топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Elektron hukumat ochiqlik, oshkoralik va ishonchlilikni ta'minlaydi

Электрон ҳукумат – мамлакат тараққиётининг гарови
Жамият
Ushbu uch tarkibiy qism mamlakatimizda joriy etilayotgan “Ijro intizomi” idoralararo monitoring va tezkor nazorat tizimining asosini tashkil etadi.
Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanib borayotgani ilgari ko‘p vaqt, mablag‘ va mehnat talab qilgan jarayonlarni optimallashtirish imkonini bermoqda. “Elektron hukumat” tizimining joriy etilgani samarasida ayni paytda aholi va biznes subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayoni sezilarli ravishda soddalashtirildi. Bugun davlat tashkilotlari o‘rtasida hujjat aylanish borasida ham axborot texnologiyalarini joriy etish davom ettirilmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilayotgani byurokratiyaga qarshi kurashish usullaridan biridir. “Elektron hukumat” tizimiga o‘tish ham bunga zamin yaratmoqda. Bu davlat organlari, aholi, biznes subyektlari o‘rtasida va idoralararo hamkorlikni ancha yengillashtirmoqda. Ushbu jarayon Prezidentimizning 2013-yil 27-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2013-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi ijrosi doirasida yanada takomillashtirilmoqda.

Bugungi kunda elektron hujjat aylanish tizimi ishlab chiqarish va hujjat aylanish jarayonlarini avtomatlashtirish hamda tizimlashtirishda muhim omil bo‘layotir. Bu belgilangan vazifalarning bajarilishini tezlashtirish barobarida mablag‘ tejash imkonini ham bermoqda. Shu bois mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari o‘z faoliyatini faollashtirib, “E-hujjat” («UNICON.UZ» markazi), «IS-Docflow» («Intelligent Solutions” kompaniyasi) kabi zamonaviy dasturlarni taklif etmoqda.

Elektron hujjat aylanish tizimi nafaqat bir tashkilot, balki idoralararo darajada, jumladan, davlat sektorida ham qo‘llanilmoqda. «UNICON.UZ» ilmiy-texnik va marketing tadqiqotlari markazi mutaxassislari tomonidan foydalanilayotgan innovatsion mahsulot – “Ijro intizomi” idoralararo monitoring va tezkor nazorat tizimi bu borada samarali vosita bo‘lib xizmat qilayotir.

Uning asosiy vazifasi davlat organlarining ichki elektron hujjat aylanish tizimidan kelib tushadigan ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash jarayonlarini markazlashtirish va avtomatlashtirishdan iborat. Davlat sektoriga ushbu tizimning joriy etilishi qaror, buyruq va farmoyishlar, fuqarolarning murojaatlari va boshqa hujjatlar ijrosini tezkor monitoring va nazorat qilish imkonini beradi. Buning samarasida davlat tuzilmalari faoliyatining oshkoraligini ta’minlash, ularning ijro intizomini oshirishga erishish mumkin.

Dasturiy mahsulotni ishlab chiqishda ma’lumotlar maxfiyligi va yaxlitligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. An’anaviy qog‘oz hujjat aylanishidan farqli ravishda idoralararo monitoring va tezkor nazorat tizimi hujjatdan foydalanuvchilar huquqiga muvofiq foydalanishni ta’minlaydi. Hujjat bilan bog‘liq barcha harakatlar – o‘qish, o‘zgartirish va imzolash reyestrga kiritiladi.

Internet tizimi yordamida ishni uzoqlashgan rejimda tashkil etish imkoniyati tizimning yana bir qulayligidir. Tizimga kirishda foydalanuvchini identifikatsiya va autentifikatsiya qilish uchun login va parol bilan bir qatorda elektron raqamli imzo ham talab etiladi.

Ta’kidlash joizki, “Ijro intizomi” tizimida elektron raqamli imzodan foydalanish elektron hujjatlarning yuridik ahamiyatini oshiradi. Shu tariqa davlat tashkilotlari qog‘oz sarfini kamaytirish va byudjet mablag‘larini tejash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«UNICON.UZ» markazi ma’lumotlariga ko‘ra, hujjatlarning deyarli 100 foizi elektron shaklda yaratilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ularning katta qismi muvofiqlashtirish, tanishish va ishga tushirish uchun hali ham qog‘oz variantda chiqarilmoqda. Bu borada yaratilgan qonunchilik va texnologik baza idora va tashkilotlarga qog‘ozdan foydalanishdan voz kechish imkonini bermoqda. Korxonalar o‘rtasida hujjat aylanishini elektron shaklga o‘tkazish xarajatlarni kamaytirib, yuz milliardlab mablag‘ni tejashga yordam beradi.

– “Ijro intizomi” idoralararo monitoring va tezkor nazorat tizimiga ulanish uch bosqichda amalga oshiriladi, – deydi «UNICON.UZ» markazining mijozlar bilan ishlash departamenti bo‘limi boshlig‘i Asliddin Robbinov. – Birinchi bosqichda ushbu tizim vazirliklar, davlat qo‘mitalari va xo‘jalik birlashmalarida joriy etildi. Ikkinchi bosqichda 2015-yilning 1-yanvarigacha tizimga vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari ulandi. Uchinchi bosqichda tizimga vazirlik va idoralarning tuman bo‘limlarini ulash ishlari davom ettirilmoqda. Umuman, deyarli barcha vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari, mahalliy hokimiyat organlari o‘z boshqaruv jarayonlariga mazkur tizimni joriy qilmoqda.

Elektron hujjat aylanish tizimlari bozori jadal rivojlanib borayotir. Ushbu bozorda mamlakatimizning dasturiy mahsulot ishlab chiqadigan tajribali mutaxassislari faoliyat yuritayotgani bois foydalanuvchilar soni ham tobora ortib bormoqda. Bularning barchasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va ishonchliligini yanada ta’minlash, ularning aholi bilan hamkorligi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Manba: www.uza.uz

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.