топик, блог, фотосет ёки йўналтиргич яратиш

“O’tkan kunlar”imiz haqida o‘ylar

Блог им. shoxsanam-jspi

O‘tgan asrning adabiyot, ma’naviyat olamidagi eng muhim voqealaridan biri shubhasiz, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining yaratilishidir. Ushbu asar yaratilgach uning mavzusi, muammosi orasidagi bahslar qizg‘in tus oldi. Yozuvchi bu asarida Chor Rossiyasi bosqini arafasida Turkistondagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy hayotni tasvirlash bilan bir qatorda o‘zbek xalqining mentaliteti, qadriyatlari, urf-odatlari va orzu-intilishlarini ham yoritib bergan.



         Bu asrni o‘qir ekanmiz, ajoyib sevgi qissasining fojeiy yechim topganidan qattiq mutaassir bo‘lamiz. Ko‘pgina adbiyotshunoslar ushbu roman haqida yozganlarida  asar g‘oyasi,  syujeti, til xususiyatlari, xullas, asar poetikasiga baho beradilar; o‘z vazifalaridan kelib chiqib, yozuvchi mahoratining, “O‘tkan kunlar” badiiyatining sarbaland nuqtalarini kashf etadilar.


 


         Ammo oddiy kitobxon hamma vaqt o‘zi bilib-bilmay sevib qolgan Kumushbibining o‘limi aybdorini qidiraveradi. Bunda kimdir Zaynabni, kimdir kelinligining dastlabki kunlaridanoq Kumushni Toshkentga  jo‘natmagan ota-onani, yana kimdir esa ikki o‘t orasida qolgan Otabekni ayblashga  harakat qiladi.


 


         Abdulla Qodiriydagi tasvir mahorati ilohiy iste’dod kuchi shunda ko‘rinadiki, o‘quvchi Kumushbibi o‘limining  asl aybdori sifatida  aynan bir kishini ko‘rsatolmaydi.


 


         Garchi qotillik to‘g‘ridan to‘g‘ri Zaynabning qo‘li bilan amalga oshirilgan bo‘lsa-da, mulohazakor, andishali kitobxon ko‘ra-bila turib ayollik baxtidan mahrum etilgan  bu bechorani ham gunohning quloqboshida ko‘rolmaydi, beixtiyor Otabekning so‘zlari yodiga keladi: “…bir bechoraga ko‘ra-bila  turib jabr ham xiyonat”.


 


         Adabiyotshunos olim Matyoqub Qo‘shjonov Zaynabning aqlini kiritgan Xushro‘ybibini nazarda tutib, “Bu yerda ikki obraz (ya’ni Zaynab va Xushro‘y)  birligi yakka badiiy maqsadga bo‘ysindirilayotir, bir obraz orqali bajarilishi qiyin bo‘lgan badiiy maqsad ikki obraz orqali amalga oshayotir”, (Qo‘shjonov  M. Abdulla qodiriyning tasvirlash san’ati (“O‘tkan kunlar misolida), T.: “Oqituvchi”  1966,  73-b), — deydi.


 


         Olimimizning bu fikrlariga sabab bo‘lgan sahnani eslaydigan bo‘lsak, garchi Xushro‘ybibi bor qattolligi bilan o‘quvchi ko‘z o‘ngida o‘zini fosh qilsa ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri Zaynabni qotillikka undamaydi, axir shuncha shafqatsiz bo‘lsa-da o‘z vaqtida kundoshidan qutilishda  Xushro‘ybibining o‘zi ham so‘nggi chora deb, odam o‘ldirishni tanlamagan edi-ku.


 


         Bas shunday ekan, Kumushning o‘limida Xushro‘ybibini ham asosiy aybdor deb bo‘lmaydi.


 


         Unda tishining kovagida asrab katta qilgan, yolg‘izi, jon-u jahonini yuzlarcha chaqirim uzoqdagi Toshkentga jo‘natmagan Oftoboyim yoki uning iltijolarini tushunishga harakat qilgan Mirzakarim qutidor aybdormi. Ne-ne  umidlar bilan o‘g‘il o‘stirgan, oq yuvib, oq taragan, butun Toshkent havas qiladigan qarchig‘aydek yigit bo‘lib bo‘y yetganda, Marg‘ilonda o‘z xohishiga ko‘ra uylanganini-yu, yana buning ustiga kelin Toshkentga kelolmasligi xabarini eshitib, kun sari bag‘ridan uzoqlashayotgan Otabekni qaytarib qolish uchun o‘zicha tadbir qo‘llagan O‘zbek oyim aybdormi yoki ayolining orzu havasi bilan hisoblashishga majbur bo‘lgan Yusufbek hoji aybdormi?


