топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Muhammad Yusufni xotirlab

Шоҳ ва шоир
Andijon davlat tibbiyot institutida sevimli shoirimiz Muhammad Yusufning hayot yo’li va ijodiy faoliyatiga bag’ishlangan adabiy-badiiy kecha bo’lib o’tdi. 
Men dunyoni nima qildim,
O’zing yorug’ jahonim,
O’zim hoqon, O’zim sulton,
Sen taxti Sulaymonim,
Yolg’izim,
Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O’zing mening ulug’lardan
Ulug’imsan Vatanim


 Ushbu ko’ngilga yaqin satrlar muallifi O’zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf barchamizga birdek tanish, birdek qadrdon…
Shoirning “Tanish teraklar”, “Bulbulga bir gapim bor”, “Iltijo”, “Uyqudagi qiz”, “Halima enam allalari”, “Ishq kemasi”, “Ko’nglimda bir yor”, “Bevafo ko’p ekan dunyoda”, “Yolg’onchi yor”, “Erka kiyik”, “Osmonimga olib ketaman”, “Ulug’imsan, vatanim” kabi she’riy kitoblari  xalqimiz qalbidan o’rin olgan.
 Shu kunlarda  shoir Muhammad Yusuf tavalludining  63 yilligi  mamlakatimizda  keng nishonlanmoqda.
     Andijon davlat tibbiyot institutida ham   sevimli shoirning hayot yo’li va ijodiy faoliyatiga bag’ishlangan adabiy-badiiy kecha bo’lib o’tdi. Tadbirni institut ma’naviyat-marifat va iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo’limi boshlig’i A.Abduhalimov ochdi. Shundan so’ng, tillar, pedagogika va psixologiya kafedrasi o’qituvchilari Muhammad Yusuf hayoti va ijodiga bag’ishlangan  taqdimot ma’ruzasi qildilar. Talabalar tomonidan  ona Vatanni, mehr-muhabbatni madh etuvchi she’rlar aytildi, dilrabo qo’shiqlar ijro etildi.


     Shoir bugun oramizda yo’q. Ammo, farzandlari va yaqinlari xotirasida yaxshi ishlari, xokisorligi bilan muxlislari tasavvurida yig’latadigan, o’ylatadigan, ezgulikka yetaklaydigan she’ru qo’shiqlari bilan yashab qoladi.
 
Ko’ringanni duolar
Qilar bizda momolar.
G’animga ham omonlik
Tilar bizda momolar.
Momolar har joyda bor,
Bizda bori qayda bor?
 
Bizning bo’ston qayda bor,
Shohimardon qayda bor,
So’lim Surxon qayda bor,
Samarqand non qayda bor-a,
O’zbekiston qayda bor?
       Tadbir so’ngida shoir qalamiga mansub mashhur-O’zbekiston yoshlari madhiyasi institut talabalari tomonidan ijro etildi.
       Oq yo’rgakka o’ragansan o’zing bizni,
       Oq yuvib, oq taragansan o’zing bizni,
        Beshigimiz uzra bedor ona bo’lib
        Kunimizga yaragansan o’zing bizni,
        Fidoying bo’lgaymiz seni, O’zbekiston!
        Hech kimga bermaymiz seni, O’zbekiston!   
Shuningdek, ADTI vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti tomonidan hamyurtimiz, O’zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 63 yilligiga bag’ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirni fakultet katta  o’qituvchisi Jabborali Xudoyberdiev ochib, shoir haqida o’zining samimiy fikrlarini bildirdi. Shundan so’ng, malaka oshirish kurslarida tahsil olayotgan vodiylik  kursantlar sevimli shoirimizning o’lmas satrlaridan yod o’qib, barchani xushnud etdilar. Kursantlar orasida shoirni ko’rgan va birga umrguzaronlik qilgan do’sti  Zuhriddin Ismoilov va yaqinlari shoir haqidagi xotiralari bilan o’rtoqlashdilar.

      Tadbirda shoirning eng sara va diltortar she’rlari bilan aytiluvchi qo’shiqlar yangradi, she’rlar o’qildi. So’zlarida sehri bor, ona, Vatan va  muhabbat haqidagi  she’rlari tomirlarimizda jo’sh urgan qon kabi oqib turguvchi  shoir so’zlari hamisha qalbimizda, yuragimizda!     

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.