топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Milliy o‘zlikni anglashda tinchlik tamoyilining ahamiyati

Фикр, ғоя ва маърифат
Маданият ва маърифат
Tarixdan ma’lumki, diyorimizda ilm-fan va ma’rifat rivojiga katta imkoniyat yaratish orqali uning rivojlanishiga sabab bo‘lgan yirik saltanatlarni boshqargan Amir Temur va uning avlodlaridan Zahiriddin Muhammad Bobur kabi davlat boshliqlari hukmronlik qilganlar. Aynan shu vatandoshlarimizdan bo‘lgan davlat boshliqlarining tashqi va ichki siyosati bobidagi faoliyati boy tarixga egaki, bu ham jahon ahlining e’tiboridan chetda qolgan emas. Tarix faqat o‘zaro urushlar, bir davlatning ikkinchi davlat ustidan g‘olib chiqishi va mag‘lub bo‘lishi, davlatlarning yemirilishi, u yoki bu mamlakat aholisining boshdan kechirgan azob-uqubatlarinigina emas, balki yarashuvchilik va bunyodkorlik jarayonlari, davlatlar o‘rtasida o‘rnatilgan turli iqtisodiy, savdo-sotiq, madaniy aloqalarni ham o‘zida mujassamlashtiradi. Bu kabi munosabatlarning rasmiy tus olishi davlatlar o‘rtasida tuzilgan o‘zaro kelishuv va shartnomalar zamirida amalga oshirilgan. Diplomatik munosabatlarning asosiy vazifasi esa, bu mamlakatlar o‘rtasidagi totuvlik va hamkorlikni o‘rnatish, muayyan muammo kelib chiqqan taqdirda uni tinch yo‘l bilan hal qilish va murosaga kelish, yangi tashkil etilgan mamlakatlarning o‘zini dunyo hamjamiyatiga bildirish va muayyan sohalarda hamkorlik ishlarini amalga oshirishdan iboratdir.
Ma’lumki, o‘z nomi bilan tinchlik va xotirjamlik ma’nolarini anglatgan islom dini o‘z ta’limotlari asosida diplomatik munosabatlar o‘rnatilishining tarafdoridir. Milliy ma’naviyatimizni shakllantirishning asosiy mezonlaridan biri – muqaddas dinimiz ekan, albatta unga doir diniy me’yorlarni ko‘rib chiqish, maqsadga muvofiqdir. Islom tarixining ilk davridayoq atrofdagi qo‘shni mamlakatlar bilan munosabat o‘rnatilgani ahamiyatga molikdir. Aynan shu davrda diniy bag‘rikenglik tamoyillari amal qilgan bo‘lib, bunga Madinaning o‘zida musulmonlar va musulmon bo‘lmagan madinaliklar yashaganlarini misol keltirish mumkin. Shuningdek, keyingi davrlarda, ya’ni 628-yilda islom dini targ‘ibotchisi Muhammad (s.a.v.) tomonidan Sinay tog‘lari yoqasida joylashgan qadimgi Muqaddas Yekaterina ibodatxonasidan kelgan elchilarning murojaatiga javoban omonlik berilgani haqidagi maktubning matnini tarixiy manbalarda ko‘rish mumkin.
Islom dini ta’limotida millatlar orasida totuvlikni saqlash, ikki inson orasida nizo chiqqan taqdirda isloh qilish va muayyan masala xususida ahdlashilgan bo‘lsa, o‘z ahdiga vafo qilish muhim mezonlardan biridir. Millatlar va davlatlar o‘rtasidagi totuvlik va tinch munosabatlar avvalo, jamiyatdan boshlanadi. Rasululloh (s.a.v) bu borada shunday deydilar: “Mo‘’minlar ila bir yurtda sulh bilan yashayotgan g‘ayridinni o‘ldirgan odam jannat hididan benasibdir, zero uning hidi qirq yillik yo‘lgacha taralib turadi”. Bu din talabiga ko‘ra, kelishilgan shartlarga qat’iyan amal qilish va berilgan va’daga vafo qilish muhim o‘rin egallaydi.
