топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

“Ko‘k kit”ning qora qilmishlari

Фикр, ғоя ва маърифат
Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda.… Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim.
 
Sh.M.Mirziyoyev
 
Umumbashariy taraqqiyot va axborot almashuv tizimlarining tez sur’atlarda rivojlanishi insoniyatga katta manfaat keltirayotganini barchamiz his etmoqdamiz. Xususan, internet tarmog‘i orqali dunyoning turli nuqtalari bilan aloqa o‘rnatish, kerakli ma’lumotlarni to‘plash, ijtimoiy hayotning turli sohalarini rivojlantirishda samarali foydalanib kelinayotganini hech kim inkor eta olmaydi.
 
Afsuski, virtual tarmoqqa barcha yoshdagi, shu jumladan, hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan, ongi endi o‘sib borayotgan o‘smirlarning ham kira olishi farzandlarimizni milliy qadriyatlarimizga sodiq inson sifatida tarbiyalash masalalarida jiddiy muammolar keltirib chiqarmoqda. Boshqacha aytganda, xonadonimizdan minglab kilometr uzoqdagi yovuz niyatli shaxslar virtual tizimlar orqali dunyoga kelganidan buyon ko‘z qorachig‘imizdek avaylab-asrab kelayotgan farzandlarimizning ongini turli soxta g‘oyalar bilan to‘ldirib, ularga “ega chiqish” va ularni boshqarishi imkoniyati yuzaga kelganini ochiq tan olishimiz lozim.
Internetda o‘smir yoshdagi farzandlarimizning ongiga xuruj qilayotgan jiddiy tahdidlardan biri ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan buzg‘unchi o‘yinlar ekani ko‘pchiligimizga ma’lum. Hozirgi kunda yoshlarni e’tiborini tortayotgan ana shunday o‘yinlardan biri “Ko‘k kit” hisoblanadi. Avval «V Kontakte» ijtimoiy tarmog‘ida paydo bo‘lgan ushbu xatarli o‘yin keyinchalik Facebook va Instagram kabi tarmoqlarda ham tarqalib ketdi.
Bu o‘yinga kirish uchun o‘yin ma’murlari eng avvalo “18 to‘lganmisiz” yoki “18 yoshdan kattamisiz” degan savol beradi. Bundan qo‘rinib turibdiki, moderatorlar yoshlarning ongi va ma’naviy dunyosi endi rivojlanib kelayotganidan g‘araz maqsadlarida foydalanishni niyat qilgan. O‘yin ma’murlari bolalarni nazoratida ushlab turish uchun topshiriqni bajargan yoki bajarmaganiga doir suratni o‘ziga yuborishni talab qilib olmoqda hamda ushbu buyruqni bajarganlarni “qahramon” qilib ko‘rsatishmoqda. O‘yin ishtirokchilariga 50 yaqin hayot uchun xatarli topshiriqlar beriladi. Ular qatorida tana a’zosinining biror qismiga “Ko‘k kit” (“Siniy kit”) degan yozuvni tilib yozish yoki yurib ketayotgan mashina oldidan yugurib o‘tish kabi be’mani va o‘ta qaltis ishlarni ko‘rsatish mumkin. 
Ayni vaqtda, o‘yindan chiqib ketmoqchi bo‘lganlarga nisbatan ruhiy bosim o‘tkazilishi, xususan, bunday o‘smirlarga uning ma’lumotlarini o‘rganib, bolani “sen mana shu manzilda yashaysan, agar o‘yinni davom ettirmasang, yaqinlaringni o‘ldiramiz” deb qo‘rqitilayotgani haqida ma’lumotlar mavjud. Bunday holatda yosh bolaning ruhiy olami qo‘rquv iskanjasiga tushib qolishi va moderatorning izmidan chiqa olmay qolishi mumkin ekani esa hech kimga sir emas. Chunki bola bu o‘yinni “rost” deb biladi va ishonadi ham. Oxir oqibat, o‘yinning sharti bo‘yicha o‘z joniga qasd qilish bilan o‘smirning hayotiga nuqta qo‘yiladi. 
