топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Mening bobom va buvim mahallamiz faxri

"9-май Хотира ва қадрлаш куни"
Жамият
                             Mening bobom va buvim-mahallamiz faxri
                                                    Reja:
1.Og’ir o’tmishimiz tirik guvohlari.
2.Bir so’zda-bir olam ma’no.
3.E’zoz qilgan e’zoz topadi.
                                              “Ma’lumki, o’zlikni anglash milliy ong va tafakkurning ifodasi,
                                                avlodlar o’rtasidagi ruhiy – ma’naviy bog’liqlik orqali namoyon
                                                bo’ladi”.
                                                                                                             (Islom Karimov)
       “Bir bor ekan, bir yo’q ekan “, bu so’zlarni eshitganimizda qalblari ezgu umidlarga to’la bobo-yu buvijonlarimiz yodimizga tushadi. Ular bizga ko’plab rivoyatlar, ertaklar va hikoyalar aytib berishadi. Bobo-yu buvilarimiz aytgan ertaklaridan o’tmishimiz ko’z o’ngimizda gavdalanadi.
        Men Qarshi shahridagi Alisher Navoiy mahallasida yashayman. Mahallamiz obod. Mustaqil O’zbekistonimiz ko’rkiga ko’rk, chiroyga chiroy qo’shib turuvchi mahallalardan biri. Mahallamizda o’nlab yoshlari to’qson bilan to’qnashib, yuz bilan yuzlashishga chog’langan nuroniy otaxon-u, munis onaxonlarimiz istiqomat qiladilar. Ularning oralarida mening ham buvijonim va bobojonim borlar. “Qarisi bor uyning pari bor” deganlaridek, mahallamiz fayzga to’la. Chunki mahalla odamlariga pand-u nasihat qilib turuvchi qariyalarimiz bor. Masalan, mening bobom va buvim o’z yaqinlariga hamda o’zi bilagan xalqning qalbiga shukronalik hissini singdirish uchun astoydil bel bog’laganlar. Bobomning aytishlariga qaraganda, ularning yoshlik davrlari biznikidek tinch va osoyishta o’tmagan ekan. Biz tengi bola bo’lganlaridanoq qo’llari mehnatdan chiqmay timay ishlagan, oilalarini g’amini yegan ekanlar. Chunki bobomning bolalik yillari ikkinchi jahon urush yillariga to’g’ri kelgan ekan. Bobomning yuzlaridagi ajinlar boshlaridan qanchadan-qancha qiyinchiliklar o’tganidan dalolat berib turadi.
       “Og’ir yillar edi. O’sha paytda qish juda qattiq kelgan edi. Ba’zi xonadonlarning qozoni arang qaynasa, ba’zilariniki umuman  qaynamasdi. Ko’chaga bir burda non topish maqsadida chiqar, boylarning uyida cho’rilik qilar edik. Ular esa bir tiyin bergisi kelsa berar yoki, arzimagan narsaga bahona topib, mehnatimiz uchun haq to’lamas edi. Oilada to’ng’ich farzand bo’lganim sababli, otam urushga ketganligi sababli butun oilamizni boqishdek og’ir yuk meni yelkamga tushdi. To’qqiz nafar edik. Uchta ukam va to’rtta singlim bor edi. Bir amallab kun kechirar edik. Otam urushga ketganidan bir yarim yil o’tib, undan qora xat keldi. Yashashimiz yanada og’rlashdi. Otamga qarashli bir parchagina yerni ham hukumat tortib oldi. Qattiq kelgan qish bizni bir singlim va onamdan ayirdi. Bu ishlardan so’ng qanchalik hayotdan to’ygan bo’lmaylik baribir yashashga majbur edik. Chunki o’z mustaqilligimizni qo’lga kiritish maqsadida chin dildan harakat qilar edik, o’qib o’rganar edik. 1960-1965-yillarga kelib yashash sharoiti qisman yaxshilandi. Shunday bo’lsada bizni kamsitishlari yuragimizni tilka — pora qilar edi. Lekin, men ulg’aygan edim qo’limda ishim bor edi. Mendan keyingi ukam tadbirkorlik yo’lini tanladi. Uning ishlari yurishgandan yurishib ketdi, lekin birdan… Bo’yniga ne-ne tuhmatlarni yuklab 1967-yil 17-dekabr kuni uni qamoqqa olishdi. Garchi, singillarim turmushga chiqqan bo’lsada bizning eski uyimizga tez-tez kelib, holimizdan habar olishardi. Ukam qamalgach oradan bir oy o’tdi. 27-yanvar kuni ukam qamoq azoblariga dosh bera olmay, olamdan otgani haqidagi shum xabar keldi. Bu esa yuragimga yana bir bor tikan sanchdi. Oradan yillar o’tdi… Xalqimiz o’z o’zbek tilimizda bemalol so’zlashadigan bo’ldi. Mustaqillik… Undan keyingi qilingan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar haqida qancha gapirsam shuncha oz. Bolalarim sizlar bu imkoniyatlardan to’g’ri foydalaning! O’sha davrning qiyinchiliklari hech kimning boshida tushmasin”- deb ko’zlariga yosh oladilar bobojonim. Bu qilgan nasihatlari boshdan kechirganlarini bilish biz uchun foydali. Zero, ular xalqimiz boshidan o’tkazgan ishlarning tirik guvohlari.                  
                                        Og’ir kunlaringiz orqada qoldi,
                                         Mana qora kunlar bugun yo’qoldi
                                         Farzandlar qo’llaridan ishingiz oldi
                                        Loyiqdir siz uchun nihol eksalar
                                        E’zoz ehtiromga loyiq keksalar.