Mo‘min-musulmon bergan so‘zida turishi va ahdiga vafo qilishi – bu Qur’oni karimda Allohning talabidir. Zero Alloh shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz!...”. Mo‘minning lafzi uning ziynati, deb qabul qilinadi. Ahdga vafo qilmaganlarning javobgarligi ham, huquqiy oqibati ham mavjud. Zero: “O‘z ahdlarini buzganlari sababligina ularni la’natladik va qalblarini beshafqat (mehrsiz) qilib qo‘ydik. So’zlarining o‘rinlarini o‘zgartirdilar, ularga eslatilgan narsadan bir (katta) qismini unutdilar. ....”. Demak, ahdu paymon Qur’onda Allohning o‘z bandalariga bergan va'dasi va bandalarining Alloh oldidagi iltijo va ahdu paymonlarini bildiruvchi barqaror tushuncha ham hisoblanadi. Jaloliddiy Rumiy bu haqda shunday misralarni keltiradi: “Va’dalar bordir haqiqiy, dilpazir, Va’dalar bordir majoziy, dil g‘ajir”. Ya’ni, haqiqiy va’dalar ko‘ngullarga orom beradi. Yolg‘on, majoziy va’dalar dillarni parishon qiladi. Bu baytda berilgan va’daning ustida turish qanchalik go‘zal amal ekanligi ochib berilgan. Keng miqyosda yoki tor doirada nizo kelib chiqqan taqdirda, bu muammoni bartaraf etish va munosabatlarni isloh qilishga Qur’on oyatlari chaqiradi: “...Bas, Allohdan qo‘rqingiz va oralaringizni tuzating! Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingizlar!”. Shar’iy hukmlarga asosan, muammoni hal qilish va bir to‘xtamga kelish ikki tomon majburiyati hisoblanib, nizolashgan tomon sulh tuzishni taklif qilsa, bunga rozilik bildirish shariat talabidir. Zero, Alloh taolo: “Agar sulhga moyil bo‘lsalar, Siz ham unga moyil bo‘ling va Allohga tavakkul qiling! Albatta, U eshituvchi va biluvchidir”, — deydi.
Islom tarixidan ma’lumki, Rasululloh (s.a.v.) vafotlaridan so‘ng musulmonlar orasida nizo kelib chiqqan. Sulh orqali jamiyat xavfsizligini saqlash lozimligi borasidagi hadisda keltirilishicha: “Abu Muso (al-Ash’ariy) raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Alloh taolo haqi, Hasan ibn Ali Muoviyaga qarshi tog‘lar singari (qudratli, ulkan) qo‘shin tortdilar. Shunda Amr ibn al-Os (Muoviyaga): “Men bul qo‘shinning tab tortmay, o‘z tengdoshlarini (yoki o‘z dushmanini) o‘ldirmog’iga sira shubha qilmasman!” — dedilar. Muoviya ul kishiga javoban: “Agar bular ularni va ular bularni o‘ldirsa, kim mening uchun (Alloh Taoloning qoshida) o‘ldirilgan erkaklar, tul qolgan xotinlar va vayron qilingan mol-mulklarning javobini berur?!” — dedilar. So‘ng, Quraysh qabilasiga mansub Banu Abdushams urug‘idan ikki kishini — Abdurrahmon ibn Samura birlan Abdulloh ibn Omir ibn Kurayzni Hasan (r.a) ning huzurlariga yuborayotib, ularga: “Ul kishining huzurlariga borib, (manavi ostiga muhrim bosilgan, ammo hali hech narsa yozilmagan sulh shartnomasi qog‘ozini) taqdim qilingizlar, (unga qanday shartlari bo‘lsa, yozib yubormoqlari mumkinligini va men ul kishining har qanday shartlarini qilajagimni) aytingizlar, (qanday bo‘lmasin), ul kishini (sulh tuzishga) ko‘ndiringizlar!” — dedilar. Keyin, ular ikkalasi borib, Hasan (r.a)ning huzurlaringa kirishdi, ul kishi birlan suhbatlashib, (Muoviya