топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Matbuot anjumani: yuksak salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash va kadrlar siyosati – shu kunning mavzusi

Andijon davlat universiteti

2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalishi bir qator sohalar qatori o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 aprelda qabul qilingan “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ta’lim muassasalari oldiga bir qator dolzarb vazifalarni qo‘ydi. Andijon davlat universitetining kichik majlislar zalida o‘tkazilgan “Yuksak salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash va kadrlar siyosati – shu kunning mavzusi” matbuot anjumanida mazkur masalalar muhokama qilindi. Matbuot anjumanida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari savollariga Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari rektor, prorektorlari, bo‘lim boshliqlari va matbuot kotiblari javob berdilar.

Matbuot anjumanida “Xalq so‘zi”, “Andijonnoma”, “Andijanskaya pravda”, “Andijon yoshlari”, “Qishloq oqshomi”, “Xolis”, “Oydin hayot”, “Tibbiyot gulshani” gazetalari, “Mahorat oynasi”, “Vodiynoma” jurnallari, Andijon viloyati televideniesi muharrirlari va jurnalistlari ishtirok etdilar.
Matbuot anjumanini Andijon davlat universiteti rektori, professor Akramjon Yuldashev kirish so‘zi bilan ochib berdi va olib bordi. Notiq o‘z so‘zida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, soha tarqqiyoti uchun qabul qilinayotgan hukumat qarorlarining mazmun-mohiyati va oliy ta’lim tizimi olda turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Anjumanda dastavval so‘z olgan “Vodiynoma” jurnali bosh muharriri, Andijon davlat universiteti professori Rustambek Shamsutdinov oliy ta’lim tizimida erishilayotgan yutuqlar, professor-o‘qituvchilarni o‘ylantirayotgan muammolar, malakali mutaxassislar tayyorlash borasida e’tibor qaratish zarur chora-tadbirlar, ommaviy axborot vositalarida oliy ta’lim tizimi xususida berilayotgan materiallardagi mavjud kamchiliklar, oliy ta’lim muassasalari va OAVlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari 2017/2018 o‘quv yilida talabalarni qabul qilish tartibi, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimidagi islohotlar, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashning bugungi kundagi ahvoli haqida qator savollar berdilar.
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori v.b. Madaminjon Madazimov jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, 2017 yil 5 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’limni isloh qilishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi, bu boradagi yangiliklar xususida batafsil so‘zlab berdi.

Andijon mashinasozlik instituti rektori O‘ktamjon Salimov oliy ta’lim samaradorligini oshirish, bu borada zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan foydalanishning afzalligi, institutda xorijiy tajriba asosida qilinayotgan ishlar, kadrlar siyosatini amalga oshirishda qo‘llanilayotgan ilg‘or usullar haqida gapirib o‘tdi.
Andijon qishloq xo‘jaligi instituti rektori Abduaziz Abduvasiqov chet davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik ishlarining borishi, o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yilgan xalqaro tashkilotlar, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikning borishi haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, jurnalistlar Harakatlar strategiyasi doirasida talabalarga imtiyozli kreditlarni ajratish jarayoni, bu boradagi imtiyozlar haqida so‘rashdi. Andijon qishloq xo‘jalik instituti rektori A. Abduvasiqov joriy yilda mamlakatimiz bo‘yicha talabalarga 60 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ miqdorida imtiyozli asoslarda kredit ajratish rejalashtirilayotgani, bu borada institutda ham tadbirkorlik layoqatiga ega talabalar bilan ish tashkil etilayotganini qayd etib o‘tdi.

“Tibbiyot gulshani” gazetasi muharriri Ra’noxon Hayitboeva Andijon davlat tibbiyot instituti rektori v.b. M.Madazimovga murojaat qilib, bu yilgi maqsadli qabul kvotasi haqida ma’lumot berishni so‘radi. 2017/2018 o‘quv yili uchun jami 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 255 nafar talaba viloyatlar kesimida maqsadli qabul qilinishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, viloyat oliy ta’lim muassasalari rektorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 maydagi “2017/2018 yillarda oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Qayd etib o‘tildiki, 2017/2018 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalariga to‘lov — kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori ta’lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, anjuman yakunida Andijon viloyati Matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ulom Sultonov so‘z olib, oliy ta’lim tizimi matbuot kotiblari ish faoliyatini muvofiqlashtirish, muassislik asosida chop etilayotgan matbuot nashrlari moddiy-texnik bazasini mustaxkamlash, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari xususida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Anjuman ishtirokchilari oliy ta’lim muassasalari bilan ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish hayotiy zaruratga aylanib qolgani, oliy ta’lim muassasalari vakillarining chiqishlarini yanada ko‘paytirish muhim vazifa ekani, bu boradagi hamkorlik yaxshi natija berishini e’tiborga olib, bunday anjumanlarni ko‘proq o‘tkazishga kelishib oldilar.
 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.