топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

Yangi tarixiy doston janrining shakllanish jarayoni

Блог им. shoxsanam-jspi

XX asr o‘zbek xalq dostonchiligida yangi bir adabiy pog‘onaga ko‘tarilish davri bo‘ldi. Bu yangilanish XIX asrdagi an’anaviy xalq dostonchiligining poetik jihatdan yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan davrini saqlab qolish va davom ettirish bilangina cheklanib qolmay, davrning murakkab va chigal, shiddatli davriga o‘z munosabatlarini bildirishlari, barqaror epik an’analardan chekinmagan holda yangi badiiy shakl va mazmundagi asarlar yaratish bilan ham xarakterlidir. O‘z davrining dongdor baxshi-shoirlari – Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkan, Islom shoir Nazar o‘g‘li repertuarlarida folklorshunoslik fanida yangi tarixiy deb nomlangan janrdagi epik asarlar paydo bo‘la boshladi.



         O‘tgan asrning 20-30-yillarida xalq og‘zaki ijodiga qiziqish kuchayib, ularni yozib olishga alohida e’tibor berildi. Chunki adabiyotning sho‘rolar mafkurasiga xizmat qilishi qat’iy nazorat ostiga olingan edi. “Shuning uchun ham 30-yillarning boshlarida adabiyotning siyosatlashganidan bezovta bo‘lgan ilm va ijod ahli jamiyat e’tiborini xalq og‘zaki ijodini o‘rganishga qaratdi” (Karimov N. Hamid Olimjon. Ma’rifiy-biografik roman, T.: Sharq, 2013, 132-bet). Birgina 1934-yilda o‘sha davrning eng e’tiborli gazetalaridan biri “Literatura sredney Azii”da “Folklorga e’tibor” deb nomlangan bosh maqola, Hodi Zarifning “Og‘zaki adabiyot haqida ba’zi qaydlar”, Hasan Po‘latning “Folklorni kabinetdan topa olmaysan”, Husayn Shamsning “Oltin jamg‘arma” kabi qator maqolalari chop etildi. Yozuvchilar va shoirlar xalq ertaklari, rivoyatlari syujeti asosida asarlar yaratishga kirishdi. Davrning yetakchi baxshi-shoirlari Fozil shoir, Ergash shoir, Po‘lkan shoir, Islom shoir, Abdulla Nurali o‘g‘illariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tavsiyasi bilan kotiblar biriktirilib qo‘yildi.  Ular baxshi-shoirlardan asrlar davomida badiiy jihatdan sayqallangan an’anaviy terma va dostonlar yozib olish bilan bir qatorda, ularni davr mafkurasiga mos tushadigan sho‘rolar siyosatini targ‘ib qiladigan, ularning rahbarlari “dohiy” va “dohiycha”larni ulug‘laydigan yangi doston va termalar aytishga undadilar.


 


         Badiiy ijodni shakllantirish, mafkuraga xizmat qilishga bo‘ysundirish xalq baxshi-shoirlarining repertuariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Qisqa davr ichida Fozil shoirning “Mamatkarim polvon”, “Ochil dov”, “Jizzax qo‘zg‘oloni”, Islom shoirning “Baxtiyor avlodlarga”, Xolyor Abdukarim o‘g‘lining “Dastagul”, “Amir qochdi”, Po‘lkan shoirning “Mardikor” kabi o‘nlab dostonlari yaratildi va yozib olindi. Davlat siyosatidan uzoq bo‘lgan, xat-savodi bo‘lmagan, markaziy shaharlardan uzoqdagi qishloqlarda yashab, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga unchalik ham qiziqmagan baxshi-shoirga kotiblarning ta’siri kuchli bo‘lishi shubhasiz edi. Shu sababli yuqorida nomlari tilga olingan asarlarda davr mafkurasi yaqqol ufurib turadi. Lekin bu dostonlar og‘zaki ijodga xos an’anaviylik, yuksak badiiylik, xalqona donishmandlikdan chekkada bo‘lmaganligi, ma’lum bir davr folklor jarayonini o‘rganish uchun adabiy manbaligi, baxshi-shoirlar quvvayi hofizasini, badihago‘yligini, individual badiiy mahoratini belgilovchi asos ekanligi sababli bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shu sababli folklorshunoslik fanida yangi tarixiy dostonlar xalq dostonlarining ichki turi sifatida alohida o‘rganiladi (Imomov K. va boshqalar. O’zbek xalq og’zaki poetik ijodi. Toshkent, 1989-y. 41-46-betlar).