tayinlagan gaplarni) aytishdi va (o‘zaro sulh tuzishni) iltimos qilishdi. Hasan (r.a) ularga: “Biz Abbulmutallib avlodlari bul moldan o‘z ulushimizni olganmiz (ya’ni, musulmonlar o‘rtasida sodir bo‘lgan fitnalardan ko‘p jabr tortganmiz), darhaqiqat bul ummat bir-birini qonga botirib yubordi”, — dedilar. Ular Hasan (r.a)ga: “Muoviya sizga unday va bunday deb taklif qilurlar va bul takliflarini rad etmay, o‘zaro sulh tuzmoqligingizni iltimos qilurlar”, — deyishdi. Shunda Hasan (r.a): “(Bul takliflarning chinligiga hamda mening shartlarimning so‘zsiz bajarilmog’iga) kim menga (kafolat berur)?” — dedilar. Ular: “Mana biz sizga (kafolat) berurmiz!”- dedilar. Hasan (r.a) ular shunday degach, bo‘lak savol bermadilarda, Muoviya birlan o‘zaro sulh (tuzishga rozi bo‘lib, shartnoma qog‘oziga o‘z talablarini) bitdilar”. Shu tariqa sulh bitilib, bir qarorga kelingan. Lekin agar nizolashgan tomonlar o‘zlari tashabbus ko‘rsatmasalar, bu mas’uliyat atrofdagi musulmonlarga yuklatiladi, ular nizolashgan guruhlarni isloh qilishlari shart. Demak, jamiyat a’zolari ham tinchlik holati uchun mas'uldirlar. Qur’onda ta’kidlanishicha: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etinggiz!”. Shuningdek, “Endi agar u (toifa tajovuzkorlikdan) qaytsa, sizlar darhol ularning o‘rtasini adolat bilan tuzatib qo‘yinglar va adolat qilinglar! Zero, Alloh adolatlilarni sevar”. Bu borada Rasululloh (s.a.v.)ning tavsiya sifatidagi bir hadislari mavjud: “Abu Hurayra (r.a) rivoyat qiladilar: “Rasululloh (s.a.v) aytdilar:” Odamlarning (o‘zaro qilgan) har bir salomaligi uchun savob yozilur, quyosh chiqadirgan har bir kunda (ya’ni, bu dunyoda) odamlar o‘rtasida qilingan adolat uchun savob yozilur!”- deb marhamat qildilar”. Islom shariatining asosiy manbasi bo‘lmish Qur’oni karimda insonlar orasini isloh qilishga buyurilgan. Unda “Ularning ko‘pgina shivir-shivirlarida agar sadaqa berishga yoki ezgulikka buyurishga yoxud odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurmagan bo‘lsa, yaxshilik yo‘qdir” mazmunidagi oyatlarni juda ko‘p uchratish mumkin.
Xulosa qilib aytish mumkinki, tinchlik taraqqiyot garovidir. Asrlar mobaynida Movarounnahr yurti islom dini mezonlariga amal qilib, tinch hayot kechirdi. Uning urf-odatlari, an’analari ham aynan shu din ta’sirida shakllandi. Islom dini sohasidagi yirik mutafakkirlar ham, bu dinga asos solingan yurtdan emas, balki Movarounnahr yurtidan yetishib chiqqani ahamiyatga molik. Demak, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek, “Ko‘p asrlar mobaynida xalqimiz qalbidan chuqur joy olib, hayot ma’nosini anglash, milliy madaniyatimiz va turmush tarzimizni, qadriyatimiz, urf-odat va an'analarimizni bezavol saqlashda muqaddas dinimiz qudratli omil bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidlash joiz”[12]. Shu tufayli, ajdodlarimizning islom tarixi, elchilik va diplomatiya sohasidagi ilmiy meroslarini tadqiq qilish bugungi kun tadqiqotchilarini yangi izlanishlarga chorlamoqda.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.