«Ko‘k kit» ijtimoiy tarmoqdagi eng xavfli o‘yinlardan bo‘lib, u asosan 14-18 yoshdagi o‘smirlar ichida tarqayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Ommaviy axborot vositalarida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda bu o‘yin qurbonlari haqidagi ma’lumotlar tez-tez berib borilmoqda. 
Internetda bu kabi “o‘lim guruhi” bo‘lgan yovuz o‘yinlarning boshqaruvchisi — moderatori, ya’ni “admin”lari ko‘rsatmasiga ko‘ra o‘z joniga qasd qilganlar haqida ko‘plab ma’lumot va videotasvirlar mavjud. 2017 yilning 10 fevral kuni Rossiyaning Rostov shahrida Don daryosining qirg‘og‘ida 16 yoshli o‘spirin yigitning jasadi topildi. Politsiya xodimlari marhumning o‘rtoqlari bilan suhbatda u “Ko‘k kit” o‘yiniga a’zo bo‘lgani va o‘z-o‘zini o‘ldirganini aniqladi. O‘limi oldidan o‘spirin do‘stlariga mazkur o‘yinga kirmaslikni maslahat bergan. 
Rossiya Fedaratsiyasi Dog‘iston Respublikasining poytaxti Maxachkalada ushbu yilning fevral oyida o‘smir yigit o‘zining 15 yoshli o‘rtog‘iga pichoq bilan ko‘plab tan jarohati yetkazdi. Maxalliy gazetalarda yozilishicha, ushbu jinoyatni o‘spirin halokatga yetaklovchi “Ko‘k kit” o‘yinidagi boshqaruvchisidan olgan ko‘rsatma asosida amalga oshirgan. Hozir shifokorlar jabrlanuvchining hayoti uchun kurashmoqda.
Qo‘shni Qozog‘istonning Qarag‘anda shahrida 19 yoshli talaba qiz o‘z joniga qasd qildi. Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, marhuma “Ko‘k kit” o‘yini ishtirokchisi bo‘lgan.
Internet tarmog‘ida bunday xatarli “o‘lim guruhlari”ni tashkil etgan rossiyalik Filipp Budeykin (“Lis”) Rossiya huquqni muxofaza qilish idoralari tomonidan qo‘lga olingan bo‘lishiga qaramay, bu kabi buzg‘unchi va zaharli o‘yinlar virtual makonda tarqab ulgurdi. E’tirof etish kerakki, o‘smirlarning ongi-shuurini egallab, ularning xatti-harakatlarini boshqarish orqali o‘z joniga qasd qilishga chorlovchi tarmoq o‘yinlari G‘arb mamlakatlarida bunga qadar allaqachon keng yoy otib bo‘lgan.
Ruhshunoslarning fikriga ko‘ra, bunday xatarli tarmoq o‘yinlarining “manqurti”ga aylanayotgan yoshlarning aksariyati ijtimoiy nosog‘lom muhitda yashayotgan bolalar hisoblanadi. Mutaxassislar “O‘lim guruhlari”ning domiga tushgan bolalarning do‘stlari va dugonalariga qo‘shilmay qo‘yishi, ko‘proq yolg‘iz yurishi yoki avval tanish bo‘lmagan mutlaqo begona shaxslar bilan aloqada bo‘lishi, oilada ham o‘zini begona kabi chetga tortib, asosiy vaqtini Internet “ichida” o‘tkazishi yoki qayerdaligini izohlamagan holda uzoq vaqt yo‘q bo‘lib ketadigan odatlari paydo bo‘lishini qayd etmoqdalar. 
Bizni tashvishga solayotgan masala shundan iboratki, yuqoridagi kabi faktlar, qolaversa, ma’naviyat sohasida olib borilayotgan targ‘ibot jarayonida o‘tkazilayotgan so‘rovnomalarning tahlili farzandlarimizning ongi va faoliyatini mutlaqo begona shaxslar “boshqarishi mumkin” ekanligidir. Shu o‘rinda Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning ”Aslida odamga qachon va qanday sharoitda ta’sir o‘tkazish, ongi va shuuriga biron g‘oyani singdirish mumkin? Qachonki, unda o‘sha g‘oyaga qiziqish uyg‘onsa. Odamning o‘zida qiziqish bo‘lmasa, tabiiyki, uning miyasiga zo‘ravonlik bilan hech narsani singdirib bo‘lmaydi”, deb hammamizni sergaklikka chaqirganini esga olaylik. 