 


         Axir, ko‘zining oq-u qorasi, umidi, kelajagi, kelin olsam, nabira ko‘rsam, yolg‘izimning o‘g‘il-qizlari ko‘p bo‘lsa, o‘zidan ko‘paysa, uyim to‘lsa deya orzulangan O‘zbek oyimni qaysi toshyurak o‘quvchi gunohning boshiga qo‘ya oladi.


 


         Yoki asar boshidanoq bir nikohlilik tarafdori bo‘lib bizga tanilgan, oila-nikoh masalalarida har ikki taraf – yigit va qizning birdek xohish-irodasini yoqlagan Otabekning eng so‘nggi damgacha Kumushbibiga sadoqat saqlagani, kundoshlik iztirobi, alami, rashkning jonqaqshatar og‘rig‘ini zo‘rg‘a yengib,  “men sizga ishonaman”, — deya nurlanib turgan Kumushning sevgisiga sadoqat saqlaganimi,  aybi Otabekning, o‘z ko‘ngliga, o‘zligiga qarshi borolmaganimi?!


Biz yomonlikni, razillikni hayotni izdan chiqaradigan olamga, borliqqa nifoq urug‘ini sochadigan vayronkor kuch deymiz. “O‘tkan kunlar”da shunday vayronkor kuch sohibi Homid va uning hamtovoqlari amallari va amollariga yarasha jazo oldilar.


 


         Biz ushbu maqolada “O‘tkan kunlar” qahramonlarining nekbin tuyg‘ulari, insoniy orzu-havaslari, zarofatli qalblariga nazar soldik.


 


Qanday qilib bu ezgu hislar, ezgu tuyg‘ular ortida fojia qad rostladi.


 


Chuqurroq o‘ylasak, Kumushbibining fojiasiga uning atrofidagilarining mehrlari sabab bo‘lib qolmadimi?!


 


Aql bilan boshqarilmagan mehr, ezgu tuyg‘ular ham ba’zan insoniy fojialarga sabab bo‘lishini unutmasligimiz lozimmikan, deb o‘ylanib qolamiz.


 


         Inson borki, o‘z yaqinlaridan uzoq-ayro tushgisi kelmaydi.


 


Sog‘inch iztirobining yuki og‘ir. Odamlar bu yukni gardanlariga osonlik bilan olishni xohlamaydilar.


 


         Oftoboyim ham o‘z vaqtida Otabekday yigitni kuyov qilishni istadi-yu, lekin yolg‘iz qiz farzandni Toshkentga jo‘natib, sog‘inch iztirobining zalvorini yelkasiga olishni istamadi. Balki Oftoboyimning bu ko‘ngil xohishi onaning farzandiga cheksiz mehr-muhabbati bo‘lib ko‘rinar, ammo qiz bolaning “palaxmon toshlik” qismatini (Ollohning ravo ko‘rgani) inkor qilmoqchi bo‘lgan Oftoboyim Kumushbibining sovuq yer bag‘rida yotishiga ham bora-bora ko‘nikdiku.


 


         Ha, bandasining ko‘ngil xohishlari mehr qiyofasida ko‘rinadimi, muhabbat, sevgi qiyofasida olovlanadimi, sadoqat deya baholanadimi andisha, tushunish, ayash deya silliqlanadimi, agar bu tuyg‘ular sabab ming yillarcha dunyoni muvozanatda tutib turgan qoidalarga, odatlarga dahl etilsa, baxtsizliklar, fojialar yuz beraveradi, Kumushlar zaharlanaveradilar, Zaynablar aqldan ozadilar, Otabeklar yo‘qlik sari yuz buraveradilar.


 


         “O‘tkan kunlar”dan chiqadigan yana bir saboq shu, fikrimizcha.


Gulbahor Qurbonova


O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish uslubiyati


kafedrasi  kabinet  mudiri  (JDPI)


Abdumannon Hasanov


talaba (JDPI)


 

0 изоҳ

Рўйхатдан ўтганлар ва тасдиқланганларгина изоҳ қолдиришлари мумкин.