidik.
Biz  baxtli  bo‘lamiz Xudo  xohlasa,
Xudo  xohlamasa uchrasharmidik...
Iymanib  yashama xayol  pinjida,
Yoyil, yayra  jonim, o‘rtanma g‘amda.
G‘iybatlarga  chida, tuhmatga  chida,
Sen bittasan, axir, yorug‘ olamda...
 
 Muhammad  Yusuf  baxtli,  omadli  shoir.  Unga  yurtini mustaqil, xalqini ozod ko‘rish  nasib  etdi. Yurtning  eng  ulug‘  bayramlarida  uning  qo‘shiqlari  baralla  yangradi. Shu  o‘rinda  hurmatli    yurtboshimizning  bu  kamsuqum shoirga  shaxsan  e’tiborini   aytmay  bo‘lmaydi. Muhammad  Yusufga  Prezidentimizning  mehrlari   bobomiz Ulug‘bek  haqidagi  qo‘shiqni  eshitgan  paytlaridayoq tushgan  edi. “Xalq  shoiri”  unvonini   ham  mamnuniyat  bilan Muhammad Yusufga  o‘zlari  topshirgan  edilar. 
Adabiyotshunos olim Q.Yo‘ldoshev Muhammad Yusuf ijodi haqida gapirib: “Shoirning she’rlari turli yo‘nalishda, ular muallifning turfa kayfiyatini ifoda etgan. Lekin Muhammadning butun ijodi uchun mehrga tashnalik, insonni yashashga intilish eng yetakchi belgi edi, desak adashmagan bo‘lamiz” (Q.Yo‘ldoshev Yoniq so‘z. Yangi asr avlodi. 2006-y. 290-bet),- deydi.
Kimnidir  bahtiyor  etish,  bir  mehribon  topish  har  yurakning  orzusi. Mehr-oqibatni  kuylash, insonni  avaylash,  uning  ko‘nglidagi  eng  yuksak  tuyg‘ularni  asrash, ezgulikning  tantanasi uchun kurashib yashash cheksiz   saodatdir. Shoir o‘z misralari qa’tiga xuddi ana shu ma’nolarni jo etadi.
Qalbga kelib qo‘ngan bir chimdim mehr yolqini darhol ko‘zda aks etadi. Dono xalqning “Mehr ko‘zda”, deyishida katta ma’no bor. Shoirning “Mehr qolur” she’ridagi: “Qorachig‘da porlagan o‘sha, iqboliga chorlagan o‘sha” misralaridagi nekbinlik, mehr tuyg‘usining portreti, surati she’rxonni to‘lqinlantirib yuboradi.
Zero,  mehr-muhabbat  insonning  insonligini  anglatuvchi uning  umrini  abadiyatga  muhrlovchi,  odam  bolasining jamiki mavjudotlardan farqlanishiga asos  bo‘luvchi mo‘jizasidir.
Muhammad  Yusuf  ko‘ngli  mana  shu mo‘jiza bilan ziynatlangan surati  otash ko‘ngil. Uning  chiroyi har  bir  she’ri, har  bir  misrasida  o‘zini  yorqin namoyon etib  turadi.  Mehr  istab, mehr  taqdim  etib, mehrni kuylab  yashagan  umrlar  mehr  bilan    eslanur.  
Muhammad Yusuf ana shunday saodatdan bahramand ijodkor.
Nilufar Allamurodova
 
 
 
 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.