Darhaqiqat, har bir mamlakat o‘z fuqarolari bilimli, haq-huquqini taniydigan, ma’naviy barkamol, bir so‘z bilan aytganda, komil inson bo‘lib voyaga yetishi haqida qayg‘uradi. Yoshlar tarbiyasi sohasida tizimli va keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. 
Ammo, shunday bo‘lsada, yoshlarimiz orasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik va o‘z joniga qasd qilish holatlar davom etayotganini tan olishga majburmiz. Bu esa barchamizdan farzandlarimizni iste’dodli, bilimli, iqtidorli va yuksak ma’naviyatli, yolg‘on-yashiq va’dalarga uchmaydigan, o‘z taqdirini ko‘r-ko‘rona begonalarga topshirib qo‘ymaydigan etib tarbiyalashga qaratilgan ishlarni hayotiy muhim vazifa sifatida ko‘rishimizni qat’iy talab qiladi. 
Yon-atrofimizdagi mamlakatlarda virtual tarmoqdagi yovuz o‘yinlar bilan bog‘liq salbiy voqea-hodisalarning ko‘payib borayotgani yoshlarimizning ongini turli razil kimsalar egallab olishlariga qarshi ko‘rilayotgan choralarning tezkorligi va samaradorligini oshirishimizni, bu sohaga barcha ota-onalar, mahallalar faollari, ta’lim maskanlari, profilaktika inspektorlari, diniy soha xodimlari, umuman, keng jamoatchilik barobar ma’suliyat bilan yondashishi va hissa qo‘shishlarini taqozo etadi. 
Yoshlarimizni, ular o‘zimizning farzandimizmi, qo‘shni yoki boshqa mahallaning bolasi bo‘ladimi, Internet tarmog‘ida “to‘r” tutgan yovuz niyatli razil kimsalardan himoya qilishimiz shartdir. Buning uchun biz ota-onalar, katta yoshdagi aka va opalarni yoshlarimiz qo‘l telefonlari va planshetlari orqali virtual tarmoqning qanday sahifalariga kirib, qanday axborot o‘qiyotganlari, kimlar bilan aloqa qilayotganlarini doimiy nazoratda ushlab turishga chaqiramiz. 
Ayni vaqtda, farzandlarimiz o‘zi, oilasi va jamiyat uchun foydali faoliyat bilan qanchalik ko‘p mashg‘ul bo‘lsa, shunchalik maqbul ekaniga e’tibor qaratishimiz lozim. Bolalarimizni turli ijodiy, sport, til to‘garaklariga qatnashishdan tortib, oila a’zolariga uy ishlarida yordam berishga qadar bo‘lgan faoliyat bilan muntazam band etish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Eng asosiysi, bolalarimiz doimiy ravishda yaqinlari uchun kerak ekanini his etib, ularning mehri va e’tiboriga to‘yib o‘sishlari kerak. 
Ta’kidlash joizki, o‘zini-o‘zi o‘ldirish yoki o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan tavakkal xatti-harakatlarni amalga oshirish, masalan baland tomdan sakrash, katta tezlikda kelayogan avtomashina yoki poyezd oldidan yugurib o‘tish – bu o‘z hayotini qasddan to‘xtatish yoki shunga urinishdir. Dunyo dinlari bunday harakatni butkul qoralaydi va qat’iyan man qiladi.
Xususan, aholimizning aksariyati e’tiqod qiluvchi islom dini ta’limoti nuqtai nazaridan bu harakat gunohi kabira hisoblanadi. Qur’oni karimda “… o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!...” (Baqara surasi, 195-oyat), “… O‘zlaringizni o‘ldirmangiz!...” (Niso surasi, 29-oyat) deb marhamat qilingan.