       Buvijonim pedagog o’qituvchi bo’lganlar. Hozirda barcha qariyalar qatori nafaqadalar. Olgan nafaqalarini deyarli hammasini bizga kitob sovg’a qilish-u, kitob olib berish uchun sarf etadilar. Buvimning oldilarida bo’lsam kitob o’qishning xojati ham yo’q. Negaki, buvimning har bitta aytgan so’zlaridan bir olam ibrat-u, ilm bor. Ayniqsa, ularning aytgan ertaklari juda qiziqarli. Mahallamiz bolalari ularni ertakchi buvi deb atashadi. Yaqinda buvim bizga bir hikoya so’zlab berdilar:
      “Nosir degan bola shirinlikni juda yaxshi ko’radi. Kattalardan birortasi ish buyursa: “- Qand bersangiz qilaman”,- deb javob beradi. Qand bermasangiz ish qilmaydi. Bir kuni Nosirjonning buvisi to’satdan kasal bo’lib qoldi.
       Nosirjonning dadasi bilan oyisi ishda bo’lganligi sababli qo’shnilar darrov shifokor chaqirib kelishdi.
       Shifokor bemorga har xil dorilar yozib berdi:
-          Qoningiz kamayib ketibdi, ko’proq shirinlik yeng, -deb tayinlab ketdi.
 Kechga yaqin tushakda yotgan buvisining qorni ochdi. U stol ustida turgan termosni olib piyolaga choy quydi. Keyin, rasmli kitob o’qib o’tirgan nabirasiga qaradi:
-          Nosirjon, qanddonni olib kelib bergin, choy ichmoqchiman, — dedi.
-          Qand bersangiz olib kelib beraman, — dedi. Nosirjon odati bo’yicha.
-          Mayli, bolam, beraman, beraman, — dedi buvisi .
 Nosirjon qanddonni buvisiga olib borib berdi. Buvisi qanddonni ochsa, ichida bittagina qand qolgan ekan, olib Nosirjonga berdi. Nosirjon qandni og’ziga soldi-da, parvoyi-falak o’tirib, yana rasmli kitobchasini varaqlay boshladi. Bu esa uning o’zidan kattalarga bo’lgan xurmati yo’qligini ko’rsatib berdi.“
      Shu yoki shunga o’xshash ibratli hikoya-yu rivoyatlari bilan bizlarni xushnud qiluvchi buvijonim deyarli mahallamizdagi ko’plab odamlarni xat-savodini chiqarganlar. Mahallamiz odamlari ular bilan doimo faxrlanib yurishadi. Bundan tashqari buvijonim mahallamizning faol fuqarolardan birilar. Ular mahallamizning obodonlashtirish ishlariga mas’ullar. Munis buvijonim biz yoshlarni yig’ib, mahallamizni ko’kalamzorlashtirish maqsadida ko’chalarga turli ko’chatlar va gullar ektirganlar. Men buvijonimni juda yaxshi ko’raman. Ularning har bir aytgan so’zlarini qulog’imga ilib olishga harakat qilaman. Chunki buvijonimning bir bor aytgan sodda so’zlarida olam-olam ma’no bor.
                                      Lablardan so’z emas bollar tomadi
                                      Qalblarga g’urur va shu’ur soladi
                                       “-Ilohim xalqimning kelsin omadi”
                                       Degan duolarga unvon bersalar,
                                       E’zoz ehtiromga loyiq keksalar.
       Oila tinch bo’lgan yurtda farovonlik, rivojlanish bo’ladi. Xalqimiz orasida qo’llari duoga ochiq keksalarimiz bor ekanlar yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’ladi. Chunki ularning qilgan ezgu tilaklari doimo ijobat bo’ladi. Shunday ekan keksalarga hurmat ko’rsatish barchamiz uchun ezgu insoniy fazilat hamda burch hisoblanadi. Shu sabab 2015-yil yurtboshimiz tomonidan “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilindi. Joriy yilda keksalarga e’zoz ehtirom ko’rsatish, ularni asrab avaylash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, 2015-yilda “Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi qabul qilindi. Ushbu yilda front ortida hizmat qilgan bobo-yu buvijonlarimizni moddiy va ma’naviy tomondan rag’batlantirdilar. Ularning qilgan mehnatlari munosib taqdirlandi.
  Shu o’rinda shior Hisravning “Keksalarni e’zozla – suyangan tog’ing, buni tushunarsan qarigan chog’ing” degan hikmatli so’zlari yodimizga tushadi. Zero, men shunday oq ko’ngil va ezgu insonlarning avlodi ekanligimdan faxrlanaman.
                                       Qachonlardir bizdek edilar,
                                        Elning, yurtning g’amin yedilar
                                        Neki balo ko’krak kerdilar,
                                       Har bir tongni savobdan boshlang
                                       Keksalarni e’zozlab yashang.
      Yosh avlodni yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalash, ularning qalbiga mehr-oqibat, insoniy fazilatlar va yana bir qator ezgu xislatlarni singdirishda qariyalarimizning hissalari katta. Ularning yoshiga yetib, ular kabi fozil insonlar bo’lib yetishish barchamizga nasib etsin!
                                       Har kimning ham sochlariga oq tushsin
                                       Ajin tushsin, yuzlariga dog’ tushsin.
                                       Har kimning ham quvvat ketib belidan
                                       Qo’llariga aso bir tayoq tushsin!
                                                                                                (Muhammad Yusuf)
   Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar 29-umumiy o’rta ta’lim maktab 7-“A” sinf o’quvchisi Eshdavlatova Muxlisabonu Baxodir qizi

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.