 


         Xalq baxshi-shoirlari yangi tarixiy doston yaratar ekan, eng avvalo, vorisiylikka asoslanadi (Mirzayev T. Xalq baxshilarining epik repertuari. T.: 1983-y. 125-bet). O‘z ustozlarining epik repertuarlari eng yaxshi xalqchil asarlarini o‘zlashtirib olish bilan bir qatorda ularning ijrochilik va ijodkorlik mahoratlarini, do‘mbira chertish uslublarini, insoniy fazilatlarini ham o‘zlari uchun meros qilib oladi. Bu hol ularning xalq orasida o‘z tinglovchilarini topishga, yangi tarixiy dostonlarning xalq orasiga singib ketishiga, o‘z repertuarlarida mustahkam o‘rin egallashlariga asos bo‘lib xizmat qiladi.


 


         Yangi tarixiy dostonlarning syujetini baxshilarning ko‘rgan-bilganlari, eshitganlari va o‘z boshlaridan kechirganlari tashkil qiladi. Fozil shoirning “Mamatkarim polvon”, “Ochildov”, “Jizzax qo‘zg‘oloni” dostonlari shoirning quvvai hofizasiga, xotirasiga tayangan holda yaratilgan yangi tarixiy dostonlarning eng yaxshi namunalaridir. Ularda tasvirlangan voqea-hodisalar ham XX asr boshlaridagi o‘zbek xalqi hayotidan olingan. Bu dostonlardagi voqealarni bir tizimga solish, tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirish, obrazlar silsilasini badiiy niyatga bo‘ysundirish, kompozitsion yaxlitlikni ta’minlash, badiiy uslub va badiiy tasvir vositalaridan foydalanish kabilar baxshi-shoir mahorati bilan bog‘liq.


 


         “Mamatkarim polvon”, “Ochildov”, “Jizzax qo‘zg‘oloni” dostonlari qahramonlari o‘z prototiplariga ega. Mamatkarim ham, Ochildov ham tarixiy shaxslar. Mamatkarim polvon Jomboy tumanida tug‘ilib, polvon sifatida Samarqand vohasida dovruq qozongan. Jo‘mardligi, kambag‘alga qayishishi, elparvarligi bilan el nazariga tushgan. Hayot yo‘li ham, ijtimoiy kelib chiqishi ham sho‘rolar siyosatiga mos kelishi sababli bu doston sho‘rolar davrida qayta-qayta nashr etildi. “Ochildov” dostonining ham qahramoni Jomboy tumanida tug‘ilgan. Ochildov sho‘rolar siyosatiga qarshi kurashgan milliy qahramon bo‘lsa-da, doston yaratilgan davrda “bosmachilarning qo‘rboshisi” bo’lgan. Shuning uchun dostonda uning salbiy qiyofasi asar markaziga olib chiqilsa ham, vaqt-vaqti bilan beixtiyor ehtimol soddalik, ehtimol ijodiy ehtirosga berilib unga nisbatan samimiyatini bildirib qo‘yadi.


 


         Xullas, yangi tarixiy dostonlar XX asrda yaratilgan bo‘lib, muayyan tarixiy jarayon yoki tarixiy shaxslar hayoti bilan bog‘liq. Bu dostonlar aniq bir baxshi-shoir tomonidan yaratilgani uchun va muallifi aniq bo‘lgani uchun boshqa shoirlar repertuariga “ko‘chib” o‘tmagan va ustozdan shogirdga ham an’anaviylik doirasida o‘tmaydi.


 


A.Tursunqulov,


f.f.n.(JDPI)


F.Haydarova,


magistr (JDPI)


 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.