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda aytiladi: “Rasullulloh (s.a.v.): “O‘zin-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirgan odamni do‘zaxda bo‘g‘ishadi va o‘ziga-o‘zi pichoq urib o‘ldirgan odamni do‘zaxda pichoqlashadi” – dedilar”. (Imom Buxoriy, 1365-hadis). Boshqa hadisda ta’kidlanadi: “Rasullulloh (s.a.v.): “Kimki tog‘dan tashlab o‘zini o‘ldirsa, jahannam o‘tida o‘zini u yoqdan bu yoqqa tashlab, abadul-abad kuyadi. Kimki zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, jahannamda ham o‘sha zahar qo‘lida bo‘lib, undan icha-icha abadul-abad o‘tda kuyadi. Kimki o‘zini (biror) tig‘ bilan o‘ldirsa, jahannamda o‘sha tig‘ bilan unga azob berilib, abadul-abad o‘tda yonadi”, — dedilar”. (Imom Buxoriy, 5778-hadis).
O‘z navbatida, xristianlik (nasroniylik) dinida ham o‘z joniga zomin bo‘lishga olib keladigan harakatlarni sodir etish “iblis izmida yurish” hisoblanib, Injilda bu haqida shunday deyilgan: «Sizlarnig otangiz Xudo emas. Iblisdir. Sizlar o‘z otangizning nafsu ehtiroslarini bajo qilishni xohlaysizlar. Azaldanoq iblis qotil edi. U hech qachon haqiqat tarafdori bo‘lmagan, chunki unda haqiqat yo‘q. U yolg‘on so‘zlaganda, o‘ziga xos so‘zlaydi. Chunki u yolg‘onchi, yolg‘onning otasidir” (Yuhanno 8:44).
Afsuski, ayrim ma’naviyati buzuq shaxslar qasddan yoki qilayotan ishining oqibatini o‘ylamay virtual olamdagi xatarli o‘yinlarni boshqalarga maqtab yoki ko‘chirib berib, qaltis yo‘liga olib kirmoqda. Hali yosh, ongi endi shakllanayotgan bolalarga “Ko‘k kit” kabi ijtimoiy xatarli o‘yinlarni vitrual tarmoqlarda targ‘ib etayotgan shaxslar jabrdiydalarni o‘zini o‘zi o‘ldirishiga qasd qilish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazgani uchun O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishini tushunib yetishlari lozim hamda bunday faoliyatni darhol to‘xtatishlari shart. 
Ayni vaqtda, islom, xristian va boshqa dunyo dinlari insonlarni hayotini tavakkalga qo‘yish yoki o‘limga chorlashni qotillik va fitna chiqarish kabi qattiq qoralaydi hamda bunday og‘ir gunohga qo‘l urganlar do‘zaxda beayov jazolanishi haqida ogohlantiradi. Jumladan, Qur’oni karimda “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir...” deyilgan (“Baqara” surasi, 191-oyat). Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) “Musulmon, uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonlar ozor chekmaydigan kishidir...” deb aytganlar. 
Millatsevar olim, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniy: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur” deb ta’kidlab, tarbiyani “uy tarbiyasi” va “o‘quv dargohlari tarbiyasi” kabi ikki guruhdan iborat ekanini qayd etgan. Darhaqiqat, aynan oilada hamda ta’lim muassasalari, to‘garaklarda davlat dasturlari va g‘amho‘rligi ostida farzandlarimizning tarbiyasi borasida amalga oshiriladigan ishlarimizning o‘zaro mushtarakligi va saviyasi davlatimiz va jamiyatimizning kelajagini belgilab beradi. 
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida yosh avlod tarbiyasi haqida to‘xtalib ulug‘ ajdodimiz Abdurauf Fitratning quyidagi fikrlariga e’tibor qaratdilar: “Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo‘lishi, baxtli bo‘lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo‘lishi yoki zaif bo‘lib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e’tibordan qolib, o‘zgalarga tobe va qul, asir bo‘lishi ularning o‘z ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog‘liq”.
Shu nuqtai-nazardan, yoshlarimizni ezgu iymon va e’tiqodli, bilimdon, go‘zal xulqli, ona yurti, o‘z xalqi, oilasi va yoru-birodarlariga sadoqatli barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularni turli yovuz odamlarning ta’siridan, xossatan, “Ko‘k kit” kabi virtual tarmoqdagi qora niyatli o‘yinlarning qurboni bo‘lishidan asrash jamiyatimiz kelajagi uchun qayg‘uradigan har bir fuqaroning dolzarb vazifasi bo‘lib qoladi.
 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.