топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Jismoniy madaniyat mutaxassislarida kompleks bilimlarni shakllantirish

JizDPI
Илм-фан

Insoniyatning ilm olishga bo‘lgan intilishi cheksizdir. Zamonasidagi barcha bilim asoslarini bilish sharq allomalariga xos.



 


Beruniy, Ibn Sino, Farobiy va Bobur singari buyuk donishmandlar qomusiy-ensiklopedik bilimga ega bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan fanlar klassifikatsiyasida tabiyat va jamiyat haqidagi fanlarning turli yo‘nalishlari, tarmoqlari vujudga keldi. Qomusiy bilim olishga yoki qomusiy bilim berishga kishilarda, xususan o‘qituvchilar va talabalarda qiziqish kamayib, ular o‘ziga xos tor, bir yoqlama bilimlarga ega bo‘lib qolmoqda. Bu o‘z navbatida, birinchidan bilimlarni- fanlarni bir-biriga bog‘liqligi haqidagi tasavvurlarni kamaytirsa, ikkinchidan o‘quvchi va talabalarning bilimga nisbatan kuchli qiziqishlariga, ehtiyojlariga javob berolmaslikni keltirib chiqaradi. Shuning uchun bo‘lajak soha mutaxassislariga kompleks bilimlarni berish va ular bo‘yicha tajribalarni tasavvurlarni, shakllantirish dolzarb vazifa hisoblanadi.


 


Jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat bakalavr (5141900) yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash o‘quv rejasida 4 ta blok 55 fanni o‘rganish ular bo‘yicha bilim va malakalarga ega bo‘lish rejalashtirilgan. Bu bir tomondan yaxshi agar talaba davlat ta'lim standartlari darajasida shu fanlarning asosini egallasa va kelgusi pedagogik faoliyatida foydalana olsa biz maqsadga erishgan bo‘lamiz.


 


Lekin amalda boshqa manzarani ko‘rish mumkin. Birinchidan sohani tanlagan yosh talaba, “men jismoniy tarbiya va sport mutaxassisligini tanlagan bo‘lsam-u, menga yana buncha qo‘shimcha fanlarni o‘rganishini nima zaruriyati bor”, deb onglilik va faollik ko‘rsatmaydi, asosiy e'tiborni mutaxassislik fanlarga qaratadi.


 


Jismoniy tarbiya fani shu jumladan sport mashqi jarayoni boshqa fanlarga o‘xshamagan holda hozirda mavjud bo‘lgan tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-gumanitar fanlarning ma'lumotlaridan to‘la foydalanuvchi markaziy (universal) fan sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘quv rejasi ham shu g‘oyaga asosan ishlab chiqilgan. Lekin bugungi kunda gumanitar-ijtimoiy, matematik va tabiiy-ilmiy, hattoki umumkasbiy fanlar bo‘yicha mashg‘ulot olib boruvchi o‘qituvchi, mashg‘ulotlarni zarur darajada jismoniy tarbiya va sport mashqi jarayoni bilan bog‘lay olmayapti. Masalan, matematika, informatika, anatomiya, fiziologiya, tillar bo‘yicha beriladigan, aynan shu fanlarga xos bo‘lgan ma'lumotlar jismoniy tarbiya va sport mashqi jarayoni bilan bog‘lanmaganligi uchun talabalar tomonidan ularni o‘rganishga faollik bo‘lmayapti. Harflar yoki boshqa ramzlar bilan ifodalangan oliy matematikaning differensial tenglamalarini o‘rta maktabda sust yoki umuman o‘qiy olmagan ko‘pchilik talabalar, ularni qandayin ham tushunishi mumkin? Mutaxassislik bloklaridagi boshqa fanlarni, masalan, matematikani maktabda a'lo baholarga o‘zlashtirgan o‘quvchilar bizningcha jismoniy madaniyat fakultetiga o‘qishga kelmagan bo‘lur edi. Yoki boshqa holatlarda, pedagogika fani bilan jismoniy tarbiyani ikkita, boshqa-boshqa fan sifatida to‘liq tushunadigan mutaxassislarni mavjudligichi? Shu bois bo‘lsa kerak faoliyat sohalari va fanlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik tushunchasi kishilar ongida kundan-kun pasayib boryapti. Bu o‘z navbatida “men voleybolchi emas, futbolchi yoki gimnast emas yengil atletikachi”, — degan fikr kelib chiqib, “mendan voleybolni yoki gimnastikani so‘rama”, — degan xulosa olib keladi.


 


Albatta, bu muammolarni oxir-oqibatda boshqa fan o‘qituvchilari emas o‘zimiz hal qilishimizga to‘g‘ri keladi. Sohamizni zarur darajada targ‘ib qilib, boshqa fan sohalari tayyorlaydigan yo‘nalishlarning ma'murlari bilan buyurtma-shartnoma tuzish kerak bo‘ladi. Masalan, magistratura va aspiranturada o‘qish istagi bor tibbiyot institutining iqtidorli talabasini jismoniy tarbiya va sport mashqi jarayoni bo‘yicha ilmiy ish qilishga buyurtma berib, uni kelgusida fakultetning tibbiy-biologik yo‘nalishdagi kafedra-larida ishlashini imtiyozlash kerak. Bu jarayonni matematika, tarix, biologiya, informatika, fizika, ximiya, qo‘yinki, boshqa barcha fan yo‘nalishlari bilan ham amalga oshirish mumkin.


                                                                        Alibekov I.M. – katta o’qituvchi Jizzax DPI


 


Bu muammoni hal qilishning bir tomoni bo‘lsa, ikkinchi tomoni o‘quv rejasidagi fanlar bo‘yicha jismoniy madaniyat fakultetlarida mashg‘ulot olib boruvchi professor-o‘qituvchilar jismoniy tarbiya va sport mashqi jarayoni haqida bilimlarni o‘qib, o‘rganib fanlari bo‘yicha beradigan asosiy ma'lumotlarni jismoniy tarbiya va sport bilan o‘zaro aloqadorlikda bog‘lab talabalarga berish kerak. Shu orqali boshqa fan bo‘yicha mutaxassis olimlar ham jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyatning, ommaviy sportning sirli olami bilan oshna bo‘lib, keyingi hayotlarda muntazam jismoniy mashq qilib, sog‘lom turmush tarzini kechirib, ilmiy-pedagogik faoliyatda yanada samarali yutuqlarga erishib, uzoq va sog‘lom xayot kechirishlariga zamin yaratish mumkin.


 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.