топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Aqidaparastlarning puch da’volari

Фикр, ғоя ва маърифат
Маданият ва маърифат
Mustaqillik sharofati bilan  yurtimizda diniy va milliy qadriyatimiz yanada rivojlandi. Diyorimizda musulmonlarning asariy orzu umidlari ro‘yobga chiqa boshladi. Masjid va madrasalar faoliyati rivoj topdi. Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimiz moddiy va ma’naviy jihatdan kun sayin taraqqiy etmoqda. Biroq, sog‘lom e’tiqod qiluvchilar qatorida afsuski, dinni o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zlari uchun asos qilib olgan va aqidaparastlik kasalligiga chalingan turli terroristik va ekstremistik guruhlar va tashkilotlar paydo bo‘layotgani achinarlik xoldir. Ayniqsa, chet ellarda bo‘lgani kabi bizning mamlakatimizda ham turli g‘oyaviy zidlik, buzg‘unchilik, aqidaparast va mutaassib oqimlarining botil aqidalariga ergashib zalolatga ketgan gumrohlar ham borligi kishini ranjitadi.

Ayni paytda Islom dini bizlarni o‘zaro ixtilof qilishlikdan qaytaradi. Ixtilof insonlarni bir biridan uzoqlashtiradi. O‘rtada adovat va fitnalar keltirib chiqaradi. Shu sababdan Alloh taolo Qur’on  karimni bir nechta oyatlarda ixtilof qilmaslikka chaqirgan.
Alloh taolo Qur’on karimda “Dinni barpo qilingiz unda firqa firqaga bo‘linmangiz”.  (Sho‘ro surasi 13 oyat)
Alloh taolo Quroni karimda “Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo‘linib ketmang”(Oli Imron surasi 103 oyat) Oyat karimadagi “Allohning arqoni” degan iboradan Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari tushuniladi. Jarga qulash xavfidagi inson arqonni mahkkam ushlasa, jarlikka  tushib ketishdan  qutilib qolganidek, dinni mahkam ushlashlik insonni do‘zaxga tushishdan saqlaydi.
Jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamdan  firqaga bo‘linmaslik to‘g‘risida ko‘plab hadis shariflar rivoyat qilingan.
Ibn Moja Anas ibn Molikdan rivoyat qiladilar. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta,  mening ummatim yetmish ikkita firqaga bo‘linib ketadi. Ularning hammasi do‘zaxdadir Faqat bittasi do‘zaxda emas, u ham bo‘lsa Ahli Sunna val jamoat (do‘zaxda emas) dedilar”
Termiziy va Ibn Mojalar sahih sanad bilan Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan  rivoyat qiladilar: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “…… O‘zingizga jamoatni lozim tuting. Undan ajralishdan ehtiyot bo‘ling. Chunki shayton yolg‘iz kishi bilan birga bo‘lur. U ikki kishidan olisroq bo‘lur. Kim Jannatning o‘rtasini istasa, bas jamoatni lozim tutsin” dedilar.
Shu o‘rinda  jihod masalasiga  e’tibor qaratsak. Hozirgi kunda jihod tushunchasining buzib talqin etilishi, juda qo‘p nojoiz amallarning qilinishiga sabab bo‘lmoqda. Jihod masalasida g‘uluvga ketishining islom ta’limotiga zid ekani hadislar va ulamolarning asarlari va fatvolarida mufassal bayon qilingan. Jihod so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, tarjima qilinganda “G‘ayrat qilmoq”, “xarakat qilmoq “, “intilmoq”, “zo‘r bermoq”, “bor quchini sarf qilmoq”, kabi ma’nolarni ifodalaydi.  
Payg‘ambarimiz  sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Muhojirning afzali Alloh qaytargan narsalardan qaytguvchidir. Jihodning afzali esa, Alloh yo‘lida o‘z nafsi va xohishiga qarshi qilinadigan jangdir”.
Bugungi kunda esa sohta salafiylar kabi bir qancha buzg‘unchi aqidaparast oqimlar jihod dinning ruhi deb bilib, uni Islomning oltinchi arkoni deb hisoblamoqdalar. So‘nggi vaqtlarda aqidaparast kimsalar tomonidan yoshlarimizni turli yot g‘oyalar bilan e’tiqodini buzib yo‘ldan urishga qaratilgan xarakatlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, go‘yoki barcha musulmonlar xozir qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan mamlakatlarga “hijrat” qilishlari va qo‘lida qurol bilan “jihod” qilishlari farz emish. Bunday sohta da’volarning puch ekanini tasdiqlash va aholini, xususan, yoshlarni ulardan asrash maqsadida hijrat  tushunchasiga  bir oz to‘xtalib o‘tsak.
Yurtini, ota-onasini tashlab, yot ellarda sarson sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtga qarshi qurol ko‘tarish islom dini ta’limotiga zid  amallardandir.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sallollohu alayhi vassalam xuzurlariga bir kishi kelib: “Yo Rosululloh, men ota onamni yig‘latib tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzurinizga keldim” dedi. U zot esa: “Ota-onangni oldiga qaytib borib, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday xursand qilgin deb javob berdilar.                     
Ularning asl maqsadlari dunyoviy g‘araz, mansabu martabaga erishish, mo‘may daromad topishdan iborat bo‘lgan bunday g‘alamis toifa va firqalar dinimizda muqaddas sanalgan ulug‘ amallarni  o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga burgan xolda, asl ma’nosidan buzib talqin etishlik bilan odamlarni chalg‘itmoqdalar.
Yuqoridagilardan xulasa chiqarib, “jihod” deganda, avvalo, noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga boshlash tushuniladi, deyish mumkin. Bu qoida kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan emas. Balki ilk islom davrida yuzaga kelgan.
Vatanga bo‘lgan mehru-muhabbat har qanday muammoni yechishga, har qanday yovuz kuchni yengishga qodir.
Alloh taolo barchamizni Vatanni sevadigan, uning tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida jon fido qiladigan bandalaridan qilsin.

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.