топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Tinchlikka tahdid solayotgan kuchlar

Фикр, ғоя ва маърифат


Terroristik harakatlar ijtimoiy xavfli bo‘lgan va halqaro miqyosda insonlar o‘limiga, diplomatik aloqalarning buzilishiga, davlatlar va ularning vakillari o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishga olib keluvchi jinoyatdir. Umuman, terrorizmga qarshi kurashish borasida o‘nlab Xalqaro konvensiyalar imzolagan. Terrorizm jinoyatining ildizlari juda qadimiydir. Ba’zi siyosatshunoslar terrorning paydo bo‘lishini fransuz inqilobi bilan bog‘laydilar.

Terrorning har bir qabih harakati ommaviy axborot vositalarida aks – sado beradi. Terrorizmning murakkabligi turli-tuman siyosiy sabablarga ham bog‘liqdir.

Zamonaviy terrorizmni ikki yirik turkumga ajratish mumkin:

a) demokratik jamiyatlarda paydo bo‘ladigan terrorizm;

b) sayyoramizning rivojlanayotgan mintaqalaridagi ziddiyatlar tufayli yuzaga keladigan terrorizm.

Hozirgi davrda terrorizmning ijtimoiy bazasi yil sayin kengayib bormoqda. Terroristlar o‘z saflariga turli ijtimoiy qatlamlar, millatlar vakillarini, mutaxassislar va davlatlarning fuqarolarini jalb qilishga intilmoqdalar. Masalan, “Al Qoida” tashkiloti jangarilarining 42,5% ni vrachlar, yuristlar, o‘qituvchilar, 32,8%ni o‘rta malakali mutaxassislar tashkil qilib, 9% ilmiy darajali yuqori mutaxassislar, 33% kollejlarni tugatgan, 28,8% kollejlarda o‘qigan, 12,1% o‘rta, 16,7 ni tugallanmagan o‘rta, 9,4% diniy ma’lumotga ega, 17,6% yuqori, 54% o‘rta, 27% quyi sinf vakillari; “Musulmon birodarlari” (Misr) xalqaro terroristik tashkiloti a’zolarining 50% ni talabalar, 15%ni ishchilar va hunarmandlar, 15%ni vrachlar, xizmatchilar, o‘qituvchilar, 7%ni savdogarlar, 13%ni harbiylar, dehqonlar va ishsizlar tashkil qiladi.

O‘zbekiston huqumati, xususan O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov istiqlolning ilk yillardanoq bu balo xurujining oldini olish lozimligi hakida doimiy tarzda uqtirib keladi. Birinchi Prezidentimiz BMT ning 48, 50 sessiyalarida so‘zlagan nutklarida ham bu muammoga alohida e’tibor qaratgan edi. 

O‘zbekiston – XXI asr vabosi terrorizm balosi bilan yuzma yuz kelgan davlatlardan biri. Begunoh insonlar hayotiga zomin bo‘lgan 1999 yil 16 fevral portlashlari, Sariosiyo, Uzun tumanlaridagi to‘qnashuvlar, 2004 yil mart, aprel va iyul voqealari (Toshkent, Buxoro va Toshkent viloyatlarida), 2005 yilgi Andijondagi fojea hamon xotiradan ko‘tarilgan emas! Hukumatimizning odilona siyosati, Prezidentimiz muruvvatlari tufayli qing‘ir yo‘llarga adashib kirib qolgan ayrim yoshlarimiz afv etilib, ota onasi kuchog‘iga qaytdilar. Bu bilan kanchadan kancha salbiy oqibatlarning oldi olindi.

Ta’kidlash joiz, insoniyat terrorizm xurujiga qarshi uzluksiz kurashish yo‘lidan bormoqda. Turli davlatlarda bu balo qazoni bartaraf etish yo‘lida ijobiy xarakatlar qilinayotir. Misol uchun, O‘zbekistonda 2001 yil 29 avgustda “Terrorizmga qarshi kurashish to‘g‘risida” qonun qabul qilinib, yetarli choratadbirlar ko‘rilmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashining 1994 yil 9 dekabrdagi “Xalqaro terrorizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi “ qarorining bajarilmay qolganligi hisobga olinib, bu gal ham shunday bo‘lmasligi uchun BMT xalqaro terrorizmga global miqyosda qarshi kurashni tashkil etish bo‘yicha maxsus ko‘mita tuzdi. Uning oldiga terrorizmning moliyaviy manbalarini yo‘q qilish, terrorchilik tashkilotlarini qurol yarog‘ va texnik vositalar bilan ta’minlashga chek ko‘yish kabi muhim vazifalar ko‘yildi. Qo‘mita belgilangan vazifalarni ado etishda hamjamiyat a’zolariga yordam berishga ham da’vat etilgan. BMT ga a’zo davlatlar ushbu qarorning bajarilishi haqida har uch oyda axborot berib turishlari kerak.

Terrorizm – olam va bashariyat taraqqiyoti uchun illat, ofat. Ammo, uning boshida turganlardan tortib mayda malaylarigacha xudbinlik botqog‘iga botgan. Xudbinlik shunday baloki,uning domiga tushgan kimsa uchun muqaddas narsa qolmaydi, odamlar muqaddas deb sanagan tuyg‘ularni o‘z jirkanch niyatiga xizmat qildirishga intiladi. Ozodlik muqaddas sanalgan paytda ular ozodlik uchun kurashchi, adolat muqaddas bo‘lgan joyda adolat homiysi, demokratiya haqida gap ketsa, demokrat niqobini kiyadilar. Din haqida gap ketsa, o‘z kirdikorlarini diniy yo‘l bilan baholaydilar. Aslida esa, ularga bu qarashlar va tuyg‘ular yot! Yovuz niyatlari amalga oshsa bo‘ldi!? “Ammo bir haqiqatni chuqur anglab olish darkor: har bir odam, oila, qolaversa, butun el-yurtimizning baxtu saodati, jamiyatimizning barqarorligi ko‘p jihatdan odamzod tayanib yashaydigan g‘oya va masalaning qanchalik to‘g‘ri va insoniyligiga, bu e’tiqod uning oilasi, farzandlari, xalqning ezgu maqsadlariga, hayotiy manfaatlariga nechog‘li mos kelishiga uzviy bog‘liqdir”. Bu haqiqat birinchi galda fuqarolarimizing e’tiqodiga aylanishi kerak. Ana shundagina g‘alamislarning ig‘vogarona harakatlari ham, terrorchilarning turchi yo‘sindagi xurujlari ham O‘zbekistonda qaror topmaydi!

Xulosa kilib aytadigan bo‘lsak,Terrorizm tom ma’noda insoniyat va taraqqiyot dushmani. Bu tahdid bor ekan, dunyoda sog‘lom muhit, barqaror taraqqiyot bo‘lmaydi. Terrorizmni hayotimizdan uloqtirib tashlash nafaqat bugungi avlod uchun, balki kelajagimiz egalari – farzandlarimizning osoyishtaligi, ertasi uchun ham zarurdir. Bu xavotir ostida yashamaslik uchun kurashish — har birimizning muqaddas vazifamizdir.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.