Buyuk Xitoy Devori
Dunyo xalqlari urf-odatlari
Devor umumiy hisobda 2000 yil mobaynida qurilgan (eramizgacha III asrdan to eramizning XVII asrigacha). Birinchi devor «Xitoy zaminini birlashtiruvchi» deb ataluvchi imperator Tsin Shi Xuan nomi bilan bog`liq. Uning qurilishiga 500 ming odam jalb qilingan. Minglab olimlar ham devor qurilishiga o`z hissalarini qo`shishgan. Devor o`z vaqtida muhim harbiy-strategik ahamiyatga ega bo`lgan.
Qurilishga jalb qilinganlarning ahvoli nihoyatda og`ir bo`lgan. Holsizlikdan yoki biror boshqa sabab bilan o`lganlar to`g`ridan-to`g`ri devorga «qalab» ketaverilgan. Shuning uchun bu «Buyuk qurilish» xalq tilida «Qayg`u devori» deb ham nom olgan.
Ikkinchi devor Tsin Shi Xuan tomonidan qurilgan devorni buzib, xitoyliklar ustiga muntazam hujum uyushtirib turgan xunnlardan himoya qilish uchun qurilgan.
Uchinchi devor qurilishida 1 millionga yaqin odam ishtirok etgan. Qurilishda har bir minora ikki tomondagi minoradan ko`rinib turishiga katta ahamiyat berilgan. Bu turli xabarlarni tutun yoki nog`ora ovozi yordamida bir-biriga yetkazish uchun kerak bo`lgan. Bundan tashqari xabarchi markaziy shaharga axborotni o`z vaqtida yetkazishi uchun otlarni almashtiruvchi tayanch nuqtalari qurilgan.
Pekin atrofida devorning bir qancha qismi sayyohlar uchun ochib qo`yilgan. Bu yerda ta`mirlanmagan Simatay qismi ancha qiziqarli. Devorning ta`mirlangan, ya`ni bo`yalgan qismlarini ko`rib, uni ming yillardan beri yashab kelayotganligiga ishongingiz kelmaydi. Simatay qismida esa o`zingizni huddi mo`jizaga duch kelganday his qilasiz.
Har bir shaharning o‘ziga xos, ajralib turadigan ramzi mavjud. Xitoyning ana shunday ramzi hamisha Buyuk Xitoy devori sanalgan. Uning kirish qismiga Mao Szendunning “Agarda Buyuk Xitoy devorida bo‘lmagan bo‘lsang, unda xaqiqiy xitoylik emassan” degan so‘zlari yozilgan. Xitoy tilidan to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjima qilinganda uning nomi “Uzun mustahkamlik” degan ma’noni anglatadi. Darhaqiqat, ushbu devor Xitoyning chegaralarini aniqlashda, tog‘dan keladigan shamolni biroz to‘sishda, qo‘qqisdan bo‘ladigan hujumlar hamda savdo yo‘llarini asrashda juda katta xizmat qiladi. Buyuk Xitoy devorining qurilishi dunyodagi eng katta me’morchilik loyihasi bo‘lgan. Shuningdek, eng katta san’at asari va eng katta texnik qurilish deb ham tan olingan edi. U Lyadunsk ko‘rfazidan boshlanib, shimoliy Xitoy oralab Gobi dashtini birlashtiradi. Buyuk Xitoy devorining bir uchidan ikkinchi uchigacha bo‘lgan masofa 2450 km ni tashkil etadi. Devor ustki qismining kengligi yo‘l sifatida harbiylar uchun qulaylikni oshiradi. 5 qator bo‘lib saf tortgan xarbiylar unda bemalol harakatlanishlari mumkin.
0 изоҳ